Kimyo sanoatidagi istiqbolli loyihalar koʻrib chiqildi

0
79
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 noyabr kuni kimyo sanoatida amalga oshirilayotgan ishlar tahlili va yangi loyihalar muhokamasi yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.  

Mamlakatimiz iqtisodiyotida olib borilayotgan tarkibiy oʻzgarishlar bugun natijadorlikka aylanmoqda. Xususan, kimyo sanoatida soʻnggi besh yilda umumiy qiymati 2 milliard 100 million dollarlik 16 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 3 mingta yangi ish oʻrni yaratildi. Yana bir muhim jihati, sohaga xususiy sektor kirib kelib, ular tomonidan 45 million dollarga teng 8 ta loyiha ishga tushirildi.

Shu besh yilda kimyo sanoatida ishlab chiqarish 1,5 barobarga, eksport hajmi 190 million dollardan 310 million dollarga koʻpaydi. Korxonalarning umumiy sof foydasi 8 barobardan ziyod oʻsib, joriy yil yakuni bilan 1 trillion soʻmdan oshishi kutilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 13 fevraldagi qaroriga muvofiq kelgusida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent, Navoiy va Fargʻona viloyatlarida yuqori qiymatli tovarlar ishlab chiqarishga qaratilgan 4 ta texnologik kimyo klasterlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan. Ularda uglerod, poliefir va atsetat tolasi, polivinilatsetat, kaliy nitrati kabi 20 dan ziyod mahsulot ishlab chiqariladi.

Yigʻilishda ushbu klasterlar va istiqbolli loyihalar haqida maʼlumot berildi. 

Davlatimiz rahbari bu loyihalar tarmoqdagi ulkan imkoniyatlarga nisbatan yetarli emasligini, investitsiya jalb etib, mahsulotlarni koʻpaytirish mumkinligini taʼkidladi.

Kelgusi yilda ishlab chiqarish hajmini 12 trillion soʻmga, eksportni 380 million dollarga yetkazish imkoniyatlari koʻrib chiqildi. Sohani raqamlashtirish, korxonalarda operatsion xarajatlar va energiya sarfini qisqartirish orqali mahsulot tannarxini kamaytirish vazifasi qoʻyildi.

Qayd etilganidek, umumiy qiymati 740 million dollarlik 4 ta yirik loyiha boʻyicha qurilish ishlari boshlanadi. Shuningdek, kelgusi yilda suyuq kompleks oʻgʻitlar, karbamid formaldegid smolasi, gidroksipropil-metilsellyuloza, kalsiy xlorid kabi yangi turdagi mahsulotlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Mutasaddilarga ushbu loyihalar ijrosini doimiy nazoratga olish boʻyicha koʻrsatma berildi. 

Korxonalarni transformatsiya qilish, ularga zamonaviy texnologiyalar va boshqaruv tizimini joriy etish ishlarni izchil davom ettirish zarurligi taʼkidlandi.

Yangi korxonalarni kadrlar bilan taʼminlash ham muhim masala. Shu maqsadda kelgusi yilda 6 ming nafar oliy va oʻrta boʻgʻin mutaxassislarini tayyorlash moʻljallangan. Tarmoqdagi 6 ta korxona negizida oʻquv markazlari hamda Chirchiq shahrida ishchi-mutaxassislar tayyorlash majmuasini ishga tushirish belgilangan.

Mutaxassislarni kimyo sanoatining bugungi rivoji va ish beruvchining talablari asosida tayyorlash muhimligi taʼkidlandi.

Yigʻilishda belgilangan vazifalar boʻyicha tegishli hujjatlar qabul qilinib, ijrosi taʼminlanadi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.