Tashkent City xalqaro biznes markazining ilk obyektlari — Kongress xoll va «Hilton» mehmonxonasi qurib bitkazildi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 oktyabr kuni ushbu inshootlarni kelib koʻrdi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Kongress xollning umumiy maydoni 43 ming kvadrat metr boʻlib, unda yirik xalqaro anjumanlar, oliy darajadagi muzokaralar oʻtkazish uchun barcha sharoit yaratilgan. Birinchi qavat markazida 3,5 ming ishtirokchiga moʻljallangan konferensiyalar zali bor. Zaruratga qarab, u ikki yoki toʻrtga boʻlinishi ham mumkin.
Xalqaro sammitlar vaqtida ikki tomonlama uchrashuvlar oʻtkazish uchun xonalar, restoran, kichik konsert zali, dam olish joylari mehmonlarga keng qulaylik yaratadi. Ikkinchi qavatda qoʻshimcha zallar joylashgan.
Davlatimiz rahbari Kongress xollning har bir zalini kirib koʻrdi.
Besh yulduzli «Hilton» mehmonxonasi nafaqat ushbu markaz, balki butun poytaxtimizga koʻrk boʻldi. 21 qavatli binoda 258 ta nomer mavjud. Shulardan 8 tasi davlat rahbarlari uchun moʻljallangan. Pardozlash va jihozlashda issiq ranglar koʻp qoʻllanilgani kishiga xush kayfiyat bagʻishlaydi. Barcha zamonaviy mehmonxonalarda boʻlganidek, otelda bir nechta restoran, basseyn, sport zal, spa va boshqa salonlar bor. Xizmatlar turi koʻp, sifati yuqori darajada.
Shavkat Mirziyoyev mehmonxonada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi, hudud markazidagi xiyobonni koʻzdan kechirdi.