Prezident Shavkat Mirziyoyev 7 iyul kuni kimyo sanoatida erishilgan asosiy koʻrsatkichlar va rejalashtirilgan loyihalar taqdimoti bilan tanishdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
“Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi J.Mirzamahmudov Oʻzbekiston Prezidentining 2018 yil 25 oktyabrdagi qarori asosida tarmoq diversifikatsiya qilinib, yangi mahsulotlar oʻzlashtirilgani haqida axborot berdi. Natijada oxirgi 3 yilda ishlab chiqarish 1,5 baravar, eksport esa 2 baravar oshgan.
Asosiysi, ilgari surunkali zarar bilan ishlagan bu tarmoq 2021 yilni 1,6 trillion soʻm sof foyda bilan yakunlagan.
Joriy yilning olti oyida jamiyat korxonalari tomonidan qariyb 7 trillion soʻmlik mahsulot tayyorlanib, ishlab chiqarish 11 foiz oʻsgan. 218 million dollarlik tovarlar eksport qilingan.
Yil yakunigacha ishlab chiqarishni 14 trillion soʻm, eksportni 425 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Buning uchun ikkinchi yarim yillikda 650 ming tonna azotli, 70 ming tonna fosforli va 120 ming tonna kaliyli oʻgʻitlar hamda 80 ming tonna polivinilxlorid ishlab chiqarish moʻljallangan.
Davlatimiz rahbari tarmoq korxonalari samaradorligini oshirish va ularni transformatsiya qilish boʻyicha tizimli ishlash kerakligini taʼkidladi. Energiyani tejash va mahalliylashtirish orqali tannarxni 6 foizgacha kamaytirish mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.
Taqdimotda galdagi istiqbolli loyihalar haqida ham maʼlumot berildi. Qayd etilganidek, yil yakuniga qadar 400 million dollar investitsiya oʻzlashtirilib, 9 ta loyiha ishga tushiriladi. Jumladan, “Navoiyazot”da metilsellyuloza, texnik gaz, suyuq mineral oʻgʻitlar, Chirchiq kimyo texnoparkida koʻpikli polipropilen, organik oʻgʻitlar va polimer mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.
Prezidentimiz yangi loyihalarni faqat xususiy investitsiyalar ishtirokida amalga oshirish zarurligini taʼkidladi. 5 ta kimyo klasterida kamida 1 milliard dollarlik loyihalar portfelini shakllantirish vazifasi qoʻyildi.
Shuningdek, aksiyadorlik jamiyatiga qarashli korxonalarni xususiylashtirishni jadallashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.