Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatining ichimlik suvi taʼminotini yaxshilashga qaratilgan ishlarning borishi bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 4 maydagi qaroriga muvofiq, bu yerda Zarafshon daryosi suvidan foydalanish hisobiga ichimlik suvi tizimini yaxshilash loyihasini amalga oshirilmoqda.
Qiymati qariyb 580 milliard soʻm boʻlgan ushbu loyiha doirasida suv olish va tozalash inshootlari, «Jizzax» suvni taqsimlash uzeli, 183 kilometr magistral tarmoqlar qurilishi belgilangan.
Mutasaddilar loyiha doirasida bajarilgan ishlar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.
Bugungi kunda Bulungʻur tumanida, Zarafshon daryosi yonida 100 ming kub metr sigʻimli “Uzunbuloq” suv tozalash inshooti, nasos stansiyasi, laboratoriya, filtrlash stansiyasi va yordamchi binolar qurib bitkazilgan. “Uzunbuloq – Gagarin” magistral tarmogʻining Jizzax shahrigacha boʻlgan 77 kilometri yotqizilgan. “Jizzax” suv taqsimlash inshooti, 5 ming kub metr sigʻimli ikkita suv havzasi qurilgan. Endi ushbu inshootlardan Gagarin shahrigacha 90 kilometr suv tarmogʻi tortiladi.
Ushbu tarixiy loyiha natijasida Baxmal, Gʻallaorol, Sharof Rashidov, Paxtakor, Doʻstlik va Mirzachoʻl tumanlari hamda Jizzax shahridagi 163 ta mahallada yashovchi 700 ming aholiga toza ichimlik suvi yetib boradi.
Tadbirda jizzaxlik nuroniylar, mahalla faollari, ziyolilar, yoshlar ishtirok etdi.
— Jizzax viloyatida ichimlik suvi boʻyicha vaziyat ogʻir edi. Bu suvni jizzaxliklar 30 yildan ortiq kutdi. Men hokim boʻlgan paytlarda qancha harakat qilganmiz. Lekin loyiha ham, pul ham yoʻq edi. Mana, orzularimiz ushalayapti. Endi bu tizimning har bir inshootiga, har bir tumandan oʻtgan qismiga malakali mutaxassislarni biriktirib, sifatli ishlatish kerak. Yoshlarni axborot texnologiyalari asosida ishlaydigan bu tizim boʻyicha oʻqitish ham zarur, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Loyihani 2022 yilning birinchi yarmida yakunlash rejalashtirilgan.