Konstitutsiya va qonun ustuvorligi – huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatining eng muhim mezonidir

0
311
marta koʻrilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimdagi maʼruzasi

Assalomu alaykum, aziz vatandoshlar!

Muhtaram mehmonlar!

Xonimlar va janoblar!

Avvalo, barchangizni, butun xalqimizni Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yillik bayrami bilan samimiy tabriklab, ezgu tilaklarimni izhor etishga ijozat bergaysiz.

Hurmatli doʻstlar!

Har bir davlat oʻz istiqlol va taraqqiyot yoʻlini tanlar ekan, xalq farovonligini taʼminlashga xizmat qiladigan eng muhim maqsad va vazifalarini oʻzining Konstitutsiyasi – Asosiy qonunida mustahkamlab oladi. Binobarin, oʻz xalqining xohish-irodasi, dili va tilidagi ezgu niyatlariga hamohang Konstitutsiyaga ega boʻlgan mamlakat oʻzi belgilagan yuksak marralardan hech qachon ogʻishmasdan, doimo oldinga qarab boradi.

Tarixga nazar solsak, asrlar davomida shakllangan maʼnaviy-axloqiy qadriyatlar va insonning tabiiy huquqlari sivilizatsiya jarayonlari natijasida Konstitutsiya shakliga kelganini koʻramiz.

Konstitutsiya bashariyat hayotida ilk bor insonning ozod va erkin yashash, mulkka ega boʻlish, taʼlim olish, mehnat qilish, saylash va saylanish kabi huquqlarini, soʻz hamda eʼtiqod erkinliklarini oliy qadriyat darajasiga koʻtardi.

Mustaqilligimizning ilk davrida qabul qilingan Konstitutsiyamiz shaxs, jamiyat va davlat oʻrtasidagi munosabatlarda oʻzaro huquq va majburiyatlar hamda ularning kafolatlarini aniq-ravshan belgilab berdi.

Bosh qomusimiz, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, yurtimiz fuqarolari tengligining kafolatlanishini eʼtirof etdi va zamonaviy demokratik taraqqiyot uchun zamin yaratdi.

Aynan shu sababli Konstitutsiyamizni ehtirom bilan ulugʻlashimiz, har tomonlama oʻrganishimiz, unga izchil amal qilishimiz, Asosiy qonunimizda mujassam boʻlgan ajdodlarimizning buyuk merosi va umuminsoniy qadriyatlarni yoshlarimiz qalbiga singdirishimiz zarur.

Hurmatli yurtdoshlar!

Sohibqiron Amir Temur bobomiz “Davlat qonunlar asosida qurilmas ekan, unday saltanatning shukuhi, qudrati va tarkibi yoʻqoladi”, deb taʼkidlagan edilar. Shu nuqtai nazardan, Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlash biz bunyod etayotgan demokratik huquqiy davlatning bosh mezoni hisoblanadi.

Har qanday demokratik islohotlar samarasi, tinchlik va taraqqiyotning asosiy garovi ham Konstitutsiya va qonun ustuvorligi taʼminlanishi bilan bevosita bogʻliq.

Qonun ustuvorligi – bu davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari chiqarayotgan hujjatlar, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari faqat va faqat Konstitutsiya hamda qonunlarga muvofiq boʻlishi shart, deganidir.

Shu boisdan ham barcha boʻgʻindagi kadrlar, u xoh vazir, hokim yoki oddiy fuqaro boʻlsin, Konstitutsiya va qonunlarni puxta bilishi, ularning ijrosini toʻgʻri tashkil etishi hamda birinchi navbatda bu qoidalarga butun jamiyat aʼzolari qatʼiy amal qilishi shart boʻlgan muhit yaratishimiz zarur.

“Konstitutsiya va qonun ustuvorligi – farovon hayot garovi” degan tushuncha fuqarolarimizning ongi va qalbida chuqur oʻrin egallashi hamda ijtimoiy ehtiyojga aylanishi uchun quyidagi masalalarga alohida eʼtibor qaratish lozim, deb hisoblayman.

