Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpogʻiston Respublikasiga tashrifini Kegeyli tumanidagi “Aqtuba tekstil” korxonasidan boshladi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Ilgari bu tumanda sanoat umuman yoʻq edi. Iqtisodiyotni tarkibiy oʻzgartirish boʻyicha qilinayotgan ishlar, hududlararo hamkorlik natijalari bu yerda ham sezilmoqda. Xususan, andijonlik tadbirkorlar bilan birgalikda uchta loyiha ishga tushirildi.
Ulardan biri – “Aqtuba tekstil” yiliga 3 million donadan ziyod trikotaj ishlab chiqarish quvvatiga ega. Buning uchun Germaniya, Yaponiya va Turkiyadan zamonaviy uskunalar keltirib oʻrnatilgan. 500 ta ish oʻrni yaratilgan. Yiliga 6 million dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari korxonadagi ish jarayonini koʻzdan kechirdi, ishchi ayollar bilan suhbatlashdi. Chekka hududlarda bunday yangi korxonalar ochilayotgani, xotin-qizlar ish bilan taʼminlanayotganining ahamiyatini taʼkidlab, buni davom ettirish boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatmalar berdi.
Korxonaning oʻzida kasb-hunarga qayta tayyorlash oʻquv markazi tashkil etilgan. Unda yaqin mahallalardagi ishsiz fuqarolar hunar oʻrganib, oʻz yoʻlini topadi.