Kelajakda hamma soha ekologiya bilan hamohang boʻladi

0
32
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21 oktyabr kuni Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini oʻrganish universiteti – “Green University”da boʻldi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Ilgari bu sohada yaxlit oliy taʼlim dargohi yoʻq edi. Davlatimiz rahbarining 2023 yil 31 maydagi qarori asosida tashkil etilgan mazkur universitetda zamonaviy ekologik yoʻnalishlar  qamrab olindi.

“Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida mamlakatimizda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish choralari koʻrilmoqda. Maʼlumki, bu iqlim oʻzgarishlari, suv va energetika sofligi, sogʻlik, taʼlim, isteʼmol va ishlab chiqarish kabi 17 ta farovonlik vazifalarini qamrab olgan boʻlib, ular koʻp jihatdan kadrlar malakasiga bogʻliq. Shu bois universitetda atrof-muhit va barqaror boshqaruv, atrof-muhit va iqtisodiyot, ekologiya va davlat boshqaruvi, barqaror rivojlanish, barqaror moliya, ekologiya huquqi, atrof-muhit sohasida ommaviy kommunikatsiyalar yoʻnalishlari ochilgan.

450 oʻringa moʻljallangan oʻquv binosi taʼmirlanib, zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Xonalar sohaga doir anjomlar, kompyuterlar va sunʼiy intellekt uskunalari bilan jihozlangan. Taʼlim ingliz tilida olib boriladi. Buning uchun AQSH, Buyuk Britaniya, Meksika va Fransiyadan chet ellik oʻqituvchilar ham jalb etilgan.

Prezident universitet mutaxassislari va talabalari bilan suhbatlashdi.

– Hozir ekologiya xuddi raqamli texnologiyalarday dolzarb. Kelajakda hamma soha atrof-muhit bilan hamohang boʻladi. Shuning uchun bu yerda ekologik iqtisodiyot, moliya, huquq kabi yoʻnalishlar tashkil etildi. Endi dual taʼlimni kengaytirib, bu yerdagi bilimlarni tezroq joylarda tatbiq qilish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mutasaddilarga ekologiya sohasida quyi boʻgʻin kadrlarini tayyorlash boʻyicha Qoraqalpogʻiston va har bir viloyatda texnikumlar tashkil etish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Universitetda xorijiy oliy taʼlim tashkilotlari bilan akademik va kasbiy tajriba almashish yoʻlga qoʻyilgan. Oʻquv dasturlari ular bilan hamkorlikda, “fan-taʼlim-ishlab chiqarish integratsiyasi” tamoyili asosida ishlab chiqilgan.

Zamonaviy laboratoriya talabalarni ilmga jalb etish, tajribasini oshirishda muhim omil boʻlmoqda. Unda yer, suv, bioxilma-xillik va chiqindi namunalari har xil muhitda tekshirilib, ilmiy xulosalar beriladi.

Davlatimiz rahbari ushbu laboratoriyani ham koʻzdan kechirdi.

— Bu yerda ilmiy salohiyat bor, zarur uskunalar bor. Bundan samarali foydalanish kerak. Masalan, yer-suv sharoitlari ogʻir tumanlar boʻyicha shartnoma asosida tahlillar oʻtkazish mumkin. Bu ikki tomonlama manfaatli boʻladi, — dedi Prezident.

Muassasada fanlararo tadqiqotlar qilish, innovatsion pedagogik uslub va texnologiyalarni ishlab chiqish, ilmiy-tadqiqot va amaliy bilimlarni integratsiya qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Oʻquv jarayoni “Hub and Spoke” tamoyili asosida tashkil etilgan. Bu yaxlit oʻquv tizimini yaratish, resurslarni optimallashtirish, talabalar va mutaxassislarning harakatchanligini oshirish kabi jihatlar bilan ajralib turadi.

Universitetning imkoniyatlarini kengaytirish uchun kelgusida poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi hamda Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanidagi sobiq kollejlar binolari taʼmirlanib, kampusga aylantirilishi rejalashtirilgan.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.