Birinchidan, qonunlar ijrosini samarali tashkil etish, tizimli muammolarni oldindan koʻra bilish, qonun buzilishining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish bilan birga bunday holatni barvaqt bartaraf etishga qaratilgan tizimni shakllantirish ayniqsa dolzarbdir. Afsuski, ushbu talablar bizda hali toʻliq bajarilmoqda, deb ayta olmaymiz.

Shu yilning oʻzida 70 dan ortiq qonun, 350 dan ziyod Prezident farmoni va qarorlari qabul qilindi. Bu qonun hujjatlari kim uchun va nima maqsadda qabul qilinmoqda?

Albatta, xalqimiz farovonligi uchun.

Masalan, iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirishning muhim sharti boʻlgan “Davlat-xususiy sherikligi toʻgʻrisida”gi qonunni qabul qilganimizga 7 oy boʻldi. Koʻpdan buyon kutilgan, hayotning oʻzi talab etayotgan bu qonun loyihasi ustida biz uzoq vaqt ishladik. Ushbu hujjat fuqarolarning davlat va jamiyat vazifalarini bajarishga doir konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirishning taʼsirchan mexanizmidir.

Hozirgi vaqtda ayrim tarmoqlarda davlat-xususiy sheriklik boʻyicha loyihalarni amalga oshirish boshlandi. Ammo sogʻliqni saqlash, taʼlim, transport, yoʻl qurilishi, kommunal xoʻjaligi kabi yoʻnalishlarda, aksariyat hududlarda hali bu borada tashabbus umuman sezilmayapti.

Vazir yoki hokim qonunning mazmun-mohiyatini tushunmasa, anglab yetmasa, uni hayotga tatbiq etishda jonbozlik koʻrsatmasa, islohotlarimizning oldinga yurishi, odamlarda tashabbus uygʻotish qiyin boʻladi.

Hududlardagi ekin maydonlarida ruxsatnomasiz, oʻzboshimchalik bilan qurilish qilish, bino-inshootlarni betartib buzish kabi noxush holatlar qonunlar ijrosini nazorat qilish ishlari oqsayotganidan dalolat beradi. Shu bois Parlament, Hukumat va Oliy sud qabul qilinayotgan qonunlar ijrosini taʼminlashning samarali mexanizmlarini qoʻllashi zarur.

Bu borada kadrlarni oʻqitish va malakasini oshirishga, huquqiy axborotni zamonaviy usullar orqali keng ommaga yetkazishga, qonunlarni bilish va qoʻllash boʻyicha mutasaddi rahbarlar faoliyatini baholash mezonlarini ishlab chiqishga birinchi darajali eʼtibor qaratish lozim.

Ikkinchidan, Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda jamoatchilik nazoratidan koʻra samarali vosita yoʻq.

Buyuk yunon olimi Aflotun shunday degan edi: “Xalq qonunlarga ehtiyoj sezib, ularni puxta oʻrgansa, bu faqat uning oʻziga foyda keltiradi. Aks holda qonundan koʻzlangan maqsadga erishib boʻlmaydi”.

Haqiqatan ham, xalqimiz qonun buzilishiga qarshi qattiq turmas ekan, davlat idoralari, mansabdor shaxslar qanchalik urinmasin, qonun ustuvorligini taʼminlash qiyin boʻladi.

Bugun jamoatchiligimiz tom maʼnoda uygʻondi, endi turli lavozimdagi shaxslarning xatti-harakatlariga odamlarimiz bevosita baho berib, oʻz fikrini erkin ifoda etishga oʻrganmoqda.

Yakunlanayotgan yilda Davlat byudjeti ilk bor keng muhokama etilib, ochiqlik va oshkoralik ruhida qabul qilindi. Unda turli vazirlik va idoralar har bir soʻmni nimaga va qanday xarajat qilishi aniq koʻrsatib berildi.

Fuqarolarimiz va deputatlarimiz bildirgan fikrlar asosida maktablarga mebel va kompyuterlar xarid qilish uchun byudjet xarajatlarini qisqartirish hisobidan 50 milliard soʻm qoʻshimcha mablagʻ ajratildi. Bunday ijobiy holat bizning tajribamizda birinchi marta yuz berayotganini alohida qayd etish lozim.

