Jahon adabiyoti durdonalari: oʻzbek tiliga tarjima qilish va chop etishdagi yutuqlar, muammolar va istiqboldagi rejalar

0
616
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Jahon adabiyoti durdonalari: oʻzbek tiliga tarjima qilish va chop etishdagi yutuqlar, muammolar va istiqboldagi rejalar” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.

“Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi qoshida jamoatchilik asosida “Tarjima va targʻibot markazi” tashkil etish rejalashtirilgan, yuqori malaka va tajribaga ega tarjimonlar guruhi hozirda shakllantirilmoqda, – dedi Uyushma raisi, Xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Markaz faollari jahon va qardosh tillardan oʻzbek tiliga, oʻzbek tilidan jahon va qardosh tillariga tarjima qilish bilan shugʻullanadi. Markazning tarkibi, ishlash tartibi va rejalari mart oyida ishlab chiqiladi”.

Markaz, shuningdek, tarjimonlar mehnatiga munosib haq toʻlash, tarjima ishlari uchun oldindan qisman toʻlovlar tartibini joriy etishni muvofiqlashtiradi.

Tadbirda badiiy va ilmiy asarlarni oʻzbek tiliga tarjima qilishda mualliflik huquqi himoya qilinishi yuzasidan fikrlar bildirildi.

“Bugungi kunda Oʻzbekistonda oʻzbek va jahon adabiyotini chop etish hamda mualliflarga haq toʻlashda koʻplab qonunbuzilish holatlari mavjud, – dedi Intellektual mulk agentligi qoshidagi oʻquv markazi direktori oʻrinbosari Vohidjon Allayorov. – Masalan, mamlakatimizdagi oliy taʼlim muassasalarida shunaqa topshiriqlar boʻlar ekan: oʻqituvchilarning qoʻliga rus tilidagi kitob beriladi hamda “Shuni tarjima qilasan va oʻzingning nomingdan chop etasan”, deyishadi. Oʻqituvchi internetdan kitobning elektron variantini koʻchirib oladi va tarjimonlarga pul toʻlab, oʻzbek tiliga oʻgiradi, keyin oʻzining nomidan chop ettiradi. Bu bir tomondan – juda kulguli va ayanchli holat, ikkinchi tomondan – qonunning qoʻpol ravishda buzilishi”.

Intellektual mulk agentligi mutasaddilarining bildirishicha, asarni yozgan shaxs hayot boʻlsa yoki uning vafotiga hali 50 yil toʻlmagan boʻlsa, muallifdan yoki uning vorisidan rozilik olinishi shart.

“Internet kutubxonalar, maʼrifiy yoʻnalishda faoliyat olib boradigan saytlarga joylashtirilayotgan asarlar haqida ham xuddi shu fikrni aytish mumkin, – dedi Vohidjon Allayorov. – Biror bir portalga asarni joylashtirish uchun intelektual mulk egasi (asar muallifi yoki tarjimon) roziligi olinishi lozim. Aks holda bu nafaqat maʼmuriy, balki jinoiy javobgarlikka ham asos boʻlishi mumkin”.

Yozuvchilar uyushmasi qoshidagi “Ijod” jamoat fondi direktori Sherzod Irzoyev ijodkorlar uchun belgilangan qalam haqi miqdori kam ekanini tan oldi.

«Albatta, bugun qalam haqi uchun muayyan stavkalar belgilangan, – dedi Sherzod Irzoyev. – Stavkalarni belgilashda oʻzim ham qatnashganman. Qalam haqi miqdori kamroq, lekin uni koʻpaytirsak, kitoblarning tan narxi oshib ketadi”.

Matbuot anjumani haqida internet tarmoqlari orqali jonli tarzda maʼlumot berib borilgani uchun fuqarolar on-layn tarzda savol yoʻllash imkoniga ega boʻldi.

“2018 yil 5 aprelda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti imzolagan “Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorda yozuvchi va shoirlar uchun Toshkent shahrida imtiyozli ipoteka krediti asosida 110 ta kvartirali uy-joy qurish ishlari boshlangani aytilgan edi, – deyiladi on-layn savollardan birida. – Qaror chiqqanidan buyon qariyb 1 yil oʻtdi, lekin uylar hamon oʻz egalariga topshirilmagan. Nega?”

Konferensiyadan soʻng Yozuvchilar uyushmasi xoʻjalik ishlari mudiri, uy-joy tarqatish boʻyicha komissiya raisi Abdurahmon Eshimqulov bilan telefon orqali bogʻlanilganda u hali qurilish ishlari yakunlanmaganini maʼlum qildi.

“Hozir kanalizatsiya, suv taʼminoti bilan bogʻliq muhandislik ishlari olib borilmoqda, – dedi Abdurahmon Eshimqulov. – Oʻtgan kuni borganimda qurilish kompaniyasining mutasaddi vakili uylarni bir hafta, oʻn kun ichida topshiramiz, dedi. Shundan keyin inshootni Davlat komissiyasi koʻrib chiqadi, agar komissiya aʼzolari tomonidan maʼqullansa, ijobiy xulosa beriladi. Bundan buyogʻi bizning vakolatimiz doirasidagi ishlar hisoblanadi, yaʼni banklarni aniqlaymiz va mazkur uy-joylarni tarqatishni boshlaymiz”.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.