Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 27 oktyabr kuni qishloq xoʻjaligida klaster tizimini rivojlantirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Yigʻilish avvalida Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida qoʻllab-quvvatlagani uchun xalqimizga minnatdorlik bildirib, saylovoldi dasturida aytilgan barcha maqsad va vazifalar albatta amalga oshirilishini taʼkidladi.
Jumladan, qishloq xoʻjaligida ham ulkan rejalar belgilangan. Kelgusi besh yilda hosildorlikni kamida 2 barobar koʻtarish, xomashyoni chuqur qayta ishlash, soha eksportini 7 milliard dollarga yetkazish, aholi bandligi va daromadlarini yanada oshirish maqsad qilingan.
Bunda klasterlar asosiy tayanch va yetakchi boʻladi. Bu tizim qisqa vaqtda katta oʻzgarishlarga zamin yaratdi. Masalan, birgina paxtachilikda tolani qayta ishlash 2,5 barobarga oshib, 100 foizga yetkazildi. Shuningdek, ip-kalava ishlab chiqarish 2 barobarga, tayyor mahsulot – 3 barobarga ortdi, eksport yil yakuniga qadar 3 milliard dollarga yetadi.
Paxta xomashyosidan tayyor mahsulotgacha boʻlgan bosqichlarni qamrab olgan 2 milliard dollarlik 125 ta yangi korxona hamda 150 mingta doimiy ish oʻrni tashkil qilindi.
Klasterlar tomonidan 5 mingdan ortiq yuqori unumli texnikalar olib kelindi, 126 ming gektar maydonda suv tejash texnologiyalari joriy qilindi.
Innovatsion yondashuv natijasida hosildorlik ham oshib bormoqda. Koʻp klasterlar bu yil paxtadan 35-40 sentnergacha hosil oldi.
Davlatimiz rahbari bu ishlarni davom ettirish, qishloq xoʻjaligi va agrosanoatda samaradorlikni oshirish uchun klasterlarga imkoniyatlarni kengaytirish kerakligini taʼkidladi.
Joylardagi saylovoldi uchrashuvlarida fermer va dehqonlar, klaster rahbarlari oʻzlarini qiynab kelayotgan koʻplab muammolarni aytgan. Bu masalalar tizimlashtirilib, ularning yechimlari boʻyicha takliflar ishlab chiqilgan.
– Eng asosiy muammo – amaldagi eskicha moliyalashtirish tartibi, – dedi Prezident. – U sohani rivojlantirish boʻyicha qoʻyilgan talablarga mutlaqo javob bermayapti. Paxta-toʻqimachilik klasterlari kredit muddatlarini uzaytirish va miqdorini koʻpaytirishni soʻrayapti. Hozirda klasterlarga kredit 11 oy muddatga ajratiladi. Paxta xomashyosini yetishtirib, uni qayta ishlashga esa kamida 24 oy kerak. Yerni ekishga tayyorlash oktyabrda boshlansa-da, kredit 3-4 oy kechiktirib, yanvar-fevral oylaridan ajratiladi. Bu eski tizim endi toʻliq oʻzgaradi.
Yigʻilishda qayd etilganidek, endi paxta hosilini moliyalashtirish shudgor davridan, yaʼni oktyabr oyidan boshlanadi. Bundan buyon, klasterlarga kreditlar 24 oy muddatga ajratilib, uning imtiyozli davri amaldagi 11 oydan 18 oygacha uzaytiriladi.
Loʻnda qilib aytganda, klaster olgan kreditini, xomashyoni eng kamida ip-kalava va matoga aylantirgandan keyin qaytaradi. Bu tizimni joriy etishga byudjetdan 10 trillion soʻm yoʻnaltiriladi. Shu maqsadda Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasiga yil yakuniga qadar qoʻshimcha 100 million dollar ajratiladi.
Shuningdek, tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish, sugʻorishning yangi texnologiyalariga oʻtish, oʻsimliklar himoyasi, zamonaviy laboratoriyalar tashkil etish, fermerlarni oʻqitish kabi tadbirlar uchun har bir gektar paxta maydoniga 1 million soʻmdan moliyaviy grantlar ajratiladi.
Moliya vazirligi va Markaziy bankka ushbu yangi tizimni amaliyotga joriy qilish vazifasi qoʻyildi.
Klasterlar tomonidan ip-kalavani qayta ishlash darajasini kelgusi ikki yilda hozirgi 50 foizdan 70 foizga yetkazish moʻljallangan. Shundan kelib chiqib, ularga moliyalashtirishning yangi mexanizmlari joriy etilishi maʼlum qilindi.
Masalan, matoni boʻyash va aralash mato ishlab chiqaradigan uskunalar xaridi uchun, korxona quvvatiga qarab, davlat hisobidan moliyaviy grantlar beriladi. Bunday loyihalarni kreditlash uchun yana 150 million dollar mablagʻ ajratiladi.