Yoki koʻpchiligingiz xabardorsiz, keyingi paytda joylarda daraxtlarni ommaviy ravishda kesish kuchayib ketgan edi. Bu odamlarning noroziligiga sabab boʻldi. Shuning uchun yaqinda daraxtlarni sababsiz kesishga qarshi moratoriy eʼlon qilindi. Bu ham jamoatchilik fikri qanday kuchli taʼsirga ega ekaniga misol boʻla oladi.

Bularning bari odamlarimizning ijtimoiy jarayonlarga nisbatan masʼuliyat va daxldorlik hissi oshib borayotganini koʻrsatadi.

Ayni vaqtda jamoatchilik nazorati “bir tomonlama vosita”ga aylanib qolmasligi kerak.

Davlat idoralari faqat fuqarolarga emas, balki oʻzlariga nisbatan tanqidiy fikrlarni ham adolat bilan, xolis koʻrib chiqishlari lozim. Shahar va qishloqlarimiz qiyofasini oʻzgartirish, qurilish va obodonchilikka oid qarorlar, dastlab oʻsha hududdagi aholi oʻrtasida muhokama qilinib, jamoatchilik ekspertizasidan oʻtkazilishi shart.

Yana bir masalaga diqqatingizni jalb qilmoqchiman.

Konstitutsiyaga asosan sudlar oʻz faoliyatida mustaqil, lekin ularning chinakam nazoratchisi xalq boʻlishi kerak.

Sudlar va tergov idoralari biron-bir ish yuzasidan chiqarilgan qaror boʻyicha fuqarolarning jamoaviy murojaatlariga tushuntirish va huquqiy izohlar berishi zarur.

Shuni aniq tushunib olish lozimki, jamoatchilik nazorati – bu faqatgina davlat idoralari faoliyati ustidan nazorat emas, balki jamiyatning oʻzini oʻzi boshqarish usuli, boshqacha aytganda, fuqarolik jamiyatini taraqqiy toptirishning muhim omillaridan biridir.

Shuning uchun Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha maslahat kengashi, Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi, Nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi kelgusi yilda har bir soha va tarmoq boʻyicha jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning taʼsirchan tizimini yaratishga bosh-qosh boʻlishi va tashabbus koʻrsatishi lozim.

Jamoatchilik nazorati, birinchi navbatda, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat idoralari, moliya, bank, taʼlim, sogʻliqni saqlash, kommunal xoʻjalik, energetika va transport sohalarida joriy etilishi zarur. Shuningdek, bozorlar va savdo majmualaridagi mahsulotlar va xizmat koʻrsatish sifati kabi masalalar ham doimo jamoatchilik nazoratida boʻlishi darkor.

Uchinchidan, ommaviy axborot vositalari qonuniylikni qaror toptirishda chinakam “jamiyat koʻzgusi”ga aylanishi kerak.

Soʻz erkinligini taʼminlashga qaratilgan islohotlar oʻtgan uch yilda jamiyatimiz hayotida tub burilish yasadi.

Bugungi kunda xalqimiz orasida yurib, uni qiynayotgan ijtimoiy muammolarni koʻrsatib berayotgan eng katta kuch – bu mustaqil va xolis ommaviy axborot vositalari vakillaridir.

Demokratik islohotlarimiz natijasida ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar mansabdor shaxslarni oʻz ishini qonuniy asosda toʻgʻri tashkil etishga undamoqda.

Shu sababli ham davlat organlari faoliyati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni jamoatchilikka toʻliq va tezkor yetkazish maqsadida ularning har birida matbuot xizmati ish boshladi.

Aslida, demokratik jamiyatda barcha davlat xizmatchilari ommaviy axborot vositalari bilan yaqin ijtimoiy hamkorlik qilishga oʻrganishi kerak.

Maʼlumki, bugungi kunda anʼanaviy axborot vositalari bilan birga Internet, ijtimoiy tarmoqlar, blogerlar jamoatchilik fikrini shakllantirishda katta rol oʻynamoqda.

Davlat va jamiyat boshqaruvida, kundalik faoliyatimizda ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini kuchaytirish maqsadida biz fuqarolarning soʻz erkinligi, axborot olish va tarqatishga oid konstitutsiyaviy normaning ijrosini amalda toʻliq taʼminlashimiz zarur. Buning uchun esa birinchi galda ommaviy axborot vositalari haqidagi qonunchilikni takomillashtirish kerak va biz bu borada faol ish olib bormoqdamiz.

