Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi tomonidan videokonferensiya tashkil etildi

0
130
marta koʻrilgan.

 Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi tomonidan videokonferensiya tashkil etildi. Maʼlumki, Oʻzbekiston ham 53 mamlakat qatoriga mazkur nufuzli tashkilotga aʼzo hisoblanadi.

Byuro direktori Xans Klyuge boshchiligidagi ushbu konferensiyada Oʻzbekiston, Rossiya Federatsiyasi, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston va Turkmaniston sogʻliqni saqlash vazirlari ishtirok etdi. Unda hozirgi epidemiologik vaziyat, shuningdek, COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolashda eksperimental va litsenziyalangan dori vositalaridan foydalanish masalalari asosiy muhokama mavzusi boʻldi.

Videokonferensiya davomida qayd etilganidek, baʼzi mamlakatlarning COVID-19 qarshi kurashishdagi ijobiy belgilari bu hali gʻoliblik degani emas, balki koronavirus ustidan samarali nazoratni kuchaytirish uchun yaxshi imkoniyatdir. Ayni payt qoʻl qovushtirib oʻtiradigan vaqti emas. Jamiyatda barcha bahamjihatlik bilan ushbu virus tarqalishining oldini olish va toʻxtatish boʻyicha bir musht boʻlib saʼy-harakatlarni yana kuchaytirishi lozim boʻladi.

– JSST Yevropa mintaqasidagi aksariyat mamlakatlarda koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari koʻpaymoqda, – dedi JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi direktori Xans Klyuge. – Yevropa mintaqasida soʻnggi 10 kun ichida qayd etilgan koronavirusdan kasallanish holatlari soni deyarli ikki marta oshdi. Bu global miqyosda kasallikka chalinishning taxminan 50 foizi bizning mintaqamizda sodir boʻlayotganini anglatadi. Afsuski, Yevropada vafot etganlar soni 84 mingdan oshdi. Ayni paytda mamlakatlar bemorlarni samarali davolash borasida oʻzaro hamkorlik qilishi juda muhimdir. Hozirgi vaziyatdan kelib chiqqan holda, ushbu konferensiyada biz JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi tomonidan COVID-19 bilan kasallangan bemorlarni davolashda eksperimental dorilarni qoʻllash boʻyicha koʻrsatma berishni muhokama qilmoqdamiz.

– Darhaqiqat, bugungi kunda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashda eng ilgʻor tashkilot hisoblanadi, – dedi Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov. – Hozir ushbu tashkilot bizga ham uslubiy, ham texnik jihatdan, ham maslahatlashuv borasida katta yordam bermoqda. Oʻzbekistonda JSSTning barcha tavsiyalari bajarilmoqda. Bundan tashqari, JSSTning Yevropa mintaqaviy byurosi bilan doimiy hamkorlik, muntazam ravishda olib borilayotgan maslahatlashuvlar bizga koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda qoʻl kelmoqda. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi, Germaniya, Fransiya, Isroil va Turkiya mutaxassislari bilan ham doimiy aloqa oʻrnatilib, videokonferensiya koʻrinishida epidemiologik vaziyat va bemorlarni davolash boʻyicha maslahatlar va tajriba almashinuvi yoʻlga qoʻyilgan.

Vazir, shuningdek, bugungi kunda Oʻzbekisonda 1349 nafar koronavirus infeksiyasiga chalingan bemor qayd etilganini, ulardan 129 bemor sogʻayganini taʼkidladi. Bemorlar JSST bilan birgalikda ishlab chiqilgan protokol standartlari asosida davolanmoqda. Bundan tashqari, hamkorlikda ular uchta tilda COVID-19 uchun klinik qoʻllanma ishlab chiqildi va bugungi kunda nafaqat tibbiyot xodimlari, balki koʻplab davlat idoralari vakillari ham ushbu qoʻllanmadan epidemiyaga qarshi tadbirlarni oʻtkazish jarayonida foydalanishmoqda. Tibbiyot xodimlari davolash masalalari boʻyicha, asosan, JSST standartlari va tavsiyalariga tayanadilar.

Videokonferetsiyada har bir mamlakat oʻz holatini, shu jumladan, virusning tarqalishini, koʻrilayotgan choralarni va ijtimoiy maqbullikni baholab, eng mos choralarni koʻrishi kerakligi, shu bilan birga, har bir insonni kasallikdan himoyalash, xastalikni vaqtida aniqlash hamda davolash uchun harakat qilishi kerak.

Mahalliy aholi orasida koronavirus haqida toʻlaqonli tushuncha shakllanishi uchun har bir mintaqa va mamlakatning tavsiyalari, tajriba va yangilanishlar almashinuvi uchun birgalikda faoliyat yuritish juda muhimdir. Dunyoda turli xil sharoitlarda koronavirusga qarshi kurash boʻyicha keng qamrovli choralar rejasani ishlab chiqishi uchun davlatlar bir-birlaridan oʻrganishlari lozim boʻladi.

Tadbir yakunida JSST xalqaro tadqiqotchilar bilan COVID-19ni davolashda eng samarali boʻlgan maʼlumotlarni toʻplash boʻyicha ish olib borilishi qayd etildi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.