Klasterlar faoliyatini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi

0
181
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 fevral kuni qishloq xoʻjaligida klasterlar faoliyatini yanada rivojlantirish masalalari boʻyicha yigʻilish oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida. 

Mamlakatimizda agrar sohani isloh qilish, unga bozor mexanizmlari va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, klaster usuli yoʻlga qoʻyildi, ekin turlari zamon talabidan kelib chiqib oʻzgartirildi. Natijada hosildorlik ham, daromad ham oshmoqda. Yurtimizda yetishtirilayotgan 80 turdan ortiq qishloq xoʻjaligi mahsulotlari 66 ta mamlakatga eksport qilinmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 23 oktyabrdagi farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga moʻljallangan strategiyasi qabul qilindi. Unga muvofiq, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish maqsadida meva-sabzavot klasterlari tashkil etilmoqda. 2019 yil 11 dekabrda bu borada Prezident qarori qabul qilinib, barcha tashkiliy-huquqiy asoslar yaratib berildi. Oʻtgan qisqa vaqtda hokimliklar tomonidan 86 ta shunday klaster tashkil etish boʻyicha takliflar shakllantirildi.

Yigʻilishda mazkur klasterlarning rejadagi quvvatlari, investitsiya miqdori va eksport hajmi boʻyicha maʼlumot berildi.

Qayd etilganidek, klasterlar tomonidan qayta ishlash, saqlash va quritish boʻyicha 430 ming tonna qoʻshimcha quvvatlarni ishga tushirish yuzasidan 96 ta loyiha rejalashtirilgan. Shuningdek, 6 ming gektarda intensiv bogʻ va 8 ming gektarga yaqin maydonda uzumzor barpo qilish boʻyicha loyihalar ishlab chiqilgan. Joriy yilda 410 million dollarlik mahsulotlar eksporti moʻljallangan.

Prezidentimiz Qishloq xoʻjaligi vazirligiga klasterlar faoliyatini tashkil qilish, xorijiy ekspertlar xulosasi asosida ekinlarni samarali joylashtirish, zarur urugʻlik va koʻchatlarni hozirdan tayyorlash, Moliya vazirligiga klasterlarni aylanma mablagʻlar bilan taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berdi.

Oʻzbekoziqovqatxolding” kompaniyasi klasterlarga yangi bozorlar topish va eksport qilishda doimiy ravishda amaliy yordam berib borishi kerakligi koʻrsatib oʻtildi.

Yigʻilishda paxtachilik klasterlari faoliyatini takomillashtirish, paxta va gʻalla yetishtirishda davlat rejasini bosqichma-bosqich bekor qilish masalalari ham muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari bu haqda joriy yil 24 yanvardagi Murojaatnomasida aytgan edi. “Paxta va gʻalla yetishtirishga davlat buyurtmasini bekor qilib, ushbu mahsulotlarni bozor tamoyillari asosida xarid qilish tizimiga bosqichma-bosqich oʻtamiz. Agar bu yoʻldan bormasak, fermer va dehqonlarimiz mahsulot yetishtirishda erkin boʻlmaydi, ular oʻzlari kutganlaridek manfaat koʻrmaydi, hokimlarning esa ish uslubi oʻzgarmaydi”, degan edi Shavkat Mirziyoyev.

Bu – sohada davlat aralashuvini keskin kamaytirish bilan birga hokimlarning reja ortidan quvish va majburiy mehnatga jalb qilish amaliyotiga butunlay chek qoʻyadi.

Bozor tamoyillariga oʻtishda klaster tizimi muhim omildir.  Bugungacha mamlakatimizda 73 ta paxta-toʻqimachilik klasteri tashkil etilgan, oʻtgan yilgi paxta hosilining 73 foizi ularning hissasiga toʻgʻri kelgan. Oʻrtacha hosildorlik klaster boʻlmagan yerlarga nisbatan 4,1 sentnerga yuqori boʻlib, qoʻshimcha 428 ming tonna paxta olingan.

Yigʻilishda klasterlarning huquqiy maqomini belgilash, ularni tanlash, fermerlar bilan munosabatlarini toʻgʻri yoʻlga qoʻyishning ochiq-oshkora mexanizmlarini joriy etish boʻyicha vazifalar belgilandi.

27 ta klasterga paxta yetishtirish uchun ularning quvvatiga nisbatan koʻp yer maydoni ajratilgani, 500 ming tonna tolani ishlab chiqarish quvvatiga ega ayrim klasterlarga esa yetarli miqdorda yer berilmagani keskin tanqidga sabab boʻldi.

Prezidentimiz klasterlarni tanlashda chuqur qayta ishlash darajasi va investitsiyalar hajmi, fermerlar bilan hisob-kitob qilishda mablagʻning yetarliligi asosiy mezonlar boʻlishi zarurligini taʼkidladi.

Klaster tashkil etilmagan paxta maydonlarida fermerlar ishtirokida kooperatsiyalar faoliyati yoʻlga qoʻyilishi belgilandi. Bunda oʻsha hududlardagi paxta tozalash zavodlari fermerlarga kooperatsiya tashkil etish uchun beriladi, qoʻshilgan qiymatdan tushgan daromad kooperatsiya aʼzolari – fermerlar oʻrtasida taqsimlanadi.

Qishloq xoʻjaligi vazirligi hamda Adliya vazirligiga klasterlar va fermerlarning majburiyatlarini aniq belgilab, ularning faoliyatini tartibga solish mexanizmlarini ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.

Paxta yetishtirishni moliyalashtirishning amaldagi tizimi klasterlar bilan ishlashga moslashmagani koʻrsatib oʻtildi. Shu bois klasterlar va fermerlarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Paxta va gʻalla boʻyicha davlat rejasini bekor qilish, ekinlarni majburiy joylashtirish tartibidan 2023 yilgacha bosqichma-bosqich voz kechish boʻyicha joriy va kelgusi yilda amalga oshiriladigan tadbirlar atroflicha koʻrib chiqildi.

Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi. 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.