Shu munosabat bilan jamoatchilik nazorati ham, ommaviy axborot vositalari ham yagona bir maqsadga, yaʼni xalqimizni rozi qilish va uning turmushini yaxshilashga qaratilganini hammamiz birdek anglashimizni istardim.

Har bir davlat organi ijtimoiy tarmoqlarda oʻz sahifasiga ega boʻlishi, amalga oshirayotgan ishlari haqida, kerak boʻlsa, har kuni batafsil maʼlumot berib borishi shart.

Yana bir marta takrorlayman, Oʻzbekistonda jamoatchilik nazorati va ommaviy axborot vositalari vakillarining qonuniy haq-huquqlariga hech qanday shaklda tazyiq oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Toʻrtinchidan, qabul qilinayotgan qonunlar olib borayotgan islohotlarimiz bilan uygʻun boʻlgan taqdirdagina ishlaydi. 

Bu – ayni haqiqat, aksiomadir. Lekin ayrim qonunlarimiz zamon talablariga mos emas. Shu bois qonunlarni ijro etish mexanizmlarini aniq tizim asosida yaratish – dolzarb vazifamizdir.

Kelgusi yildan boshlab Adliya vazirligi qonunchilikni yangilash va tizimlashtirish boʻyicha mutlaqo yangi ish uslubiga oʻtishi zarur. Bunda Konstitutsiyamiz normalari huquqiy poydevor boʻlib xizmat qilishi lozim.

Beshinchidan, biz qanchalik mukammal qonunlar yaratmaylik, qanday islohotlar oʻtkazmaylik, agar fuqarolarimizning huquqiy bilimi, ongi va madaniyati yetarli boʻlmasa, kutilgan natijalarga erishish mushkul boʻladi.

Huquqshunos olimlarning bundan bir necha asr avval “Huquqni anglash masʼuliyat hissini rivojlantiradi”, deb aytgan hikmatli soʻzlari hech qachon oʻz dolzarbligini yoʻqotmaydi. Boshqacha aytganda, Konstitutsiya va qonunlarga hurmat, huquqiy ong va madaniyat har bir fuqaroning, har bir mansabdor shaxsning hayot va faoliyat tarziga aylanmogʻi kerak. Lekin ana shunday huquqiy masʼuliyatni bugun hammada ham shakllantira olayapmizmi?

Afsuski, bu savolga hozircha ijobiy javob berolmaymiz. Misol uchun, dehqonlarimizning fidokorona mehnati bilan yaratilgan nonni xalqimiz ulugʻ va aziz neʼmat sifatida gʻoyatda qadrlaydi. Nonning qadrini ayniqsa rizq-roʻzimiz bunyodkori boʻlgan dehqon va fermerlarimiz juda yaxshi biladilar.

Bugun ushbu muhtasham saroyda ularning eng munosib vakillarini koʻrib turganimdan juda xursandman.

Bu yil Qishloq xoʻjaligi xodimlari kuni Konstitutsiya bayrami bilan bir kunda nishonlanayotgani bu ayyomga oʻzgacha fayz bagʻishlamoqda.

Fursatdan foydalanib, yurtimizdagi barcha dehqon va fermerlarni chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, ularga yuksak hurmat va ehtirom bildirishga ruxsat etgaysiz. Biz uchun non qanchalik aziz va qadrli boʻlsa, zahmatkash dehqonlarimiz, ularning mehnati ham shunchalik aziz va qadrlidir.

Haqiqatan ham, urush va ocharchilikni boshidan kechirgan bobo va momolarimiz bizga bolalikdan boshlab nonni koʻzimizga surtib eʼzozlashni oʻrgatganlar. Bu bizning buyuk qadriyatimizga aylangan. Shu maʼnoda, Yaratganning bebaho neʼmatlarini, hayotdagi ijobiy oʻzgarishlarni qadrlash tuygʻusini farzandlarimiz qalbiga yoshligidan singdirib borishimiz zarur.

