Mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan Kavkazdagi Oʻzbekiston sanatoriysida ikkinchi jahon urushi ishtirokchilaridan bir guruhi dam olayotgani haqida avval xabar bergan edik. “Oʻzbekiston” sanatoriysi maʼmuriyati ular uchun “Kislovodsk” milliy parkiga sayohat uyushtirdi.
Urushdan keyin tashkil bunyod etilgan milliy parkning inson qoʻli, qalb qoʻri bilan yaratilgan eng xushmanzara joyi atrgullar vodiysida yurtimiz faxriylari mashinadan tushib dam olishdi. Ikki gektar adrning shaxmat shaklidagi maydonchalariga oʻttizdan ortiq turdagi atrgullar ekilgan boʻlib, xushboʻy iforidan orom olib, xush manzara joylarni kezib, oʻzaro suhbat qurishdi. Ushbu guruhning eng yoshi ulugʻi 99 yoshli Usmon bobo Donoyev shunday deydi: Frontga besh aka-uka ketganmiz. Uchala akam urushda halok boʻlgan. Men janglarda ogʻir yarador boʻlib besh oy ushbu Kavkaz togʻlarida davolanganman. Avvalo Chechenda, Grozniyda uch oy davolashdi, Kavkazga hujum boshlangandan keyin Ozarbayjonga, Qoraboqqa koʻchirishdi. Besh oydan keyin ikki tayoqqa suyanib yurtga qaytdim. Shu ikki tayoq bir umr yoʻldoshim boʻldi. Oʻzim yarador boʻlib, oʻlim bilan hayot oʻrtasida olishgan joylarimga qaytib kelaman deb oʻylamagandim. Biroq, shu yerlarni qayta koʻrishni orzu qilardim. Nasib aylagan ekan, hukumatimizning gʻamxoʻrligi tufayli Qarshi madaniyat texnikumida qirq yetti yil ishlab nafaqaga chiqqan oʻgʻlim Islom Donoyev bilan kelib dam olayotganim, tengdoshlarim bilan miriqib suhbatlashayotganimni katta omad va baxt deb bilaman. Bizga shunday imkoniyatlar yaratgan mamlakatimiz Prezidentiga va tinimsiz xabar olib turgan munosib xizmat koʻrsatayotgan oromgohning maʼmuriyatiga oʻz minnatdorchiligimni bildiraman”
– Usmon bobo, ulugʻ, qutlugʻ yoshdasiz, urush boshlanganda men besh-olti yoshli qizcha edim. Urush dahshatlarini front orqasida oʻz koʻzim bilan koʻrib, jaji qalb bilan uning azoblarini his qilganman. Uzoq umr koʻrish sirlari nimada deb oʻylaysiz soʻraydi,– sakson uch yoshni qarshilayotgan, yuzidan nur yogʻilib turgan olima, iqtisod fanlari nomzodi Saboxon aya Raximova.
– Sizdek oqila singlim bor edi. Erta oʻlib ketdi. Urushdan qaytgach uning sagʻirini uyga olib keldim. Urushda halok boʻlgan akamning farzandini ham oʻzim boqib tarbiyaladim. Oʻzimning yetti farzandim bilan teng koʻrib ulgʻaytirib, barchasini oliy maʼlumotli qilib, hayotga yoʻlladim. Ogʻir yillar edida turmush oʻrtogʻim aka-opangizni bolalarini qoʻying deyishi mumkin edi. U meni qoʻllab quvvatladi, qaramogʻimga olgan jiyanlarimni oʻzining farzandidek koʻrib, taʼlim-tarbiya berishda koʻmaklashdi. Men bu samimiy munosabatlarni koʻrganimda xursand boʻlardim, oilamdan koʻnglim toʻlib, koʻkragimni, qaddimni koʻtarardim. Uzoq umr koʻrishning sababi atrofingdagi yaqinlaringga mehribonlikda, ahillikda, bagʻrikenglikda, deb bilaman.
Sizning ham Ollohga yoqqan joyingiz boʻlsa kerak mana shu yoshingizda Kavkaz togʻlarida dam olayapsiz. Qizingizning ovsini atrofingizda girdikapalak. Mehribon odamlarni Olloh sevguvchi, chunki oʻzi mehribondir.
– Men ham bir savol bersam. Hassaga suyanib urushdan qaytgan odamsiz, frontdan kelgach nima ish bilan shugʻullandingiz? Soʻraydi Saboxon ayaning yonida suhbatlarni jimgina tinglab oʻtirgan Sayyoraxon.
– Oʻsha paytlar Oʻzbekiston ham ikkinchi front edi. Mutaxassislar yetishmasdi. Meni Qarshidagi uch oylik hisobchilik kursiga yoʻllashdi. Shu-shu bir umr hisobchi boʻlib ishladim. Urush tugagach Shahrisabzda bir yarim yillik malaka oshirish kursida ham oʻqidim. Yetmish sakkiz yoshimda nafaqaga chiqdim.
Hozir bir million atrofida nafaqa olaman. Bir yuz uch nafar nevara, chevara, duvaralarim qurshovida darulomon kunlarni koʻrib, hayotdan mamnun yashayapman. Mamlakatimiz Prezidenti sovgʻa qilgan tilla soatni taqib yuribman. Har safar koʻzim tushganida koʻnglim koʻtariladi. Ollohim u kishini ham bizning yoshimizga yetkazsin. Shunday farzandni boqib-tarbiyalagan ota- onasiga rahmatlar aytaman. Oilamizga Oʻzbekistonda ishlab chiqarilayotgan eng katta avtomashina “Kaptiva”ni ham navbatdan tashqari berdilar. Hukumatimizni va farzandlarimning izzat-hurmatida qarilik gashtini surib yurishimiz yurtimiz tinchligi, bolalarimizning sogʻ-salomatligi, elimizning qut-barakaligidan deb bilaman. Ollohim dorulomon zamonlardan ayirmasin har birimizni, deya alqayman.
Shuningdek oromgoh maʼmuriyati yaqinlashib kelayotgan qurbon hayiti munosabati bilan yurtimiz qariyalariga alohida dasturxon bezab osh bilan mehmon qildi.
Umri davomida yurt, el yukini yelkasida yuklagan, ogʻir damlarda ham oʻzini, oʻzligini asrab namunali hayot kechirgan bobolarni, momolarni biz ham yaqinlashib kelayotgan qurbon hayiti bilan qutlaymiz.
Raʼno Zaripova,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan jurnalist
Maqola Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash Jamoat fondi koʻmagida tayyorlandi.