Boʻyalgan mato va tayyor mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonalarning eksportini qoʻllab-quvvatlash uchun davlat tomonidan past stavkalarda 100 million dollarlik yangi kredit liniyasi ochiladi. Shunday tovarlarning kamida 80 foizini eksport qiluvchi klaster va boshqa toʻqimachilik korxonalari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 3 yil muddatga amaldagi 12 foiz oʻrniga 1 foiz qilib belgilanadi. Shuningdek, ularga mol-mulk soligʻini 3 yilga kechiktirib toʻlash imkoniyati ham beriladi. Buning hisobiga, korxonalar ixtiyorida yiliga kamida 500 milliard soʻm mablagʻ qoladi.
Yana bir qulaylik – kelgusi yildan ip-kalavani qayta ishlaydigan klasterlarga kredit olishda paxta xomashyosi va tolasini garovga qoʻyish amaliyoti joriy etiladi.
Yigʻilishda klasterlar faoliyatining huquqiy kafolatlarini yanada kuchaytirish boʻyicha ham koʻrsatmalar berildi.
Maʼlumki, gʻalla yetishtirish va sotishda bozor munosabatlariga oʻtilmoqda. Prezidentimiz kelgusi yildan gʻallachilik klasterlari va fermerlarga bugʻdoyni bozor narxida toʻliq erkin sotish huquqi berilishini taʼkidladi.
Bunda, klaster va fermer xoʻjaliklari 3 yil davomida har gektardan 2,5 tonna gʻallani birja savdolariga chiqarishi talab etiladi. Qolgan hosilni esa, toʻgʻridan-toʻgʻri sotish huquqi beriladi.
“Oʻzdonmahsulot” tarkibidagi donni qayta ishlash korxonalari gʻalla klasterlari tashkil etish uchun ochiq savdolarga chiqariladi.
Mutasaddilarga ikki hafta muddatda gʻalla boʻyicha toʻlovlarni toʻliq amalga oshirish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Yigʻilishda meva-sabzavotchilik klasterlari va kooperatsiyalari uchun ham qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish choralari muhokama qilindi. Ularni ham Qishloq xoʻjaligi jamgʻarmasi orqali imtiyozli kreditlash muhimligi taʼkidlandi. Jumladan, meva-sabzavotchilik klasterlariga aylanma mablagʻ uchun, jamgʻarma hisobidan 1 yil muddatga 10 foizdan kredit resurslari ajratiladi.
Kelgusi yildan meva-sabzavot hosilini iqlim xavfidan sugʻurtalash boʻyicha sugʻurta kompaniyalari oʻrtasida tanlov oʻtkaziladi. Eksport shartnomasi boʻlgan klaster va fermerlarga sugʻurta mukofotining 50 foizi davlat tomonidan qoplab beriladi.
Yurtimizda 200 ming gektar past hosilli paxta va gʻalla maydoni qisqartirilishi rejalashtirilgan. Bu maydonlar aholiga tanlov asosida, uzoq muddatli ijaraga beriladi.
Davlatimiz rahbari bunda ehtiyojmand oilalarga alohida eʼtibor qaratish, ularga dehqonchilik sirlarini oʻrgatish va koʻmaklashish kerakligini taʼkidladi. Buning uchun 100 million soʻmgacha boʻlgan meva-sabzavotchilik loyihalariga “Har bir oila – tadbirkor” dasturi shartlari asosida kredit berilishi qayd etildi.
Qishloq xoʻjaligi vazirligiga meva-sabzavotchilik klasterlari va qayta ishlash korxonalarini infratuzilma bilan taʼminlash, davlat-xususiy sheriklik asosida agrologistika markazlari barpo etish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Qishloq xoʻjaligi texnikalarini yangilash masalasiga ham toʻxtalib oʻtildi. Bu borada fermer va klasterlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida, kelgusi yildan boshlab, texnika sotib olish boʻyicha kreditlarning 10 foizdan yuqori qismi davlat tomonidan qoplab berilishi belgilandi.
Shuningdek, import qilinadigan texnika, butlovchi va ehtiyot qismlar bojxona toʻlovlaridan 3 yil muddatga ozod etiladi. Buning natijasida klaster va fermerlar texnikani 35 foizgacha arzon xarid qilish imkoniyatiga ega boʻladi.
Bundan tashqari, lazerli tekislash, hosildor va kasalliklarga chidamli yangi navlarni ekish, urugʻchilikni rivojlantirish, suv tejovchi texnologiyalarni qoʻllash uchun ham imtiyozlar beriladi.
Umuman, ushbu maqsadlar uchun yiliga jami 25 trillion soʻm yoʻnaltirilishi kutilmoqda.
Yigʻilishda bildirilgan tashabbuslar ijrosi boʻyicha farmon va qaror loyihalari ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.