Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik masalalari muhokama qilindi

0
93
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 may kuni kambagʻallikni qisqartirish va bandlikni oshirish chora-tadbirlari taqdimoti bilan tanishdi.

Maʼmuriy islohotlar doirasida bu sohalarga masʼul vazirlik tashkil etilib, barcha huquqiy-tashkiliy asoslar yaratildi. Yurtimizda ilk bor minimal isteʼmol xarajatlari qiymati joriy etildi.

Aholi bandligini taʼminlash uchun oilaviy tadbirkorlikka 15 trillion soʻm imtiyozli kredit va subsidiyalar, dehqonchilik uchun 200 ming gektar yer ajratildi. Shu davrda 300 mingga yaqin tadbirkorlik subyekti tashkil qilinib, 20 mingta korxona faoliyati kengaytirildi. Oʻtgan yili 1 million nafar aholi kambagʻallikdan chiqarildi.

Yaqinda qabul qilingan Konstitutsiyamizda ham kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha davlat oʻziga majburiyatlar oldi.

Shu bois yigʻilishda bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqish choralari muhokama qilindi. Avvalo, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi hududlarda yangicha ishlashi kerakligi taʼkidlandi.

 Salohiyatli tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlab, yangi ish oʻrni yaratishga ragʻbatlantirish masalasi koʻrib chiqildi. Buning uchun ular bilan malakali ishchi tayyorlash boʻyicha shartnoma tuziladi. Yaʼni, korxonalarda koʻplab “amaliy monomarkaz”lar tashkil qilinadi. Davlat bunga zarur mablagʻlar ajratish bilan birga, infratuzilma, kredit, soliq va boshqa masalalar boʻyicha yengilliklar beradi. Tadbirkor esa kambagʻal aholini daromadli ish bilan taʼminlaydi.

Mutasaddilarga ushbu tizimni barcha tuman va shaharlarda joriy qilish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Maʼlumki, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha Xitoyning tajribasi eʼtiborga molik. Buni oʻrganish va yangi yondashuvlarni ishlab chiqish uchun yaqinda mamlakatimiz delegatsiyasi Xitoyda boʻlib qaytdi. Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga u yerdan ekspertlar jalb qilindi.

Endi Xitoy tajribasi asosida har bir viloyatda bittadan tumanni kambagʻallikdan chiqarish boʻyicha alohida dastur amalga oshirilishi belgilandi. Bunda kambagʻallik yuqori boʻlgan tumanlarda yoʻl-transport, elektr, aloqa va turizm infratuzilmasini yaxshilash, kichik va oʻrta shaharlarni rivojlantirish, mahallalarni sanoatlashtirishga eʼtibor qaratiladi.

Bosh vazir oʻrinbosariga buning uchun zarur infratuzilma masalasini hal qilish vazifasi qoʻyildi.

Joriy yilda oilaviy tadbirkorlikka 13 trillion soʻm kredit va 1,5 trillion soʻm subsidiyalar ajratilayapti. Shuningdek, kambagʻallikni qisqartirish va bandlikni taʼminlash boʻyicha 37 turdagi subsidiyalar mavjud. Lekin ularni ajratish shartlari oilalarning ijtimoiy-iqtisodiy holati, loyihaning oʻzini oʻzi oqlash muddatidan qatʼiy nazar, barcha uchun deyarli bir xil. Shu bois kredit va subsidiyalarni har bir kambagʻal oilaga alohida yondashuv asosida taqdim etish taklifi bildirildi.

Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligini xalqchil tizimga aylantirish, 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatlarni bevosita mahallaning oʻzida yoʻlga qoʻyish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.