– Ochigʻi Afruza Hamdamovaning ota-onasiga juda havas qildim. Bolaga tikilgan sarmoya kelajakka tikilgan sarmoya deganlari bekorga emas. Chempionlar va ularning ortidan faxrlanib yuradigan ota-onalar koʻpaysin!- deya ezgu tilak bildiradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Umida RAHMONOVA.
Darhaqiqat, ushbu tilakka biz ham qoʻshilamiz. Afruza Hamdamovaning Italiyaning Montesilvano shahrida shaxmat boʻyicha erishgan yutugʻi- jahon chepionligiga muyassar boʻlganligi butun mamlakatimizning yutugʻidir. Jahonning sakson davlatidan kelgan 760 nafardan ziyod shaxmatchilar ishtirok etgan chempionatning gʻolibi boʻlish ulugʻvor omad va baxtdir. Oʻzbek shaxmati olamida ayollar oʻrtasida ilk jahon chempioni boʻlish baxti unga nasib etdi.
— Albatta, bunday muvaffaqiyatga erishish oʻz-oʻzidan boʻlgani yoʻq. Qizim esini taniganidan beri shaxmat bilan shugʻullanadi. Ona sifatida aytishim kerak, bugun yurtimiz yoshlari koʻp yoʻnalishlarda katta muvaffaqiyatlarga erishishida davlatimiz tomonidan yoshlarga yaratib berilayotgan shart-sharoit muhim omil boʻlmoqda. Bunday eʼtiborga munosib boʻlish, hamisha oldinga intilishga yoshlarni ragʻbatlantirishda maktab, mahalla, oilaning oʻrni katta. Afroʻzaning chempion boʻlishida mahallamiz, u taʼlim olayotgan Samarqandagi 42-oʻrta taʼlim maktabi va oilamizda shaxmatga boʻlgan qiziqish asosiy sabab boʻldi, deb oʻylayman. Qizimning eng katta orzusi – ayollar oʻrtasida jahon shaxmat tojini Oʻzbekistonga olib kelish edi, Unga erishdi. — deydi Afroʻzaning onasi Shabnam Ismatova.
Afruza Hamdamova jahon chempioni maqomiga erishgani bilan qutlaymiz. Chempionlik bardavom boʻlishida, hamisha gullar qurshovida yurishida, el-yurtning yuzi-koʻzi boʻlishida qizaloqqa tilakdoshmiz.
GUJUM.UZ