Marokashning Rabot shahrida karate boʻyicha nufuzli «Premier League» musobaqasi boʻlib oʻtmoqda. Ushbu turnirning yigitlar oʻrtasidagi bahslarida yurtimizdan ikki nafar sportchi ishtirok etmoqda. Eʼtiborlisi, ularning har ikkisi ham hozircha barcha bellashuvlarda gʻolib boʻlib, finalgacha yetib kelishdi.
-60kg vazn toifasida janglarda ishtirok etgan Sadriddin Saymatov Shveysariya, Fransiya, Qozogʻiston va Tunis davlatlaridan tashrif buyurgan sportchilarni magʻlubiyatga uchratib, final yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Endi Saymatov oltin medal uchun turkiyalik Aykut Kayaga qarshi jang qiladi.
-75kg vazn toifasida yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Dostonbek Otabolayev Chili, Latviya, Vengriya, Fransiya vakillaridan ustun keldi. U hal qiluvchi bahsda besh karra jahon chempioni ozarbayjonlik Rafael Agayevga qarshi bahs yuritadi.
Ayollar oʻrtasidagi bahslarda Bahriniso Babayeva ilk jangida imkoniyatni boy berdi. Yana bir sportchimiz Barno Mirzayeva esa hali turnirdagi ishtirokini boshlamadi.
Shuni alohida taʼkidlash quvonchliki, bugungi kungacha «Premier League» musobaqalarida xech qachon bitta turnirda birdaniga ikki nafar karatechimiz final yoʻllanmasini qoʻlga kiritmagandi. Oltin medal sohibi boʻlishlarida ularga omad tilaymiz.
J. Saʼdullayev tayyorladi.