Prezident Shavkat Mirziyoyev aholining turmush sharoitlari, bunyodkorlik ishlari bilan tanishish maqsadida Toshkent shahrining Shayxontohur tumaniga tashrif buyurdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari dastlab Samarqand darvoza mahallasida barpo etilgan kasbga yoʻnaltirish markazida boʻldi. Bu yerda yoshlar va ayollarga savdo, marketing, moliya, axborot texnologiyalari sohalaridagi zamonaviy kasblar oʻrgatiladi. Keyinchalik ularning yuqori daromadli ish topishiga ham koʻmaklashiladi. Markaz atrofi obodonlashtirilgan, ishkomlar oʻrnatilib, toklar ekilgan.
Shu yerda kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlash chora-tadbirlari taqdimot qilindi. 10 may kuni shu masala boʻyicha oʻtkazilgan yigʻilishda salohiyatli tadbirkorlarni yangi ish oʻrinlari yaratishga ragʻbatlantirish taklifi bildirilgan edi.
Masalan, Shayxontohur tumanida 51 ta mahalla bor. Salohiyati yuqori tadbirkorlar 100 dan ziyod. Shartnoma asosida ularga mahallalardagi ishsizlar biriktirilmoqda. Unga koʻra, davlat sharoit yaratadi, tadbirkorlar aholini kasbga oʻqitib, ish bilan taʼminlaydi.
— Bu ikki tomonlama manfaatli, — dedi Shavkat Mirziyoyev. — Hozir koʻp tadbirkorlar faoliyatini kengaytirmoqchi, hammaga malakali ishchi kerak. Maqsadimiz — korxonalar amaliy monomarkazga aylanib, sohaga mutaxassis tayyorlasin. Buning uchun davlat infratuzilma, moliya, soliq boʻyicha yengilliklar beradi. Ish oʻrinlari koʻpaygani, aholining xarid qobiliyati oshgani hisobidan bu pul pirovardida iqtisodiyotga qaytib tushadi. Eng muhimi, bu amaliyot yoshlar uchun faqat ish oʻrganish emas, hayot maktabi boʻladi.
Taqdimotda Shayxontohurning turizm salohiyatini ishga solish boʻyicha takliflar ham koʻrib chiqildi. Poytaxt tumanlari hokimlari Janubiy Koreya, Singapur kabi davlatlar tajribasini oʻrganishi zarurligi taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari ushbu markazdagi sport-sogʻlomlashtirish majmuasini ham kirib koʻrdi. Unda yopiq suv havzasi va sport zali mavjud.