Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 11 sentyabr kuni kambagʻallikni qisqartirish ishlarini keyingi sifat bosqichiga olib chiqish masalallari muhokamasi boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Bu yoʻnalish mamlakatimizda 2020 yilda boshlangan edi. Oʻshanda 7,5 million yoki 23 foiz aholining daromadi kambagʻallik chegarasiga yetmasdi. Oʻtgan yillarda 3,5 million odamni daromadli qilish orqali 2023 yil yakuni bilan kambagʻallik darajasi 11 foizga tushdi.
Avvalo, ijtimoiy himoya qamrovi 4,5 karra kengaytirilib, oʻtgan yili 12,3 trillion soʻm yoʻnaltirildi. Pensiya va nafaqalar miqdori ham 1,5 baravar koʻpaytirildi.
Mahallada kambagʻallikni qisqartirish, tadbirkorlik loyihalariga 35 trillion soʻm arzon kredit, 7 trillion soʻm subsidiya berildi. Mahallalarni obod qilish, bogʻcha, maktab, tibbiyot, yoʻl, suv va elektr infratuzilmasi uchun 120 trillion soʻm ajratildi. Shuningdek, 260 ming gektar yer 800 ming aholiga dehqonchilik qilib, daromad topishi uchun tarqatildi.
Yana bir misol – 2020 yildan buyon 3 milliondan 5 million soʻmgacha oylik oladigan ishchilar 2 barobar, 5 milliondan 7 million soʻmgacha oluvchilar esa 3 barobar oshdi. Bularning natijasida kambagʻallik darajasi yiliga oʻrtacha 3 foizga kamayib borayapti.
Lekin, bu boradagi ishlar hamma viloyat va tumanda ham bir xil emas. Masalan, oʻtgan olti oyda Navoiy, Surxondaryo, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahrida oʻzgarish boʻlmagan. 15 ta tumanda kambagʻallik 20 foizdan yuqori.
16 ta tumanda aholiga boʻlib berilgan yerlarda 2-3 martadan hosil olingani hisobiga kambagʻallik 2 karra kamaygan. Lekin 14 ta tumanda oʻzgarish sezilmayapti.
Prezidentimiz taʼkidlaganidek, kambagʻallikni faqat pul tarqatish, nafaqa toʻlash bilan hal qilib boʻlmaydi. Buning uchun kambagʻal oila aʼzorlarini oʻqitish, kasbga oʻrgatish va ish bilan taʼminlash muhim.
Bugungi kunda korxonalarda 250 mingta vakant bor. Lekin, kambagʻal oilalarning 35 foiz ishga layoqatli aʼzolarida bilim va koʻnikma kam. Yana ayrimlari surunkali kasalliklar tufayli tayinli ishlay olmayapti. Kambagʻal oilalarning 83 foizida tomorqa bor, lekin suv, elektr va yoʻl bilan bogʻliq muammolar qiyinchilik tugʻdirayapti.
Yigʻilishda shu kabi masalalar atroflicha tahlil qilinib, yangi vazifalar belgilandi.
Davlatimiz rahbari keyingi yillar uchun “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi tayyorlanayotganini maʼlum qildi. Unda yettita imkoniyat va masʼuliyat tamoyili asosida Oʻzbekistonni navbatdagi yangi yondashuvlari belgilab beriladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi hokimliklar bilan birga bu yil har bir mahallani toʻliq xatlovdan oʻtkazib, “kambagʻal oilalar portreti”ni ishlab chiqadi. Kambagʻal oila boʻyicha individual dastur boʻladi. Iqtisodiy kompleks oilalarni kambagʻallikdan olib chiqish bilan shugʻullanadi. Bunda eng katta masʼuliyat tuman hokimlari va sektor rahbarlari zimmasida boʻladi.
Odamlarning ishi yurishishi mahallalardagi sharoitga ham bogʻliq. Shu bois kelasi yili mahallalar infratuzilmasini rivojlantirishga barcha manbalardan 1,6 milliard dollar ajratiladi. Buning bir qismi, avvalo, eng ogʻir 300 ta mahallada suv nasoslari va quyosh panellari oʻrnatishga beriladi. Yana 500 ta mahallada elektr, yoʻl, internet va boshqa infratuzilma masalalari hal etiladi.
Bugun yurtimizda kamida 50 ta ish oʻrni yaratgan 9 ming 200 ga yaqin tadbirkor bor. Ularning rejalari qoʻllab-quvvatlansa, faoliyatini kengaytirib, yana ishchi olishi mumkin.
Masalan, Andijon viloyatidagi 58 ta parranda korxonasi tuxum yetishtirishga 10 ming ehtiyojmand aholini jalb qilish, 660 ta baliq xoʻjaligi kooperatsiya orqali yana shuncha ish joyi yaratish tashabbusini bildirgan.
Davlatimiz rahbari bunday loyihalarni moliyalashtirish boʻyicha yangi tizim qilish va boshqa hududlarda ham kengaytirish boʻyicha topshiriqlar berdi.
