Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 avgust kuni kambagʻallikni qisqartirish va ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish chora-tadbirlariga oid taqdimot bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Har bir mamlakat rivojlanish jarayonida kambagʻallikni qisqartirish bosqichidan oʻtadi. Oʻzbekiston ham 2020 yilda aholining muayyan qismi kambagʻal ekanini tan olib, ularga madad berishga kirishdi. Moliyaviy-tashkiliy choralar koʻrilib, tizim joriy qilindi. Bu oʻz samarasini berib, uzoq yillar ogʻir vaziyatda boʻlgan 3 milliondan ziyod odamlarning sharoiti yaxshilandi. Kambagʻallik darajasi 17 foizdan 11 foizga tushdi.
Kelgusi uch yilda kambagʻallik darajasini 11 foizdan 7 foizga qisqartirish maqsad qilingan. Hozirgacha boʻlgan tizim bilan natijadorlikni oshirish qiyin. Kambagʻal oilani tanlashda aniqlik, ularni bu holatdan olib chiqish va mablagʻ ajratishda yaxlitlik yetishmaydi.
Shu yil 12 iyul kuni Fargʻona viloyatida oʻtgan yigʻilishda davlatimiz rahbari bu borada yangicha yondashuvlar kerakligi, endi kambagʻallikni qisqartirish va ijtimoiy himoya bir tizimda boʻlishini aytgan edi.
Taqdimotda ushbu ikki sohani mutanosib rivojlantirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi.
Unga koʻra, tahlillardan kelib chiqib, kambagʻallikni aniqlash mezonlari va manzilli roʻyxati shakllantiriladi. Jumladan, unga “Ijtimoiy himoya yagona reestri”dagi hamda kambagʻallikka tushish xavfi yuqori boʻlganlar kiritiladi. Bunday oilalar “mahalla yettiligi” va faollari tomonidan ovoz berish yoʻli bilan tasdiqlanadi. Kambagʻallikdan chiqarishga qaratilgan barcha ijtimoiy xizmat va yordamlar “Inson” markazlari tomonidan amalga oshiriladi.
Kambagʻallik omillarini oʻrganish uchun ijtimoiy himoya va bandlik masalalarida 8 ta yoʻnalishda yagona savolnoma ishlab chiqiladi. Shu asosida oilalarning imkoniyatlari baholanib, 3 ta toifaga ajratiladi. Har bir oilaga individual yondashilib, “oyoqqa turishi”ga koʻmaklashiladi.
Shu taxlit, kambagʻallik darajasi yuqori boʻlgan mahallalar roʻyxati ham shakllantiriladi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi va hokimliklar tomonidan har yili 50 ta mahalla tanlab olinib, ular kambagʻallik va ishsizlikdan xoli hududga aylantirib boriladi.
Bugungi kunda hokim yordamchilariga 20 dan ortiq vazifalar yuklatilgan. Shu sababli kambagʻallikni qisqartirish masalasi ikkilamchi darajaga tushib qolgan. Endi hokim yordamchilarining faoliyatini qayta koʻrib chiqilib, asosiy eʼtibor kambagʻallikni qisqartirish va ular bandligini taʼminlashga qaratiladi.
Har yili kambagʻallikni qisqartirishga 14 trillion soʻm yoʻnaltirilmoqda. Lekin bu mablagʻ 40 turdagi moliyaviy vositalar orqali, 10 ga yaqin idora tomonidan berilmoqda, yagona yondashuv yoʻq. Shu bois bu tizim ham oʻzgartiriladi. Mablagʻlar hudud, tuman va mahallalar kesimida kambagʻal oilalar sonidan kelib chiqib, mos ravishda Agentlik va hokimliklar tomonidan taqsimlanadi. Bunda mablagʻlar, birinchi navbatda, oilani kambagʻallikdan chiqarishga yoʻnaltiriladi.
Kambagʻallikni qisqartirishga qaratilgan dasturlar ijrosi boʻyicha 3 bosqichda – mahalla va tuman, viloyat hamda respublika darajasida monitoring tashkil qilinadi. Bu borada jamoatchilik nazorati kuchaytiriladi.
Ish oʻrinlarini zaxiralash amaliyoti oʻrniga ehtiyojmand kishilarni ishga olgan tadbirkorlar uchun soliq imtiyozlari joriy qilinadi. Boʻsh ish oʻrinlari toʻliq raqamlashtiriladi. Buyurtmachini kasanachi va frilanserga bogʻlaydigan onlayn platforma tashkil qilinadi. “Ishga marhamat” monomarkazlarida kambagʻal fuqarolarni xizmatlar sohasida zamonaviy kasblarga oʻrgatish yoʻlga qoʻyiladi.
– Oxirgi yillarda toʻplangan tajriba va odamlarning ehtiyojidan xulosa qilib, kambagʻallikni qisqartirishni yangi bosqichga olib chiqish kerak. Ehtiyojmand insonlarning xohishi va imkoniyatini qoʻllab-quvvatlab, hayotga, jamiyatga olib kirish zarur. Umuman, har qanday ijtimoiy yordam pirovardida bandlikka bogʻlanishi shart, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mutasaddilarga ijtimoiy koʻmaklarning manzilliligi va shaffofligini taʼminlash, bandlik va kichik tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.