Jurnalist ayollar kengashining yigʻilishi

0
144
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Milliy matbuot markazida Jurnalistlar ijodiy uyushmasi qoshidagi Jurnalist ayollar kengashining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon Oʻsarov, Jurnalist ayollar kengashining raisi Feruza Adilova va boshqalar mamlakatimizda ayollarning siyosiy-huquqiy  faolligini oshirish, Vatanimiz kelajagi uchun fuqarolik masʼuliyati hissini tobora kuchaytirish borasida tizimli ishlar olib borilayotganini taʼkidladi.    

 Tadbirda qayd etilganidek, yurtimizda kechayotgan shiddatli islohotlarni ommaviy axborot vositalari orqali xalqqa yetkazishda jurnalist ayollarning oʻrni katta. Bu jihatlar bosma va internet nashrlari, televideniye va radio sohasida faoliyat koʻrsatayotgan ayol jurnalistlarning ijodiy izlanishi, ishga oʻziga xos tarzda yondashishida yaqqol namoyon boʻlmoqda.  

 Ayni paytda bugun jurnalist ayollarimiz faolligi har qachongidan ham muhimligi davra suhbatida alohida taʼkidlandi. Zero, jamiyatda kechayotgan ijobiy  yangilanishlar bilan birga kamchiliklarni ham koʻra bilish, ular haqida bong urish har bir jurnalistning burchidir.  

 Davra suhbatida Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi raisi Olimjon Oʻsarov tomonidan «Atirgul» tanlovini qayta tiklash, ushbu tanlov gʻoliblarini 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida taqdirlash taklifi kiritildi. Shuningdek, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi va boshqa qator tashkilotlar tomonidan oʻtkazilayotgan «Yil ayoli» milliy tanlovida jurnalist xotin-qizlar uchun alohida nominatsiya joriy etilishi ham maqsadga muvofiqligi taʼkidlandi.  

 Kengash yigʻilishida  siyosatchi va jurnalist Feruza Muhammadjonova bugungi kunda jurnalist opa-singillarimiz siyosiy faolligini oshirishda soʻnggi yillarda erishilayotgan natijalar, xususan, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar safida xotin-qizlar oʻrni ham ortib  borayotgani ahamiyatga molik ekanini qayd etdi.  

 Tadbir qizgʻin fikr-mulohazalarga boy boʻldi. Bir guruh jurnalist ayollar Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasiga qabul qilindi. Ularga aʼzolik guvohnomalari va koʻkrak nishonlari topshirildi.  

Manbaa: OʻzA

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.