Ikki yil avval Prezident farmoni bilan umumiy ovqatlanish sohasidagi tadbirkorlarga ijtimoiy soliqdan imtiyoz berilgan edi. Buning natijasida qator korxonalar Toshkent, Samarqand va Andijonda 2 ming odamni ishli qildi. Shu imtiyoz yana 2 yilga uzaytirib berilsa, tadbirkorlar yana oʻn minglab ehtiyojmand aholini ish bilan taʼminlashga tayyor.
Sanoatda eng koʻp ish oʻrni yaratadigan tarmoq – toʻqimachilik. Bu soha tadbirkorlari ham ikki yil avval tayyor trikotaj, boʻyalgan mato va gazlama korxonalariga ijtimoiy soliqdan berilgan imtiyozni uzaytirib berishni soʻragan.
Aholi bandligidagi ahamiyatini inobatga olib, mutasaddilarga bu sohalarga imtiyozlarni uzaytirish boʻyicha taklif kiritish topshirildi.
Agar korxonalar kambagʻal aholini band qilsa, oʻsha ishchiga ijtimoiy soliqdan imtiyoz yana uch yilga saqlanib qoladi. Ushbu imtiyoz nafaqat toʻqimachilikka, balki barcha sohadagi korxonalarga beriladi. Bu orqali toʻqimachilik, qurilish materiallari, charm-poyabzal, elektr texnikasi, oziq-ovqat, chorvachilik va qurilish tarmoqlarida yuz minglab kambagʻal aholini ishli qilish mumkin.
Oʻtgan yillarda 260 ming gektar yer 800 ming aholiga dehqonchlilik uchun ajratilgan edi. Endi yana 50 ming gektar yer 100 mingta kambagʻal oilaga boʻlib berilishi aytildi.
Ushbu yerlarda “kompaniya – kooperativ – dehqon xoʻjaligi” tamoyili asosida dehqonchilik va bogʻdorchilik tashkil etiladi. Bunda, Xitoy tajribasi asosida, yerdan uch xil daromad oladigan tizim qilinadi:
1) qishloq xoʻjaligi mahsuloti yetishtiruvchi va eksport qiluvchi katta kompaniya kambagʻal oilalardan yerni ikkilamchi ijaraga oladi.
2) yoki yer egalari ulushdor sifatida kooperatsiyaga birlashib, kompaniyalardan buyurtma oladi va topilgan daromad ular oʻrtasida taqsimlanadi.
3) har ikki holatda ham ushbu aholi yerda oʻzi mahsulot yetishtirib, buning uchun oylik oladi.
Yaʼni, kambagʻal oila oʻziga berilgan yerdan yanada samarali foydalanib, oylik olish bilan birga, ijara yoki dividenddan daromad koʻradi. Kompaniya esa bir konturda bir mahsulot yetishtirib, sifat va tannarxdan yutadi.
Bandlik loyihalarini amalga oshirishda mikromoliya xizmatlari ham muhim va bu boradagi imkoniyatlar kengaymoqda.
Endi 2024-2025 yillarda odamlar oʻzini oʻzi band qilishi, kichik va oʻrta tadbirkorlik bilan shugʻullanishi uchun mikrokreditlar ajratishga 10 trillion soʻm beriladi. Shuningdek, kambagʻal oilalarga 30 million soʻmgacha uskuna, koʻchma doʻkon, motoroller, skuter kabi vositalar 5 yilda boʻlib toʻlash sharti bilan beriladi. Kambagʻal oila farzandlariga kompyuter sotib olish uchun 5 yilga 2 yillik imtiyozli davr bilan foizsiz kredit ajratiladi.
Savdo-sanoat palatasi huzurida tadbirkorlarga ishchi topib, ularni tayyorlab beradigan markaz tashkil qilinadi. Kambagʻal oila aʼzolariga korxona talabiga mos koʻnikmalar oʻrgatilib, ishga joylashtiriladi.
Har bir kambagʻal oilada, ayniqsa, xotin-qizlar orasida oliy maʼlumotlilar boʻlishiga alohida eʼtibor qaratiladi. Buning uchun ular foizsiz taʼlim kreditlari, grantlar va boshqa moliyaviy yordamlar orqali qoʻllab-quvvatlanadi.
Umuman, davlatimiz rahbari bu maqsad juda keng koʻlamli ekani, unga barcha hissa qoʻshishi kerakligini taʼkidladi.
– Bundan buyon kambagʻallikni qisqartirish umummilliy harakatga aylanadi. Hukumatdan tortib, tuman tashkilotigacha barcha boʻgʻindagi rahbarlarning kundalik ishi oilalarni kambagʻallikdan olib chiqish boʻlishi kerak. Bu borada nazorat ham, soʻrov ham qattiq boʻladi, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yigʻilishda Bosh vazir oʻrinbosari, viloyat va tuman hokimlari axborot berdi. Kambagʻal oilalar uchun ajratilayotgan mablagʻlarning manzilliligi va samaradorligini oshirish, masʼullarning bu boradagi ishlarini muhokama qilib, muammolarni hal etib borish yuzasidan vazifalar belgilandi.