Kadastr sohasidagi ishlar tahlil qilindi

0
111
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 dekabr kuni yer hisobi va davlat kadastrlarini shakllantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Mamlakatimizda yerni asrab-avaylash, adolatli ajratish va undan oqilona foydalanish boʻyicha tizimli ishlar qilinmoqda. Joriy yilda qishloq yerlarini ochiq tanlov asosida ajratish, qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan joylarni auksion asosida xususiylashtirish toʻgʻrisida qonun qabul qilindi.

 2020 yil 7 sentyabrda “Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Prezident farmoni imzolangan edi. Unga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi huzurida Kadastr agentligi tashkil etildi. Farmonda koʻplab yangiliklar qatori davlat kadastrlari obyektlarini xatlovdan oʻtkazish va Milliy geoaxborot tizimiga kiritish vazifasi ham belgilangandi. 

Shunday qilib, Oʻzbekiston tarixida ilk bor qishloq xoʻjaligi yerlari yalpi xatlovdan oʻtkazilmoqda. Bugungi kungacha 23 million gektar qishloq yerlarining elektron xaritalari yaratildi. Shundan, 22 million gektari davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

Ilgari hisobga olinmagan 412 mingta koʻchmas mulk kadastr bazasiga kiritildi, 478 mingta obyektda qoʻshimcha qurilmalar aniqlanib, kadastr bahosi qayta koʻrib chiqildi.

Shu bilan birga, xatlovda koʻplab xatoliklar ham yuzaga chiqmoqda. Misol uchun, elektron hisobga olinayotgan qishloq xoʻjaligi yerlari qogʻozda yuritib kelingan Yer fondi hisoboti bilan farq qilmoqda.

Bundan tashqari, yoʻl, elektr, gaz taʼminoti, suv xoʻjaligi, obodonlashtirish obyektlari, koʻp qavatli uylarga tutash hududlar kadastrida ham koʻplab muammolar mavjud.

Bular qilinadigan ishlar hali koʻpligini koʻrsatadi.

Shu bois yigʻilishda galdagi muhim vazifalar belgilandi.

Avvalo, qishloq xoʻjaligi yerlarini hisobga olish ishlarini kelgusi yil 1 aprelgacha yakunlash muhimligi taʼkidlandi. Buning uchun qishloq xoʻjaligi er balansidagi 2 million 700 ming gektar maydonning toifasini aniqlash zarur.

Kelgusi yilda aholiga ijaraga beriladigan 80 ming gektar yerni davlat roʻyxatidan oʻtkazib, keyin tanlovga chiqarish vazifasi qoʻyildi.

Hududlarda qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlar ham koʻpki, ulardan ham samarali foydalanish zarur. Masalan, oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi tasarrufida 10 million gektardan ziyod, suv xoʻjaligi vazirligi tizimida 820 ming gektar, avtomobil yoʻllari atrofida 450 ming gektar yer bor. Shuningdek, 3 million 300 ming gektar yer hokimliklar zaxirasida turibdi.

Davlatimiz rahbari bu yerlarning elektron xaritasini tuzish va davlat mulki sifatida roʻyxatdan oʻtkazish kerakligini taʼkidladi.

Ichki yoʻllar va koʻp qavatli uylarga tutash hududlarni doimiy foydalanishga ajratish mumkinligi qayd etildi.

Yana bir muammo – yer balansida aholi yashash maydonlari 223 ming gektar boʻlsa-da, amalda 1 million gektardan oshib ketgan. Shu bois, bunday koʻchmas mulk obyektlarini xatlovdan oʻtkazib, uning natijasi boʻyicha elektron xarita tuzish hamda aholi uchun ochiq onlayn platformaga joylashtirish vazifasi qoʻyildi.

Kadastr idoralarining sharoitlarini yaxshilash, uskunalarini yangilash boʻyicha ham topshiriqlar berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.