Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Urganch shahri markazida Jaloliddin Manguberdi memorial bogʻini barpo etish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari 30 noyabr kuni Al-Xorazmiy va Pahlavon Mahmud koʻchalari kesishmasidagi ushbu maydonga tashrif buyurib, qurilish loyihalari bilan tanishdi.
Jaloliddin Manguberdi haykali buyuk bobomizning jasorati va shonu shavkatiga mos mahobatli boʻlishi, uning atrofidan nur taralib turishi kerakligini taʼkidladi.
— Bu maydonda tariximiz namoyon boʻlishi, u Xorazmning «tashrif qogʻozi»ga aylanishi kerak. Shuning uchun tarixchi olimlar bilan maslahatlashib, maydonni chuqur mazmunli, chiroyli, jozibali qilish zarur, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Prezidentimiz bogʻ hududini kengaytirish va obodonlashtirish, har bir elementda qadimiylikni aks ettirish boʻyicha oʻz tavsiyalarini berdi.
Shu yerda Urganch shahri markazini batafsil rejalashtirish, koʻp qavatli uy-joylar qurish, issiqlik va ichimlik suvi taʼminotini yaxshilashga doir loyihalar boʻyicha ham maʼlumot berildi.
Prezidentning Xorazm viloyatiga tashrifi yakunlandi.