Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli topshirigʻi bilan Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi zimmasiga jurnalistlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish nuqtai nazaridan kelib chiqib, ular uchun xalqaro tajribani oʻrgangan holda, nazariyotchi olimlar hamda amaliyotchilarning tajribalari asosida jurnalistika sohasiga oid qoʻllanma tayyorlab, chop etish vazifasi yuklangan edi. Bugunga kelib 10 jild qoʻllanma kitobxonlar hukmiga havola etildi.
— Mazkur qoʻllanmani tayyorlash ishlari besh oy oldin boshlangan edi, — dedi Agentlik direktorining birinchi oʻrinbosari Dilshod Saidjanov taqdimotda. — Oʻsha paytda rahbarimiz Komil Allamjonov hamda direktor oʻrinbosari Saida Mirziyoyeva ushbu masalaga katta eʼtibor qaratib, qoʻllab-quvvatlagan edilar. Deyarli har hafta nashriyot rahbarlari, qoʻllanma uchun masʼul shaxslarga uni sifatli qilib tayyorlash yuzasidan topshiriqlar berilgan edi. Mana, qisqa vaqt ichida katta mehnat evaziga 10 jildlik qoʻllanma tayyor boʻldi.
Qoʻllanmaning har bir jildi, ulardagi boblar, mavzularni aniqlash maqsadida yuqoridagi oliy taʼlim muassasalari vakillari bilan bir qatorda Jurnalistlar malakasini oshirishi markazi, Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi, Oʻzbekiston milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, “Dunyo” axborot agentligi vakillari, taniqli ijodkorlardan iborat tarkibda ishchi guruh tuzildi. Bir necha bor maslahat yigʻilishlari oʻtkazildi. Har bir jild boʻyicha masʼul muharrirlar tanlab olindi va ularning tavsiyalari asosida mualliflar tarkibi shakllantirildi. Qoʻllanma oliy taʼlim muassasalarida taʼlim jarayonida foydalanish bilan bir qatorda, “Jurnalistning shaxsiy kutubxonasi” sifatida har bir tahririyatda, jurnalistlarning shaxsiy kitob javonlaridan oʻrin olishga arziydigan adabiyotlar sifatida tayyorlandi.
Qoʻllanmaning har bir jildi “Jurnalistika nazariyasi, tarixi va taraqqiyoti”, “Jurnalistika huquqi va etikasi”, “Medialingvistika va tahrir”, “Media-marketing va menejment”, “Bosma ommaviy axborot vositalarida janrlar va mahorat masalalari”, “Audiovizual jurnalistika”, “Onlayn jurnalistika va mediada yangi trendlar”, “Zamonaviy media muhitda PR-xizmatlar”, “Ixtisoslashgan jurnalistika”, “Jurnalistika sotsiologiyasi va psixologiyasi” 1000 nusxada nashrdan chiqarildi.
— Ochigʻini aytganda, shu paytga qadar jurnalistika sohasiga oid maqtashga arzigulik qoʻllanma yoʻq edi, — dedi taniqli jurnalist, Oliy Majlis Senatining Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari Mahmudjon Parpiyev. — Nashr etilgan mazkur qoʻllanma mavjud boʻshliqni toʻldirdi, deyish mumkin. Bu nafaqat boʻlgʻusi jurnalistlar uchun, balki bugun sohada mehnat qilayotgan ijodkorlar uchun ham muhim manba boʻladi. Bu ishga bosh qoʻshgan Agentlik rahbarlari va “Oʻzbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi jamoasiga, qoʻllanma mualliflari — ustoz jurnalistlar, professor-oʻqituvchilarga minnatdorlik bildiraman.
Tadbirda Oʻzbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi vakillari, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti hamda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti oʻqituvchilari soʻzga chiqib, mazkur qoʻllanmaning chop etilishi soha rivoji uchun yangi qadam boʻlganini qayd etdilar.
— Ushbu kitobning chop etilishi xuddi Alisher Navoiyning «Farhod va Shirin» dostonida togʻni teshib suv ochgandek xayrli ish boʻldi, — dedi “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev. — Agentlik, nashriyot va qoʻllanmalar mualliflari ilm bulogʻiga yoʻl ochdi, desam mubolagʻa boʻlmaydi. Bu ish nihoyatda ulkan ilmiy izlanishlar natijasidir. Shuning uchun Oʻzbekistonda ham «jurnalistika professori» degan ilmiy unvon taʼsis etilsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi.
Taqdimotda jurnalistika boʻyicha taʼlim olayotgan talabalar ham soʻzga chiqib, mazkur qoʻllanmaning ahamiyati katta ekani hamda bugungi davr jurnalistikasi uchun suv va havodek zarur ekanini taʼkidladilar. Jurnalistlarning savollariga mutaxassislar tomonidan javob qaytarildi.