Yashirishning hojati yoʻq, oliy oʻquv yurtiga oʻqishga kirish, tadbirkorlikni boshlash uchun ruxsatnoma yoki litsenziya olish, soliq toʻlash kabi koʻp-koʻp kundalik hayotiy masalalarni hal etishda “qonunni chetlab oʻtish” bizning sharoitimizda yomon bir odatga aylangan edi.

Bunday illatning ildizlarini qirqishga qaratilgan ishlarni, qanday qiyin boʻlmasin, asta-sekin amalga oshirmoqdamiz. Jumladan, bolalarni bogʻchaga joylashtirishga elektron navbat, maktablar va oliy taʼlimga oʻqishga qabul qilishda ochiq va oshkora tartiblar yaratildi. Shuningdek, “yagona darcha” tamoyili asosida 100 dan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatilmoqda.

Ammo bu oʻzgarishlar tufayli jamiyatimiz salbiy illatlardan, qonunga bepisandlik holatlaridan batamom qutuldi, deb aytishga hali erta.

Ochiq tan olish kerak, aksariyat odamlarimiz bu masalada loqayd va beparvo boʻlib qolmoqda. Bugun olib borayotgan islohotlarimiz yoʻlidagi eng katta toʻsiq ham aslida shu emasmi?

Ayrim fuqarolarimiz boshqaruv idoralaridan masʼuliyat talab qilishni yaxshi biladi-yu, lekin oʻzining jamiyat oldidagi, qonun oldidagi masʼuliyati va majburiyatini unutib qoʻyadi. Holbuki, Oʻzbekistonni yangilash, milliy yuksalishni yangi bosqichga koʻtarish bu – oʻz-oʻzidan, osonlikcha boʻlayotgani yoʻq.

Hammangiz koʻrib turibsiz, qanchalik ogʻir va murakkab boʻlmasin, bugungi kunda zarur kuch va imkoniyat, mablagʻ topib, qancha-qancha katta dastur va loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. Yangi-yangi korxonalar, yoʻl va koʻpriklar, bogʻcha, maktab va shifoxonalar, madaniyat va sport inshootlari, koʻplab uy-joylar quryapmiz va Xudo xohlasa, bunday ishlarimizni yanada koʻpaytiramiz.

Xalqimizda “Qars ikki qoʻldan chiqadi”, degan maqol bor. Agar oʻylab qarasak, bu maqol Konstitutsiyamiz normalariga ham toʻla mos keladi. Yaʼni Asosiy qonunimizda fuqarolarning huquq va erkinliklari bilan birga, ularning burch va majburiyatlari ham aniq belgilab qoʻyilgan.

Koʻpni koʻrgan muhtaram keksalarimiz, faol fuqarolarimiz, aziz opa-singillarimiz, ziyolilar, navqiron yoshlarimiz bugungi islohotlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlab, ularda fidoyilik bilan ishtirok etayotgani shaxsan menga katta kuch-quvvat bagʻishlaydi. Imkoniyatdan foydalanib, barchangizga, butun xalqimizga buning uchun chin yurakdan alohida minnatdorlik bildiraman.

Ishonchim komil, biz mana shunday tinch va osoyishta hayotimizni qadrlab, oʻzaro hurmat va ahilligimizni asrab-avaylab, shukrona qilib yashasak, Yaratganimiz oʻz neʼmatini xalqimizga yanada ziyoda qilib beradi.

Aziz doʻstlar!

Biz jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasidagi ishlarimizni uzluksiz davom ettirishimiz zarur.

Huquqiy tarbiyani maktabgacha taʼlim tizimidan boshlashimiz, bu boradagi ilk koʻnikmalar ona allasi kabi farzandlarimiz qalbidan umrbod joy olishi darkor.

Konstitutsiyamiz har bir fuqaroning ongi va qalbidan chuqur joy olgan, ularning huquq va erkinliklarini toʻliq kafolatlaydigan haqiqiy hayot qomusiga aylanmogʻi lozim.

Har bir soha va yoʻnalish, taʼlimning barcha bosqichlari uchun huquqiy madaniyatni yuksaltirishning ilmiy asoslangan dasturi tayyorlanishi kerak. Bunda, avvalambor, Konstitutsiyani oʻrganishga jiddiy yondashish lozim. Umumtaʼlim maktablari uchun “Konstitutsiya alifbosi”, “Konstitutsiya saboqlari”, “Konstitutsiya asoslari” kabi darsliklarni yaratish zarur, deb hisoblayman.

