Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi binosida Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi aʼzolari, Oliy sud sudyalari, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi va huquq-tartibot organlari rahbar xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida «Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini taʼminlash toʻgʻrisida»gi Plenum qarori loyihasining muhokamasi oʻtkazildi.
Loyihada ommaviy axborot vositalari vakillarini ochiq sud majlislarida erkin qatnashishi va axborot olishlari, buning uchun sudlar zarur sharoit yaratishi, ish yopiq sud majlisida muhokama qilinishi toʻgʻrisidagi maʼlumot hamma uchun ochiq boʻlishi, yopiq sud oʻtkazilishining asoslari aniq koʻrsatilishi kabi bir qancha demokratik meʼyorlar qatnashchilar tomonidan bir ovozdan maʼqullandi.
Lekin, qarorning 14-bandidagi jinoyat, maʼmuriy, iqtisodiy ishni, maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ochiq sud protsessini fototasvirga olish, audiovideoyozuvni amalga oshirishga faqat sudga raislik qiluvchi ruxsati bilan yoʻl qoʻyilishi, OAV vakillari esa stenogramma va yozma qaydlarni olib borish bilan kifoyalanishi masalasida Agentlik oʻzining tegishli taklif va mulohazalarini maʼlum qildi.
Unga koʻra, jurnalist sud protsessi bilan hamohang tarzda yozma qaydlarni amalga oshirishga ulgurmasligi oqibatida maʼlumotlarni toʻliq yozib olmay notoʻgʻri xabar tarqatib qoʻyishi mumkinligi, audioyozuv yordamida material tayyorlash oson va qulay boʻlishi sababli ochiq sud protsessida (fuqarolik ishlari istisno) audioyozuvni amalga oshirishiga erkinlik berish kerakligi bayon qilindi.
Muloqot davomida Agentlik tomonidan Rossiya, Belarus va boshqa xorijiy davlatlarda yuqorida taʼkidlangan masalalar qonun hujjati bilan tartibga solingani bildirilib, sudlarning oshkoraligini taʼminlashda navbatdagi qadam sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tashabbusi bilan oshkoralikni maqsad qilgan qonun loyihasi tayyorlanishi taklifi ilgari surildi.
Yigʻilish soʻngida asoslantirilgan taklif va eʼtirozlar inobatga olingan holda «Sud muhokamasi oshkoraligini va sudlar faoliyatiga doir axborot olish huquqini taʼminlash toʻgʻrisida»gi Plenum qarori loyihasi asos sifatida qabul qilindi.