Prezident Shavkat Mirziyoyev Kasbi tumanidagi «Qamashi» mahallasida boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Bu yerda 6 ming nafardan ziyod aholi yashaydi. Ularga qulay ijtimoiy sharoitlar yaratish maqsadida hududda “Obod qishloq” dasturi amalga oshirildi.
Mahallaga olib keluvchi yoʻl boʻyida 40 dan ortiq yengil konstruksiyali savdo va xizmat shoxobchalari qurildi. Bu orqali 200 nafarga yaqin aholi ishli boʻldi.
Xonadonlar elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvi bilan taʼminlandi. 8 kilometrdan ortiq ichki yoʻllarga asfalt, 18 kilometrdan ziyod qismiga qum-shagʻal yotqizildi.
Davlatimiz rahbari Obod mahalla markazidagi sharoitlarni koʻrdi, bolalarning sanʼat va sport toʻgaraklarini kuzatdi.
— Bunday ishlar tufayli mahallalarga nur, madaniyat kirayapti, odamlar oʻzgarishlarni sezayapti. Endi bu markaz xalqimizga xizmat qilishi, doim gavjum boʻlishi kerak. Bu yerda xizmatlarni koʻpaytirish, yoshlarni sportga, turli toʻgaraklarga jalb etish zarur, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Mahallada joriy yilda 600 nafar xotin-qiz kasanachilik asosida tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarishga jalb qilindi.
Kooperatsiya asosida 50 ta xonadonda inkubator orqali joʻja koʻpaytirish, 300 ta xonadonda goʻsht, 200 tasida tuxum yoʻnalishida parrandachilik tashkil etilmoqda.
Tuman faollari bilan suhbatda yoshlar taʼlim-tarbiyasi, bandlik masalasi haqida soʻz bordi. Davlatimiz rahbari Kasbi tumani azaldan oʻziga xos kulolchilik va gilamchilik maktabi bilan mashhur boʻlib kelganini taʼkidlab, “Hunarmand” uyushmasiga hududda ushbu yoʻnalishlarni rivojlantirishga koʻrsatma berdi.