Yigʻilishda Prezidentning Davlat maslahatchilari, ichki ishlar vaziri, Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va Xotin-qizlar qoʻmitasi rahbarlari ishtirok etdi.
2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish, davlat tuzilmalarining fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligini mustahkamlash borasida aniq vazifalar belgilangan.
Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi, “Bolalarni ularning sogʻligʻiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlari, Prezidentimizning “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi, davlat tashkilotlari va keng jamoatchilik oldida turgan muhim vazifalar aniq va ravshan belgilab olindi.
Taʼkidlanganidek, oʻtgan qisqa vaqt mobaynida mamlakatimizda jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Ichki ishlar organlari tizimi tubdan takomillashtirildi, profilaktika inspektorlarining bilimi va kasb tayyorgarligini oshirish, ular uchun munosib ish sharoiti yaratish, oʻz vazifalarini bajarish natijadorligi uchun moddiy ragʻbatlantirishning taʼsirchan mexanizmlarini joriy etish hamda bevosita oʻzlariga biriktirilgan hududda xizmat turar joyi bilan taʼminlash choralari koʻrildi.
Natijada joriy yilning oʻn oyida oʻtgan yilning shu davriga nisbatan jinoyat sodir etish holatlari 9 ming 698 taga yoki 14 foizga, jinoyat-qidiruv yoʻnalishida esa 4 ming 562 taga yoki 11 foizga kamayishiga erishildi.
Ayni paytda mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha jamoatchilik institutlari bilan hamkorlikda olib borilayotgan keng koʻlamli profilaktik tadbirlar tufayli 1 ming 243 ta mahallada birorta ham jinoyat sodir etilmadi.
Davlatimiz rahbari Samarqand, Xorazm, Namangan viloyatlarida, kuni kecha poytaxtimizning Sergeli tumaniga tashrif buyurganida ham «Xavfsiz hudud», «Xavfsiz shahar» konsepsiyalariga alohida eʼtibor berdi. «Mening mahallamda jinoyat sodir boʻlmasligi kerak», degan tuygʻuni har bir fuqaro, ayniqsa, yoshlar ongida shakllantirish, befarqlik, loqaydlikka barham berish, pirovardida, har bir oila, taʼlim muassasasi, har bir mahallani jinoyatchilikdan xoli hududga aylantirish, jamiyatda tinch va osoyishta hayotni taʼminlashning muhim sharti ekanini taʼkidlab kelmoqda. Bu borada Namangan shahridagi Orzu mahallasi, Xorazm viloyatidagi «jamoatchilik nazorati maskanlari» faoliyatidagi ijobiy tajribalarni oʻrganish, ularni barcha hududlarga tatbiq etish muhim ahamiyatga ega.
Prezidentimiz rahbarligida joriy yil 15 noyabr kuni oʻtkazilgan yigʻilishda huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishda yoʻl qoʻyilgan xato va kamchiliklar har tomonlama tahlil qilib berildi. Bu borada davlat idoralari va jamoatchilik tuzilmalari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari bugungi kun talablariga javob bermasligi qayd etildi.
Yigʻilishda huquqbuzarliklar profilaktikasi kunida oʻtkazilayotgan tadbirlarda davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligi sezilmayotgani, ayrim hududlarda aholi bilan manzilli profilaktik tadbirlar yetarli darajada olib borilmagani oqibatida oldini olish mumkin boʻlgan jinoyatlar sodir etilayotgani taʼkidlandi.
Oʻtgan davrda 7730 ta mahallada jinoyat sodir etilgan. Eng achinarlisi, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari oʻquvchilari tomonidan 875 ta, maktab oʻquvchilari tomonidan 310 ta ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etilgan.
Yigʻilishda bunday salbiy holatlar davlat va jamoat tashkilotlari oʻrtasida hamkorlik toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagani oqibatida yuzaga kelayotgani qayd etildi.
Shavkat Mirziyoyev davlat va jamoat tashkilotlari hamkorligi borasida yoʻl qoʻyilayotgan xato va kamchiliklar toʻgʻrisida alohida toʻxtalib, jinoyatchilikka qarshi kurashish va huquqbuzarliklarning oldini olishda har bir idora oʻz bilganicha ish tutib kelayotgani, aksariyat tadbirlarda muammoning yechimiga umumiy yondashilayotganini taʼkidladi. Shu munosabat bilan huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishda idoralararo hamkorlikni mustahkamlash choralari koʻrilishi yuzasidan zarur topshiriqlar berdi.
15 noyabr kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida qayd etilgan Hududlarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va huquqbuzarlikka qarshi kurashish Respublika komissiyasining tashkil etilishi va uning faoliyat yoʻnalishlari bilan bogʻliq masalalarga toʻxtaldi.
Endilikda ichki ishlar, prokuratura, Yoshlar ittifoqi, Xotin-qizlar qoʻmitasi, mahalla hamda boshqa davlat va nodavlat tashkilotlari jinoyatchilik va huquqbuzarlik uchun omil boʻlayotgan ishsizlik, giyohvandlik, qarovsizlik, oilaviy nizolar va shu kabi boshqa illatlarning vaqtida oldini olish choralarini koʻrishi zarur. Shuningdek, umumiylikdan qochishi, buning uchun yagona maqsad sari intilib, hamkorlikda faoliyat olib borishi, har bir muammoga aniq reja asosida yondashish lozim.
Bundan buyon viloyat darajasidagi sektor rahbarlari har 15 kunda markaziy televideniye orqali hamda barcha tuman-shahar sektor rahbarlari mahalliy televideniye orqali maxsus koʻrsatuvlarda hududlardagi jinoyatlarning sabablari, ularni aniqlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida aholiga tushuntirish va hisobot berib borishi yoʻlga qoʻyiladi.
Davlatimiz rahbari sud, prokuratura va ichki ishlar organlari faoliyati toʻgʻrisida alohida toʻxtalib, jinoyatlarning yashirilishiga favqulodda holat sifatida qaralishi lozimligi, qamoq aybdorlarni tarbiyalashning asosiy vositasi boʻlmasligi, ularga jazo tayinlashda aybdorning shaxsi va boshqa holatlarni atroflicha oʻrganish muhimligiga alohida eʼtibor qaratdi.
Ayniqsa, voyaga yetmaganlar va ayollarga jazo tayinlashda sudlarning chuqur mulohaza yuritishi lozimligi taʼkidlandi.
Prezidentimiz jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda aholining huquqiy madaniyatini oshirish masalasiga ham alohida eʼtibor qaratdi. Har bir mahallani jinoyatchilikdan holi hududga aylantirish lozimligini taʼkidlab, bu boradagi saʼy-harakatlarni yanada kuchaytirish zarurligini qayd etdi.