Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 30 dekabr kuni kelgusi yilda iqtisodiyot tarmoqlari va kommunal soha barqaror ishlashini taʼminlash masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Yil ogʻir kelganiga qaramay, iqtisodiyotda ijobiy natijalarga erishilgani qayd etildi. Xususan, joriy yilda yalpi ichki mahsulot 7 foizga, sanoat 9,5 foizga, xizmatlar 20 foizga, qurilish sohasi 6 foizga, qishloq xoʻjaligi 4 foizga oʻsgan. Inflyasiya darajasi 10 foizdan past boʻlgan.
Eksport hajmi 16,5 milliard dollarni tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan qariyb 1,3 milliard dollarga oshdi. Umumiy qiymati 12,4 milliard dollarlik 318 ta yirik va 14 mingta hududiy loyihalar ishga tushdi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining turmush sharoiti yaxshilandi.
Yigʻilishda kelgusi yilda ham iqtisodiyotning barqaror oʻsishini taʼminlash boʻyicha vazifalar koʻrsatib oʻtildi. Xususan, yalpi ichki mahsulot va sanoatni 7 foizdan yuqori, xizmatlarni qariyb 30 foizga oshirish maqsad qilingan.
Davlatimiz rahbari yangi yilning boshidanoq, barcha tarmoq va hududlar tizimli ishlab, bu maqsadlarga erishish uchun mustahkam zamin yaratish kerakligini taʼkidladi.
Xalqimiz dasturxoni toʻkinligini taʼminlash maqsadida qish oylarida asosiy turdagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini bozorlarga barqaror yetkazib berish boʻyicha vazifalar belgilandi.
Elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiqlik taʼminoti, kommunal, sogʻliqni saqlash va yongʻin xavfsizligi tizimlarining barqaror ishlashi muhimligi qayd etildi.
Malakali tibbiy xizmat koʻrsatish, jamoat, yongʻin va harakat xavfsizligi faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha ham koʻrsatmalar berildi.