Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29 mart kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlar va kuch tuzilmalari rahbarlari ishtirokida jamoat xavfsizligini taʼminlash masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya rahbariyatining savdo va xizmat koʻrsatish sohasi yirik obyektlarida, shu jumladan savdo-koʻngilochar majmualar, bogʻlar, bozorlar va boshqa fuqarolar gavjum boʻladigan joylarda jamoat tartibini saqlash ishlarining tashkil etilishi toʻgʻrisidagi hisobotlari tinglandi.
Jamoat xavfsizligiga yangi tahdid va xatarlar tobora ortib borayotgan bugungi sharoitda jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini taʼminlashda huquqni muhofaza qilish idoralari va tadbirkorlik subyektlari oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi taʼkidlandi. Shu bilan birga, jamoat xavfsizligini taʼminlash bilan bogʻliq chora-tadbirlarni amalga oshirish jarayonida tadbirkorlik subyektlari va fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini soʻzsiz taʼminlash muhimligi qayd etildi.
Davlatimiz rahbari huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati institutlari va tadbirkorlik subyektlarining bu borada toʻlaqonli hamkorlik qilishlarini taʼminlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqishga topshiriq berdi.
Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya rahbariyati oldiga jamoat tartibini saqlash boʻyicha olib borilayotgan ishlarni yanada kuchaytirish, aholi gavjum boʻladigan joylarda sodir etilishi mumkin boʻlgan terrorchilik harakatlari va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan taʼsirchan choralarni koʻrish vazifasi qoʻyildi.