Kasalliklarning oldini olish choralari muhokama qilindi

0
107
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 dekabr kuni ftiziatriya va pulmonologiya sohasini rivojlantirish, OITS kasalligining oldini olish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 13 fevraldagi qarori bilan ftiziatriya va pulmonologiya yordami koʻrsatish tizimini takomillashtirish boʻyicha chora-tadbirlar qabul qilingan edi. Bu sezilarli natija berib, kasallanganlar umumiy soni 2 mingtaga kamaydi. Yangi kasallanish holati 10 foizga, oʻlim holati 17 foizga qisqardi.

Lekin soʻnggi yillarda koronavirus epidemiyasi sababli yurtimizda oʻpka kasalliklari boʻyicha dispanser nazoratidagi bemorlar soni 18 foizga oshgan.

Hududlarda tuberkulyoz boʻyicha 5 xil yuqori texnologik jarrohlik amaliyotiga talab boʻlsa-da, bu xizmatlar faqat Toshkent va Nukus shaharlarida toʻliq yoʻlga qoʻyilgan.

Odam immuniteti tanqisligi virusi bilan kasallanish holatlari ham, afsuski, koʻpaymoqda. Bu, ayniqsa, Toshkent shahri, Andijon va Samarqand viloyatlarida dolzarb.

Shu bois yigʻilishda mazkur ikki sohadagi navbatdagi chora-tadbirlar mutaxassislar ishtirokida muhokama qilindi.

Prezidentimiz kelgusi yildan boshlab “Oʻpka salomatligi” mobil brigadalarini tashkil etib, chekka hududlarda bolalarni skrining tekshiruvlaridan oʻtkazish boʻyicha topshiriq berdi. 

Tuberkulyoz infeksiyasining molekulyar-genetik diagnostikasini, yashirin infeksiyasi bor bemorlarni aniqlash va profilaktik davolash qamrovini oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Viloyat hokimlariga hududlardagi Ftiziatriya sihatgohlarini taʼmirlash va jihozlash, bakteriologiya laboratoriyalarini tashkil etish topshirildi.

Sogʻliqni saqlash vazirligiga tuberkulyoz bilan kasallangan bemorlarni dori vositalari bilan bepul taʼminlash vazifasi qoʻyildi. Bunga davlat byudjetidan 40 milliard soʻm ajratiladi.

OIV infeksiyasi boʻyicha ham tekshiruvni kengaytirib, 3 million aholini qamrab olish choralari belgilandi. Bunday bemorlar ham 22 turdagi virusga qarshi dorilar bilan bepul taʼminladi.

Hududiy OITS markazi va tumanlararo laboratoriyalarni taʼmirlash, ularni zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlashga masʼullar biriktirildi.

Tibbiyotning birlamchi boʻgʻini xodimlarini OIV infeksiyasi boʻyicha malakasini oshirish, aholi oʻrtasida kasallik va uning oqibatlari toʻgʻrisida tushuntirish ishlarini kuchaytirish muhimligi qayd etildi.

Umuman, bularning barchasini inobatga olib, ftiziatriya, pulmonologiya va OITS yoʻnalishlarida dasturiy qarorlar loyihalarini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.