Kasb-hunar taʼlimini takomillashtirish boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi

0
40
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 sentyabr kuni kasbiy taʼlimni rivojlantirish va milliy malaka tizimini isloh qilishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Bu haqda shu yil 5 fevral kuni ijtimoiy sohalar boʻyicha boʻlib oʻtgan vidoselektor yigʻilishida vazifa qoʻyilgan edi. Oʻtgan vaqt mobaynida tizimning samaradorligi tanqidiy oʻrganilib, qoʻshimcha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Hozirgi kunda professional taʼlim tizimi uch turdagi muassasalar: 333 ta kasb-hunar maktabi, 227 ta texnikum va 112 ta kollejdan iborat. Ular tabaqalashganligi va dasturlari oʻrtasida uzviylik boʻlmagani sababli mavjud quvvatlardan unumli foydalanilmayapti.

Shu bois mazkur 3 turdagi muassasalar negizida texnikumlar tarmogʻini rivojlantirish taklif etilmoqda. Unga koʻra, 600 ta texnikum tashkil etiladi. Maqbullashtirish natijasida boʻshaydigan 71 ta muassasa binosi maktablarga aylantirilib, 42 mingta yangi oʻquvchi oʻrni yaratiladi.

Bundan tashqari, ilgari kollejlar turli vazirlik va idoralarga qarashli edi. Endi bu tizimda boshqaruv, tashkiliy va metodik jihatdan yagona davlat siyosati Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan yuritiladi.

Zamon talablariga tez moslashishi uchun texnikumlarning akademik mustaqilligini kengaytirish moʻljallanmoqda. Oʻqish muddatlari va davomiyligini kasb murakkabligi va oʻquvchining taʼlim darajasiga qarab belgilanishi koʻzda tutilmoqda.

Texnikumlarda taʼlim sifati va jozibadorligini oshirish maqsadida xalqaro taʼlim dasturlari yoʻlga qoʻyiladi. Dastlab, tajriba tariqasida, 14 ta texnikumda Angliyaning “BTEC” dasturi joriy etiladi. Bitiruvchilarga 70 ta davlatda tan olinadigan diplom beriladi hamda 200 dan ortiq xorijiy universitetlarga kirish imkoni yaratiladi. Natijaga qarab, bu tajriba bosqichma-bosqich boshqa texnikumlarga ham tatbiq etilishi mumkin.

Qabul jarayonini ish beruvchilar talabi asosida shakllantirish ham muhim. Shu maqsadda elektron platforma yaratilib, unga barcha vazirlik va tarmoqlar ulanadi. Texnikumlarning taʼlim dasturlari sanoat tarmoqlari, tadbirkorlar birlashmalari, yirik ish beruvchilar va uyushmalar bilan kelishilganidan soʻng amaliyotga kiritiladi.

Taqdimotda Milliy malaka tizimini isloh qilish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Soʻnggi yillarda bu borada muayyan ishlar qilindi. Lekin vazifalar undan-da koʻp. Mingdan ziyod ishchi kasblarning standartlari ishlab chiqilmagan. Ayrim kasblar boʻyicha kvalifikatsiyalar xalqaro talablarga mos kelmaydi.

Shu bois endi Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish respublika kengashiga Bosh vazir raislik qiladi. Uning tarkibida 24 ta yangi tarmoq kengashlari tuziladi.

Shuningdek, Taʼlim sohasidagi loyihalar ofisi huzurida Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Institut rivojlangan davlatlar tajribasi asosida Milliy malaka ramkasini yangi tahrirda qabul qiladi. Lavozim va kasblar klassifikatori qayta koʻrib chiqiladi, 100 ga yaqin zamonaviy kasblar kiritilib, hozir amaliyotda boʻlmaganlari chiqarib tashlanadi.

Davlatimiz rahbari texnikumlarni jihozlar va ish qurollari bilan taʼminlash, zamon talablariga mos ishchi-mutaxassislar tayyorlash, buning uchun amaliyotga keng oʻrin berish yuzasidan oʻz fikrlarini bildirdi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.