Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 iyun kuni Toshkent yerusti halqa metrosining ikkinchi bosqichi qurilishi bilan tanishish chogʻida jamoat transporti tarmogʻini kengaytirish va metropoliten infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha koʻrsatmalar bergan edi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bugun ushbu ishlarni tashkil etishga qaratilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishildi. Jumladan, qurilayotgan yerusti halqa metrosining ikkinchi bosqichini davom ettirib, Sergeli yoʻnalishi bilan bogʻlash, zamonaviy qurilish uslublarini tatbiq etish, metro poyezdlarini yangilash, yoʻlovchi oqimini yanada oshirish rejalari haqida axborot berildi.
Maʼlumki, yerusti metrosining ikkinchi bosqichi doirasida beshta bekatni shu yil yakunida va qolgan ikkitasini kelgusi yil Navroʻzda ishga tushirish moʻljallangan. Bu orqali 62 ta mahalladagi 250 mingga yaqin aholi metropoliten bilan qamrab olinadi.
Davlatimiz rahbari barcha yoʻllarda insonlarga qulaylik va xavfsizlik birinchi oʻrinda boʻlishi lozimligini taʼkidladi. Metropoliten uchun 14 ta yangi poyezd olib kelish, yoʻlovchilar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha 2022-2025 yillarga moʻljallangan chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Innovatsion yondashuvlarni keng qoʻllagan holda metropolitenni kompleks rivojlantirish hamda Transport universiteti bilan birgalikda professional kadrlar tayyorlash uchun xorijdan yuqori malakali mutaxassislarni jalb qilish muhimligi taʼkidlandi.
Toshkentda jamoat transporti yetib bormagan 26 ta mahallaga avtobus yoʻnalishlari ochilib, metro bilan bogʻlanadi. Buning uchun qoʻshimcha elektrobuslar xarid qilinadi.
Hisob-kitoblarga koʻra, Toshkent viloyatidan poytaxtimizga kuniga 1 milliondan ziyod yoʻlovchi kirib keladi. Ularni metro bekatlariga yoʻnaltirib, ham aholiga, ham transportlarga yengillik yaratish zarurligi aytildi.
Zamonaviy elektropoyezdlar keltirib, “Toshkent – Xojikent”, “Toshkent – Bekobod” va “Toshkent – Angren” yoʻnalishida tezyurar qatnov yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.
Yangi metropoliten yoʻnalishi boʻyida joylashgan mahallalarni obodonlashtirish muhimligi taʼkidlandi.
Loyihalarni takomillashtirib, qaror loyihasi ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.