Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatiga tashrifi chogʻida “Chirchiq” kimyo-industrial texnoparkida boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Tatariston Respublikasi bilan hamkorlikdagi mazkur texnopark oʻtgan yil 23 mart kuni ochilgan edi. Bugungi kunda 10 million dollarlikdan ziyod 5 ta korxona ishga tushirilgan. Joriy yil yakuniga qadar qiymati 18 million dollar boʻlgan yana 8 ta loyiha amalga oshiriladi.
Xususan, “Rodium Polimer” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan koʻpiklantirilgan polipropilen mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Koreyalik ishbilarmonlar bilan birgalikda amalga oshirilgan bu korxonada yiliga 2 ming tonna mahsulot ishlab chiqarilib, 2 million dollarlik eksport qilinadi.
Shu yerda Toshkent viloyatidagi yangi sanoat, xizmat koʻrsatish va ijtimoiy soha majmualarini ishga tushirish marosimi boʻldi. Bular – Ohangaron tumanidagi “Tashkent Konch sement”, Quyi Chirchiq tumanidagi “Tashkent kotton tekstil”, Yuqori Chirchiq tumanidagi “Aziya Tashkent Tekstil”, “Salyubris Vita”, Angren shahridagi “Angren kaolin”, “Sentral Aziya Kemikals”, Nurafshon shahridagi “Agro Nyu Drip”, Chirchiq shahridagi “Sharq Tyubs”, Parkent tumanidagi “Samsarak fayz” va “Shabnam Elegant”lardir. Bu korxalarda sement, ip-kalava, toʻqimachilik, farmatsevtika, boyitilgan kaolin, kimyo mahsulotlari, tomchilatib sugʻorish shlanglari, rangli metallar ishlab chiqariladi. Umuman, mazkur korxonalarda 3 mingdan ziyod yangi ish oʻrni yaratiladi.
Davlat rahbari ramziy tugmani bosib, yangi korxonalarni ishga tushirdi.
Shundan soʻng, Prezident raisligida kambagʻallikni qisqartirish, aholi bandligini taʼminlash hamda mahalliy byudjet daromadlarini koʻpaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Videoaloqa orqali uni Qoraqalpogʻiston Respublikasi rahbariyati, barcha viloyat va tumanlar hokimlari ham kuzatib bordi.
Oʻtgan yilda Toshkent viloyatida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya oʻzlashtirish hajmi 135 foizga oʻsib, 480 million dollarni tashkil qilgani taʼkidlandi. Shuningdek, oʻtgan olti oyda investitsiya dasturlari doirasida 240 million dollarlik 322 ta loyiha ishga tushirilib, 8 mingta ish oʻrni yaratilgan.
Lekin ayrim tuman va shaharlarda faqat kichik va oʻrta loyihalar bilan cheklanib qolinmoqda. Misol uchun, Oʻrtachirchiq, Chinoz, Qibray, Toshkent, Yangiyoʻl tumanlari va Nurafshon shahrida birorta ham yirik loyiha yoʻq.
Shu bois har bir tuman va shahar hokimiga yil yakuni bilan kamida 100 million dollardan toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya jalb qilish vazifasi qoʻyildi.
Joriy yilning olti oyida viloyatda 440 million dollarlik eksport qilingan. Sanoat va xizmat sohasi koʻrsatkichlari ham oshgan. Lekin ayrim tuman va shaharlar kesimida olganda, tushgan. Bu yil qurilishi reja qilingan 114 ta koʻp qavatli uy-joylardan hozirgacha atigi 9 tasi foydalanishga topshirilgan.
Bu borada kamchiliklarga yoʻl qoʻygan bir qator rahbarlar lavozimidan ozod qilindi.
Prezident joylarda soliq bazasini kengaytirish uchun mavjud imkoniyatlarni sanab oʻtdi. Har bir tadbirkorning muammosini hal qilishga alohida soliqchi masʼul boʻlishi belgilandi. Soliq idoralarini korrupsiyadan xoli tuzilmaga aylantirish, xodimlarining maʼnaviy-axloqiy qiyofasini yaxshilash dolzarbligi taʼkidlandi.
Aholi bandligini taʼminlash va imtiyozli resurslarning yetib borishini osonlashtirish choralari belgilandi. Unga koʻra, endilikda hokim yordamchilari oʻzini oʻzi band qilganlarning kichik va oʻrta biznesga oʻtishiga koʻmaklashadi.
Buning uchun Yaponiya tajribasi asosida hududlarda biznes-inkubator va akseleratorlar tizimi joriy etiladi. Bunda, salohiyatli tadbirkorlarga dastlabki aylanma mablagʻlari uchun “ulushdorlik” kapitali beriladi.
“20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturi asosida 400 ming aholi bandligini taʼminlash tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi.
Yigʻilish yakunida tegishli vazirlik va idoralar, hududlar rahbarlarining axboroti tinglandi.