Joriy yilning birinchi yarmidagi iqtisodiy natijalar tahlil qilinib, galdagi vazifalar belgilandi

0
114
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 3 avgust kuni joriy yilning birinchi yarmidagi iqtisodiy natijalar tahlili hamda yil yakuniga qadar barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Birinchi yarim yillikda mamlakatimiz yalpi ichki mahsuloti 6,2 foizga oʻsgani qayd etildi. Bunga, asosan, sanoat 8,5 foiz, investitsiyalar 5,9 foiz va xizmatlar hajmi 8 foizga oshgani hisobiga erishilgan. Inflyasiya darajasi 10,9 foizni tashkil etgan.

Shu davrda jami 200 trillion soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilgan. Bu sohadagi yuqori oʻsish surʼatlari kon-metallurgiya, toʻqimachilik va elektr energiyasi tarmoqlarida, Qashqadaryo, Sirdaryo, Jizzax, Namangan viloyatlari va Toshkent shahrida kuzatilgan.

Bunga, avvalo, iqtisodiyotning bir maromda ishlashi hamda tashqi bozorlarda konʼyunkturaning yaxshilanishi evaziga erishilgan. Iqtisodiy oʻsishni qoʻllab-quvvatlashda davlat resurslari ham hal qiluvchi omil boʻlmoqda.

Yigʻilishda davlatimiz rahbari hududlar va tarmoqlarni rivojlantirish uchun zarur moliyaviy resurslar ajratilgan boʻlsa-da, hali joylarda kutilgan natija boʻlmayotganini taʼkidladi.

Hududiy sanoat hajmi Sirdaryo viloyatida 41 foiz, Xorazmda 33 foiz, Namangan va Surxondaryoda 24 foiz oʻsgan. Biroq, bu koʻrsatkich katta imkoniyatlarga ega Fargʻona viloyatida atigi 1,2 foiz va Toshkent viloyatida 4,6 foizni tashkil etgan.

Umuman, birinchi yarim yillikda 110 ta hududiy sanoat korxonasida oʻtgan yilga nisbatan 2,2 trillion soʻmlik mahsulotlar kam ishlab chiqarilgan.

Investitsiya loyihalarining samaradorligi ham koʻrib chiqildi. Jumladan, hududiy investitsiya dasturlari doirasida birinchi yarim yillikda 5 ming 246 ta loyiha amalga oshirilgan. Lekin ularning sanoat oʻsishida oʻrni sezilmayotgani, bunga masʼul hokim oʻrinbosarlari korxonalar bilan yaqindan ish olib bormayotgani qayd etildi.

Hisobot davrida mamlakatda jami 53 mingta yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilib, bu koʻrsatkich oʻtgan yilga nisbatan 14 foiz oshgan.

Yigʻilishda 9 oy va yil yakuni boʻyicha iqtisodiy oʻsishni taʼminlash chora-tadbirlari muhokama qilindi.

Ikkinchi yarim yillikda yirik tarmoq korxonalarida 86 trillion soʻmlik, hududlarda 142 trillion soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilishi bunda muhim omil boʻladi.

Masalan, shu davrda toʻqimachilikda 15 trillion soʻmlikdan ziyod mahsulot tayyorlash va 1 milliard 700 million dollarlik eksport qilish imkoniyati bor. Yoki, elektr texnikasi tarmogʻida eksportni 348 million dollar, charm sanoatida 251 million dollarga yetkazish mumkin.

Shuningdek, hududlarda “drayver” boʻlgan sohalarni rivojlantirish, kichik va oʻrta korxonalarda ishlab chiqarishni kengaytirish zarurligi taʼkidlandi.  

Bosh vazir oʻrinbosarlariga ishga tushirilgan loyihalarni joyiga chiqqan holda, batafsil oʻrganib, toʻliq quvvatda ishlashiga koʻmaklashish boʻyicha topshiriq berildi.

Maʼlumki, oxirgi besh yilda qishloq xoʻjaligini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish boʻyicha Prezidentning 30 dan ortiq farmon va qarorlari qabul qilindi.

Qoʻshimcha yer maydonlari foydalanishga kiritilib, imkoniyatlar kengaydi. Soha uchun subsidiyalar ajratildi. Qishloq xoʻjaligining barcha yoʻnalishlarida klaster tizimi joriy qilinib, ularga shu yilning oʻzida 6 trillion soʻmdan ziyod kreditlar berildi.

Lekin, bu sohada natijadorlik kutilgandek emasligi, ishga solinmagan imkoniyatlar koʻpligi koʻrsatib oʻtildi.

Xususan, qishloq xoʻjaligidagi ishlab chiqarish hajmi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo, Samarqand, Xorazm va Toshkent viloyatlarida oʻtgan yilgi darajada saqlanib qolgan. Dehqonchilik yoʻnalishida mahsulot yetishtirish kamaygan.

Chunki hosildorlik oʻzgarmayapti, ayrim mahsulot turlari boʻyicha esa pasayib ketmoqda. Chorvachilik va parrandachilik yoʻnalishidagi ishlar ham qoniqarli emasligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari aholining oziq-ovqat mahsulotlariga talabi oshib borayotgani, ishlab chiqarish hajmi oʻsayotgan talabni qondirishi zarurligini taʼkidladi.

Ikkinchi yarim yillikda mahsulot yetishtirish va qayta ishlash hajmini oshirish boʻyicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.

Yigʻilishda xizmatlar sohasi tahliliga ham alohida eʼtibor qaratildi.

Maʼlumki, shu yil 11 may kuni “Xizmatlar sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident qarori qabul qilingan edi. Hududlarda xizmatlar turini kengaytirish va sifatini oshirishga qaratilgan loyihalarga keng yoʻl ochildi.

– Davlat tomonidan imkoniyat yaratib berildi. Odamlarimiz ham harakatchan, mehnatsevar. Endi xizmatlar sohasida keskin oʻzgarish qilish kerak. Bu yangi ish oʻrinlari tashkil etishning eng arzon yoʻli. Qishloqlarda xizmatlar qancha koʻpaysa, sifat ham oshadi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Xizmatlar sohasini rivojlantirish uchun birinchi bosqichda 7 ta tijorat bankiga 1 trillion 575 milliard soʻm mablagʻ ajratildi. Buning hisobidan hududlarda 2 ming 400 ta loyihani amalga oshirish boshlandi.

Natijada 2020 yilning birinchi yarmiga nisbatan xizmatlar koʻrsatish hajmi 18 foizdan koʻproq oshdi. Ayniqsa, Sirdaryo, Andijon, Buxoro, Xorazm, Surxondaryo, Fargʻona viloyatlari hamda Toshkent shahrida bu boradagi koʻrsatkich yuqori boʻldi.

 Yigʻilishda bu boradagi ishlarni davom ettirib, yil yakuniga qadar sohada 415 mingta yangi ish oʻrni tashkil etish mumkinligi aytildi. Boʻsh turgan bino va yer maydonlarini tadbirkorlarga berish, oʻzini oʻzi band qilishni qoʻllab-quvvatlash bu borada katta imkoniyat ekani qayd etildi.

Transport vazirligiga yangi yoʻnalishlar tashkil etib, jamoat transporti yetib bormagan 1 ming 113 ta mahallani qamrab olish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasida Bosh vazir va uning oʻrinbosarlari, iqtisodiyot tarmoqlari rahbarlari, viloyat hokimlari hisobot berdi.

Har bir tarmoq va hudud boʻyicha 9 oy hamda yil yakuniga moʻljallangan aniq rejalar ishlab chiqib, ijrosini taʼminlash vazifasi qoʻyildi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.