Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 15 may kuni kambagʻallikni qisqartirish va bandlikni taʼminlash chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz siyosatida inson manfaatlari, ijtimoiy adolat tamoyillari ustuvor. Shu boisdan ham aholining muayyan qatlami oʻrtasida kambagʻallik borligi tan olinib, uni qisqartirish boʻyicha alohida tizim joriy qilindi. Bunga qoʻshimcha, joriy yil boshida barcha tumanlar sharoitiga koʻra 5 ta toifaga ajratilib, tabaqalashgan yengilliklar berildi. Bularning natijasida oʻtgan yili 1 million nafar, bu yil birinchi chorakda 210 ming aholi kambagʻallikdan chiqarildi.
Har yili oilaviy tadbirkorlikka 13 trillion soʻm kredit va 1 trillion 500 milliard soʻm subsidiyalar ajratilayapti. “Ijtimoiy himoya reestri” orqali 2 million 300 ming muhtoj oila, xotin-qizlar, yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan vatandoshlarimiz moddiy yordam bilan qamrab olindi.
Lekin, bu natijalar hali yetarli emas. Kambagʻallikni kamaytirish – bu aholida tadbirkorlik ruhini uygʻotish, kasbga tayyorlash va ish oʻrinlarini koʻpaytirishga qaratilgan kompleks vazifadir.
Shu bois yigʻilishda bu borada yangi bosqichga oʻtish, ragʻbat choralarini joriy etish masalalari muhokama qilindi.
Oxirgi besh yilda yurtimizda tadbirkorlar soni 285 mingdan 590 mingtaga koʻpaydi. Bu – bitta tumanda 2,5 mingdan ortiq yoki bir mahallada 50 nafardan tadbirkorlar sinfi shakllandi, degani. Agar davlat bu tadbirkorlar bilan manfaatli hamkorlik qilib, ularni qoʻllab-quvvatlasa, joylarda bandlikni hal qilish imkoniyati ortadi.
Masalan, aholini kasb-hunarga oʻqitish uchun har yili davlat tomonidan 200 milliard soʻm ajratilyapti. Lekin bu mablagʻlar tadbirkor bilan bogʻlanmagan. Xuddi shunday, tadbirkor ham yiliga katta xarajat qilib, oʻzi uchun minglab mutaxassis tayyorlashga majbur. Lekin, bunda davlat qoʻllab-quvvatlovi yoʻq.
– Buning birdan-bir toʻgʻri yechimi – tadbirkorga sharoit yaratib, ular bilan manfaatli hamkorlik qilish. Bu orqali ham bandlikni taʼminlaymiz, ham malakali mutaxassis tayyorlaymiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu maqsadda 1 iyundan boshlab “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi amalga oshirilishi maʼlum qilindi. Unda ishtirok etish ixtiyoriy boʻladi. Dasturga 2023-2024 yilda jami 1 milliard dollar ajratiladi. Bu mablagʻlar hisobidan tadbirkorga kambagʻal oilalar aʼzosini kasbga oʻqitib, ishli qilishiga qarab, amaldagidan past foizlarda va uzoqroq muddatga kredit beriladi. Tadbirkorning “amaliy monomarkaz” tashkil qilish va jihozlash hamda kasbga oʻqitish xarajatlari toʻliq qoplab beriladi.
Dasturda ishtirok etadigan tadbirkorlarga soliqlardan alohida imtiyozlar beriladi. Jumladan, kamida 20 foiz kambagʻal oila aʼzosini bir yil davomida ish bilan taʼminlasa, mol-mulk va yer soliqlaridan ozod qilinadi. 5 million soʻmgacha ish haqi toʻlayotgan tadbirkorlarga ijtimoiy soliq stavkasi 2 baravar kamaytiriladi. Kambagʻal oila aʼzosi ham daromad soligʻidan ozod qilinadi.
Shuningdek, soliq va bojxona maʼmurchiligida ham yengilliklar nazarda tutilmoqda. Xususan, bunday tadbirkorlar faoliyatida soliq tekshiruvlari oʻtkazilmaydi. Ularga qoʻshilgan qiymat soligʻi hamda ortiqcha toʻlangan soliqlar tekshiruvsiz qaytarib beriladi. Barcha soliqlardan qarzdorlikni bir yilgacha kechiktirib toʻlash imkoni beriladi. Bojxona rasmiylashtiruvida “yashil yoʻlak” tartibi qoʻllaniladi.
Dasturga kirgan tadbirkorlarga infratuzilma, yer va bino-inshootlar bilan taʼminlashda qoʻshimcha yengilliklar beriladi. Masalan, yer va bino-inshootlarni xususiylashtirishda boʻlib toʻlash imkoniyati yaratiladi. Qiymati 50 milliard soʻmdan yuqori loyihalar boʻyicha infratuzilma xarajatlari toʻliq qoplab beriladi.
Yigʻilishda ushbu yangi tizim asosida joriy yilda 550 ming aholini oʻqitib, kambagʻallikdan chiqarish mumkinligi aytildi.
Maʼlumki, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha Xitoyda tajriba katta. Ushbu tajriba asosida har bir viloyatda kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha alohida dastur amalga oshirilishi belgilandi. Bunda, kambagʻallik yuqori boʻlgan tumanlarda yoʻl-transport, elektr, aloqa va turizm infratuzilmasini yaxshilash, kichik va oʻrta shaharlarni rivojlantirish, mahallalarni sanoatlashtirishga eʼtibor qaratiladi. Endi har yili tasdiqlanadigan davlat investitsiya dasturlari ham shu asosda shakllantiriladi.
Mutasaddilarga tanlab olingan 14 ta tumanni kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha kompleks dastur ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Yigʻilishda vazirlar, tarmoq rahbarlari va viloyat hokimlari yangi tizim asosidagi ishlarni tashkil etish rejalari yuzasidan axborot berdi.