Kelgusi yilga moʻljallangan asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar muhokama qilindi

0
22
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev huzurida joriy yilda iqtisodiyotda kutilayotgan natijalar va 2025 yil uchun moʻljallangan asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlar muhokamasi yuzasidan yigʻilish boʻlib oʻtdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Jahondagi qiyin vaziyatga qaramasdan, ichki imkoniyatlarni ishga solish hisobiga, oʻtgan 9 oyda mamlakatimiz iqtisodiyoti 6,6 foizga, sanoat 7 foizga oshdi. Yil yakunigacha kamida 6 foiz oʻsish kutilmoqda.

Oltin-valyuta zaxirasi bu yil ilk bor 40 milliard dollardan oshdi. Aholining milliy valyutadagi depozitlari 50 foiz oʻsdi.

Dunyoning nufuzli reyting agentliklari ham Oʻzbekistonning reytingi barqaror saqlanib qolayotganini ijobiy baholayapti. Tashqi investorlar ishonchi ortgani tufayli xalqaro bozorlarda 4 milliard dollarlik yevrobond joylashtirildi.

Bularning natijasida joriy yilda investitsiyalarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 33 foizdan oshadi. Eksport qariyb 19 foizi oʻsishi kutilayapti.

Umuman, Xalqaro valyuta jamgʻarmasi, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot banki faol investitsiya siyosati va islohotlar hisobiga Oʻzbekistonda kelgusida ham barqaror iqtisodiy oʻsish saqlanib qolishini tasdiqlamoqda.

Shu bilan birga, dunyo bozorlarida raqobat kuchayib, xomashyo narxlari tez-tez oʻzgarayotgan hozirgi sharoitda sanoat va eksportda yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlarni koʻpaytirish shartligi taʼkidlandi. Shu nuqtai nazardan, mutasaddilarga har bir tarmoq kesimida qoʻshilgan qiymat zanjiri va mehnat unumdorligini oshirish boʻyicha uch yillik dastur ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Bu borada yigʻilishda iqtisodiyot va investitsiya sohasidagi asosiy vazifalar muhokama qilindi.

Asosiy soliq stavkalari oʻzgarishsiz qolayotgan holatda byudjet daromadlarini koʻpaytirishning birdan bir yoʻli – soliq maʼmurchiligini takomillashtirish ekani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari bu tadbirkorlar faoliyatiga aralashish orqali emas, balki raqamlashtirish, sunʼiy intellekt va yashirin iqtisodiyotni “soya”dan chiqarish hisobiga boʻlishi kerakligini taʼkidladi.

Xalqaro moliya tashkilotlari va boshqa hamkorlardan jalb etilgan imtiyozli mablagʻlarning samaradorligi masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.

Yigʻilishda 2025 yilga moʻljallangan iqtisodiy rejalar ham koʻrib chiqildi.

Kelgusi yilda yalpi ichki mahsulot oʻsishini saqlab qolish uchun barcha imkoniyat borligi qayd etildi. Buning uchun rejalashtirilgan loyihalarni oʻz vaqtida ishga tushirish, transport-logistika, axborot texnologiyalari, agro va moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish talab etiladi.

Imtiyozlarning samaradorligini koʻrib chiqish va yashirin iqtisodiyotni qisqartirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Yaratilgan imkoniyatlar hisobiga kelgusi yilda 78 ta tuman byudjet xarajatini oʻzi qoplashga oʻtkaziladi. Buning uchun er, mol-mulk va aylanma soligʻi toʻliq, daromad soligʻining 50 foizi ularning oʻzida qoldiriladi.

Ijtimoiy davlat tamoyilidan kelib chiqib, taʼlim va sogʻliqni saqlashga ajratilayotgan mablagʻlarni 20 foizga koʻpaytirish nazarda tutilmoqda.

Yigʻilishda bildirilgan fikrlar asosida 2025 yilgi Davlat byudjeti loyihasining asosiy yoʻnalishlari belgilab olindi.

Qonunchilikka muvofiq, bu loyiha va uning ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari mahalliy Kengashlarda muhokama qilinadi hamda yakunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.