Jahon eʼtirof etgan alloma Alisher Navoiy tavalludining 578 yilligi keng nishonlanmoqda

0
579
marta koʻrilgan.
Yurtimizda kechayotgan shiddatli islohotlar, xalqimiz ezgu maqsad-muddaolarini oʻzida aks ettirgan misli koʻrilmagan oʻzgarishlar boy maʼnaviy ildizlarimizga tayanadi. Maʼnaviyatimiz asoslarini esa buyuk shoir va mutafakkir bobokalonimiz Alisher Navoiyning bebaho merosidan ayro tasavvur etib boʻlmaydi.
 
Shu kunlarda mamlakatimizning barcha hududlarida jahon eʼtirof etgan alloma bobomiz tavalludining 578 yilligi keng nishonlanmoqda. 9 fevral – benazir shoir tugʻilgan kuni munosabati bilan Alisher Navoiy nomi bilan yuritiluvchi Oʻzbekiston Milliy bogʻida tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Bogʻ hududi ham erta tongdanoq adabiyot muxlislari, senatorlar, deputatlar, turli vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tuzilmalari, mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlarning vakillari, shoir va yozuvchilar, adabiyot fidoyilari, sheʼriyat muxlislari, oʻqituvchilar,talaba-yoshlar, keng jamoatchilik bilan gavjum boʻldi.
 
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazining yetakchi ilmiy xodimi, filologiya fanlari doktori Aftondil Erkinov, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining oʻzbek adabiyoti tarixi va folklor kafedrasi dotsenti, filologiya fanlari nomzodi Dilnavoz Yusupova va boshqalar mamlakatimizda milliy adabiyotimizga koʻrsatilayotgan eʼtibor boy ilmiy, maʼnaviy merosimizni oʻrganish, uni targʻib etish, qadimiy manbalarni mukammal tadqiq etgan holda nashr ettirish, ijod ahliga har jihatdan koʻmak koʻrsatish kabi ezgu ishlarda oʻz amaliy ifodasini topayotganini taʼkidladi.
 
Bu jihatlar Alisher Navoiy asarlarini oʻrganish, uning bebaho merosidan yosh avlodni yuksak maʼnaviyatli, teran tafakkurli, yuksak ijodiy-intellektual salohiyat sohibi etib kamolga yetkazishdek ezgu ishlarda yanada yaqqolroq namoyon boʻlmoqda. Yurtimizda ilm-fan, adabiyot ahliga yaratilayotgan keng sharoitlar Navoiy kabi buyuk allomalarimizning hayoti va ijodiga oid yangi topilgan tarixiy manbalarni oʻrganishning yanada koʻproq istiqbollarini ochmoqda.
 
Darhaqiqat, mamlakatimizda xorijiy davlatlar bilan oʻzaro manfaatli, yaxshi qoʻshnichilik, doʻstona aloqalarining keng yoʻlga qoʻyilgani qadimiy manbalarni izlash, ulardan foydalanishga oid imkoniyatlarni kengaytirmoqda. Jahon eʼtibori va eʼtirofidagi alloma Alisher Navoiy ijodiga oid manba va qoʻlyozmalarni tadqiq etishda bu yanada yaqqolroq namoyon boʻlmoqda.
 
Buyuk Britaniya muzeyi qoʻlyozmalar fondi rahbari, professor Maykl Erdman, Tojikiston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Imomi Sodiq Ashurboyzoda Alisher Navoiyning insonparvarlik va ezgulikka yoʻgʻrilgan ijodi asrlar osha dunyo adabiyot muxlislari eʼtiborida boʻlib kelayotgani, shoir asarlari dunyoning bir necha tillariga qayta va qayta tarjima etilib, mukammal oʻrganilayotganini taʼkidladi. Bobomizning Britaniya muzeyida saqlanayotgan qoʻlyozma asarlari va ularni oʻrganish, Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida rivojlanib borayotgan madaniy-gumanitar yoʻnalishdagi hamkorlik, bu borada Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy ijodiy merosining oʻrni va ahamiyatiga oid maʼruzalar tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi.Zero, Navoiy ulugʻlagan ijtimoiy adolat, odamlar ogʻirini yengil qilish, hayot farovonligini yuksaltirish, ilgʻor yangiliklarga intilishga oid ezgu gʻoyalar bugungi kunda hayotimizning mazmuni, islohotlarning pirovard maqsad-muddaosiga aylangani eʼtiborga molikdir.
 
Termiz shahrida tashkil etilgan Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazining ikkinchi kurs talabalari Asadullo Aziziy, Raʼno Sherzod qizi Navoiy gʻazallaridan namunalarni aytdilar. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi, yosh shoir Joʻrabek Jahon “Alisher Navoiy haykali poyida“ nomli sheʼrini oʻqidi. “Nihol“ mukofoti sovrindori Sharofiddin Murodov shoir bobomiz gʻazali bilan kuylanuvchi “Guluzorim“ qoʻshigʻini ijro etdi. Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qoʻyildi.
 
— Hazrat Navoiy adabiyot olamining gultoji, daho ijodkoridir,- deydi Boku davlat universiteti professori, turkologiya kafedrasi mudiri Ramiz Asker. — Oʻtgan davr mobaynida Navoiyning “Hayrat ul-abror“, Farhod va Shirin“ Layli va Majnun dostonlarini ozarboyjon tiliga tarjima qildim. Endilikda bu boradagi ishlarni davom ettirish niyatidaman. Siz — oʻzbekistonliklar gʻoyat boy va betakror ilmiy, maʼnaviy merosning egasi ekaningizni teran anglashingizni istardim.
 
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchilari X.Sultonov, A.Abduvahitov ishtirok etdi.
 
* * *
Shu kuni poytaxtimizning Navoiy koʻchasidagi shoir haykali qad rostlab turgan xiyobonda yoshlar, sheʼriyat muxlislari ishtirokida mushoira boʻlib oʻtdi. Navoiy ijodining inson kamoloti, yuksak maʼnaviyatli shaxs tarbiyasidagi oʻrni xususida, bebaho meros barcha ijodkorlar kabi yosh shoirlarning ilk qadamida ham muhim ilhom manbai boʻlib xizmat qilayotgani xususida atroflicha soʻz yuritildi. Mutafakkir gʻazal va ruboyilari, yosh shoirlarning ijodidan namunalar yangradi.
 
Bu kabi tadbirlar, sheʼriyat va adabiyot, maʼnaviyat bayramlari yurtimizning barcha hududlari, kutubxonalar, taʼlim maskanlari, mahallalar, idora va tashkilotlarda boʻlib oʻtmoqda.
 
Manbaa: OʻzA​
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.