Davlatimiz rahbari Urganch shahrida Jaloliddin Manguberdi majmuasining qurilish jarayonini koʻzdan kechirdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu boradagi loyiha Prezidentimizning viloyatga avvalgi tashrifi chogʻida koʻrib chiqilgan, mutaxassislar fikrlari asosida takomillashtirilgan edi. Majmua shaharning Al-Xorazmiy va Islom Karimov koʻchalari kesishmasidagi qariyb 8 gektar maydonda boʻladi. Bugungi kunda haykalning asosi qurilmoqda. Bronzadan Jaloliddin Manguberdining ot ustida qilich tutib turgan haykali yasalgan. Uning asosi bilan birga jami balandligi qariyb 25 metr boʻlib, uzoqdan ham koʻrinib turadi.
Davlatimiz rahbari majmua mazmunini boyitish, sharoitlarini yaxshilash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
— Bu yer bilim, maʼnaviyat, gʻurur maskani boʻlishi kerak. Kelganlar aylanib, hordiq chiqarishi bilan birga Manguberdi bobomiz hayotini yaqqol tasavvur qilishi, bundan ruh olishi kerak. Xiyobon boʻylab uning janglari, qahramonliklari haqida lavhlar yozib qoʻyish mumkin. Bu tarixni va chet tillarini yaxshi bilgan gidlar tayyorlash ham zarur, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz Al-Xorazmiy koʻchasi boʻylab qurilgan yerosti yoʻlini ham koʻzdan kechirdi.
Qurilish ishlari bitgach, hudud obodonlashtirilib, manzarali daraxtlar ekiladi, favvoralar barpo etiladi. Piyodalar va velosiped yoʻlaklari, turizm xizmatlari tashkil etiladi.
Majmuani ekspluatatsiya qilishni toʻgʻri yoʻlga qoʻyish, bu yerda bayram tadbirlari, festivallar oʻtkazish uchun ham sharoit yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.