Janubiy Koreyaning Vusong universiteti Prezidenti, Doktor Djon Endikot boshchiligidagi delegatsiya Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga tashrif buyurdi, deb xabar beradi Oliy va Oʻrta maxsus taʼlim vazirligi.
Delegatsiya rahbariga Vusong taʼlim jamgʻarmasi boshqaruv kengashi aʼzosi Sang Xan Kim hamda Vusong universitetining Boshqaruvni rejalashtirish departamenti direktori Byungik Jung hamrohlik qildi. Mehmonlarni Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri Inom Madjidov qabul qildi.
Ikki tomonlama boʻlib oʻtgan uchrashuvda Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasida oliy taʼlim sohasida oʻzaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, malakali mutaxassislar tayyorlash borasida aloqalarni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Janubiy Koreyaning Vusong universiteti oʻrtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.