Janubiy Koreyada qishki Olimpiadaning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi

0
148
marta koʻrilgan.

 Janubiy Koreyaning Pxyonchxan shahrida navbatdagi qishki Olimpiadaning ochilish marosimi oʻtkazildi.

Toshkent vaqti bilan soat 16:00da boshlangan tantanali marosimda mazkur oʻyinlarda ishtirok etuvchi barcha mamlakatlar tantanali chiqishda ishtirok etdilar. Bayramda togʻ changʻisi boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi sportchisi Komil Toʻxtayev delegatsiyamiz bayroqdori boʻldi.
 
Maʼlumot uchun, bu yilgi Olimpiadada 6 terma jamoa musobaqada debyut qiladi. Belgilangan normativlar oʻsha yurt vakillarining iqlimidan kelib chiqqan holda qoʻyilgani qishki Olimpiadada ham issiq oʻlka vakillarining ishtirok etishiga zamin yaratmoqda. Bu yil Singapur (short-trek), Nigeriya (bobsley va skeleton), Ekvador (changʻi poygasi), Malayziya (figurali uchish), Kosova va Eritreya (togʻ changʻisi) vakillari Janubiy Koreyaga qishki Olimpiadada ilk marotaba oʻz yurti sharafini himoya qilish uchun kelishadi.
 
Ushbu nufuzli sport bayramida 92ta mamlakatdan 3544 nafar sportchi sportning 15 turi boʻyicha 102ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib boradilar.
 
Olimpiya oʻyinlarida yurtimiz sharafini Misha Ge (figurali uchish) va Komil Toʻxtayev (togʻ changʻisi) lar himoya qiladilar.
 
Eslatib oʻtamiz, figurali uchish boʻyicha Oʻzbekiston terma jamoasi aʼzosi Misha Ge ayni paytda AQSHda oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini davom ettirayotgani sababli, Janubiy Koreyaga 11 fevral kuni yetib boradi. U 16 fevral kuni “Gangneung Ice Arena” muz saroyida figurali uchishning qisqa dasturida chiqish qilsa, 17 fevralda erkin dasturda oʻz omadini sinab koʻradi. 
 
Komil Toʻxtayev esa 18 fevral kuni togʻ changʻisining gigant slalom bahslarida ishtirok etadi. 22 fevralda esa slalom boʻyicha musobaqada qatnashadi. Togʻ changʻisi boʻyicha bellashuvlar “Yongpyong Alpine Centre” majmuasida boʻlib oʻtadi. 
 
Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi Matbuot xizmati
 
Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.