Kommunal va qishloq xoʻjaligi sohalaridagi vazifalar belgilab olindi

0
34
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 17 mart kuni ichimlik suvi va issiqlik taʼminoti, mahallalar obodligi va qishloq xoʻjaligi bilan bogʻliq masalalar boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.

Aholining hayot sifatida muhim boʻlgan bunday ishlar qamrovi kengayib bormoqda. Bu yil 1 ming 619 kilometr ichimlik suvi, 521 kilometr oqova suv tarmoqlarini tortish, tizimdagi 162 ta inshootni qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan. Bularning natijasida 715 ming aholiga ilk bor toza ichimlik suvi yetib boradi, 135 ming xonadon oqova tarmogʻiga ulanadi, 157 ming isteʼmolchiga zamonaviy hisoblagich oʻrnatiladi.

Yaqinda davlatimiz rahbarining Fransiyaga tashrifi doirasida Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida ichimlik suvi boʻyicha 340 million yevrolik 3 ta loyiha kelishildi. Jumladan, Fransiyaning “Suez” kompaniyasi Denov, Shoʻrchi, Sariosiyo va Qumqoʻrgʻondagi ichimlik suvi taʼminotini xususiy boshqaruvga olayapti. Natijada viloyatda markazlashgan ichimlik suvi qamrovi 90 foizga yetishi kutilmoqda.

Oqova tarmogʻi mavjudligi qurilish, sanoat va xizmatlar rivoji uchun muhim omil. Uni kengaytirish uchun byudjetdan har yili trillionlab mablagʻ sarflanmoqda. Lekin faqat shunga qarab qolmasdan, sohaga xususiy sektorni kengroq jalb qilish zarurligi koʻrsatib oʻtildi.

Masalan, mahalliy tadbirkor Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida Olmaliq, Bekobod, Angren va Chirchiq shahrida oqova suv tozalash inshootlarini qurayapti. Yana bir tadbirkor Andijondagi ikkita tumanda suv va oqova xizmatlarini xususiy boshqaruvga olish tashabbusi bilan chiqqan.

Shu kabi xususiy sheriklik loyihalarini koʻpaytirish, yirik korxonalarimizning xalqaro tenderlarda qatnashish imkonini kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Xalqaro moliya institutlari ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish jarayonini soddalashtirish boʻyicha qaror qabul qilindi. Endi tenderlarni tezlashtirib, yil yakunigacha 850 million dollarlik ishlarni bajarish topshirigʻi berildi.

Yana bir muhim vazifa – sohani raqamlashtirish. Buning uchun Osiyo taraqqiyot bankidan 125 million dollar jalb qilinishi belgilangan. Besh yilda yirik suv inshooti va magistral quvurlarga 4 ming 800 ta “aqlli” hisoblagich, 2 ming 800 ta telemetriya tizimi oʻrnatish koʻzda tutilgan.

Bu elektrotexnika sanoati uchun katta bozor ekani qayd etilib, hisoblagich ishlab chiqarishni koʻpaytirish, ularga xizmat koʻrsatishni bosqichma-bosqich xususiy sektorga oʻtkazish boʻyicha koʻrsatma berildi.

Issiqlik taʼminoti tabiiy gaz eng koʻp sarflanadigan sohalardan biri. Shu bois 11 mart kuni bu sohani tubdan isloh qilish va energiya samaradorligini oshirish boʻyicha Prezident qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, “Issiqlik taʼminoti” kompaniyasi tashkil etilib, hududlardagi 23 ta korxona uning tarkibiga oʻtkazildi. Keyingi besh yilda issiqlik tizimlarini tiklash uchun 19 trillion soʻm yoʻnaltiriladi. Markazlashgan issiqlik taʼminoti qamrovi 37 foizdan 58 foizga yetadi.

Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligiga koʻp qavatli uylar hamda ijtimoiy muassasalarda energiya samaradorligini oshirish boʻyicha topshiriq berildi. Qayd etilganidek, 9 mingta uy-joy va binolar yopiq isitish tizimiga oʻtkaziladi. Natijada issiqlik yoʻqotilishi 2 barobar, gaz isteʼmoli 20 foizga kamayadi.

Yigʻilishda bahorgi ekish tadbirlariga ham toʻxtalib oʻtildi. Hokimliklar zaxirasida turgan yerlarni ajratishning soddalashtirish choralari belgilandi.

Endi qishloq yerlarini auksionda boʻlib-boʻlib toʻlash sharti bilan sotish bekor qilinadi. Auksionda sotilmagan yerning qiymati keyingi savdolarda kuniga 10 foizdan pasaytiriladi. Takroriy auksionda bitta ishtirokchi qatnashsa ham, gʻolib hisoblanadi. Yerning 10-20 foizi chorva uchun ozuqa ekishga chiqariladi.

Hozirda 93 mingdan ziyod fermerlar faoliyati tadbirkorlik reytingi orqali baholanayapti. Endi bu reyting hosildorlik, ishchi soni, mahsulot hajmi kabi mezonlar boʻyicha alohida boʻlishi maʼlum qilindi.

Yuqori reytingdagi fermerlarga kreditni qaytmaslik xavfini sugʻurtalash talabi bekor boʻladi. Yer soligʻi 3 barobar, fermerlar kengashiga toʻlanadigan badal 2 karra kamaytiriladi. Paxta va gʻallada meʼyordan koʻp hosil olganlarga 25 foizgacha yerida chorva ozuqasi, sabzavot, dukkakli va boshqa ekinlarni almashlab ekishga ruxsat beriladi.

Prezident farmoyishi bilan eʼlon qilingan dolzarb bir oylik doirasida mahallalarda olib borilayotgan dehqonchilik va obodonlashtirish ishlari haqida axborot berildi.

Bahorda 125 million tup koʻchat ekilishi moʻljallangan. Bunda ekin joylarini toʻgʻri tanlash, sugʻorishni yaxshilash muhim ekani taʼkidlandi. Jumladan, suv taʼminoti ogʻir mahallalarda geomembrana qoplamali hovuzlar barpo etiladi.

Oʻtgan yili tajriba tarzida 208 ta mahallada “mahalla-servis” kompaniyalari tashkil qilinib, aholiga 23 turdagi xizmatlar koʻrsatish yoʻlga qoʻyilgan edi. Endi bu tizim kengaytirilib, yana mingta shunday kompaniya tuziladi. Xizmatlar turi ham kamida 30 taga yetkaziladi. Xitoy tajribasi asosida 5 ming kishi mahallaga xizmat koʻrsatish boʻyicha oʻqitiladi va 15 ming aholining bandligi taʼminlanadi.

Bu yildan 208 ta tuman va shahar obodonlashtirish boʻlimlari tarkibida ichki yoʻllarni saqlash uchastkalari tashkil qilindi. Ularga qoʻshimcha 5 turdagi maxsus texnika sotib olish uchun 700 milliard soʻm ajratildi. Mutasaddilarga ichki yoʻllarni taʼmirlash, mahallalarda energiya taʼminotini yaxshilash boʻyicha topshiriqlar berildi.

Yigʻilishda Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlar va hokimlarning axboroti eshitildi.

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.