Adliya, Maktabgacha taʼlim, Xalq taʼlimi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirliklari bu ishlarga masʼul boʻladi.

Ushbu fanlardan dars beradigan oʻqituvchilarni tayyorlashda ularning siyosiy, huquqiy va maʼnaviy saviyasiga alohida ahamiyat berish lozim. Shuningdek, hayotdagi adolat tantanasi, qonuniy haq-huquqlar tiklangani haqida qiziqarli koʻrsatuvlar, seriallar, badiiy filmlar, teatr asarlari yaratish ham katta tarbiyaviy ahamiyatga ega.

Umuman olganda, qonun va adolat tantanasi uchun kurashadigan insonlar bugungi kunning qahramonlari boʻlishi kerak. Aynan shunday odamlarning hayoti shoir va adiblar, rejissyorlar, jurnalistlar uchun ijodiy mavzu boʻladi, deb oʻylayman.

Qadrli vatandoshlar!

Inson huquq va erkinliklariga amal qilinishini taʼminlash, har bir shaxsning qadr-qimmatini eʼzozlash biz barpo etayotgan ochiq, erkin va adolatli jamiyatning ajralmas xususiyatidir. Bunday prinsip Asosiy qonunimizda qatʼiy belgilangan.

Konstitutsiyada xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbai sifatida muhrlab qoʻyilgan va bunda chuqur maʼno bor. Bu qoidalar mamlakatimizda demokratiya umuminsoniy tamoyillarga asoslanishi, davlat oʻz faoliyatini faqat inson va jamiyat farovonligini koʻzlab amalga oshirishini anglatadi. Buni birgina shu yilning oʻtgan davrida
Xalq qabulxonalariga kelib tushgan 880 mingdan ortiq murojaatning 510 mingdan ziyodi ijobiy hal etilgani ham tasdiqlaydi.

Shu munosabat bilan hamma rahbarlarga yana bir bor eslatib oʻtmoqchiman. Bizga umid va ishonch bildirgan, bizni rahbar etib saylagan, el-yurtimizni, har bir fuqaroni rozi qilish asosiy burchimiz ekanini hech qachon unutmaylik. Xalq bizdan rozi boʻlsa – Yaratgan ham bizdan rozi boʻladi.

Konstitutsiyamizda inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat sifatida mujassam etilgani bejiz emas. Ana shu prinsipni amalga oshirish uchun bizda qatʼiy siyosiy iroda va yetarli imkoniyatlar mavjud. Buning uchun biz, avvalo, quyidagi muhim vazifalarni hal etishimiz zarur.

Birinchidan, inson huquqlarini taʼminlash samaradorligini yanada oshirish uchun milliy strategiyamiz boʻlishi lozim.

Keyingi yillarda mamlakatimizda bu borada keng koʻlamli ishlar amalga oshirilayotgani sizlarga yaxshi maʼlum.

Bu yilning oʻzida “Shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisida”gi, “Jabrlanuvchi, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi. Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining “Majburiy mehnat toʻgʻrisida”gi, “Sanoat va savdoda mehnat inspeksiyasi toʻgʻrisida”gi konvensiyalari ratifikatsiya qilindi. Bu bizning majburiy mehnatga qarshi kurashish borasidagi qatʼiy va oʻzgarmas pozitsiyamizni ifoda etadi.

Soʻnggi yillarda jinoyat sodir etgan shaxslarni afv etish boʻyicha 8 ta farmon qabul qilinib, 4 mingdan ziyod shaxs jazoni oʻtash joylaridan ozod qilindi. Ana shu ishlarimizning mantiqiy davomi sifatida kuni kecha navbatdagi farmonga imzo chekdim. Unga binoan jinoiy qilmishiga chin dildan pushaymon boʻlib, tuzalish yoʻliga qatʼiy oʻtgan 92 nafar mahkum afv etilib, ular erkin hayotga qaytariladi.

Bu yil Jasliq qoʻrgʻonidagi jazoni ijro etish koloniyasini yopganimiz ham ana shunday insonparvar siyosatning amaliy namunasi boʻldi. 

Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarga pensiya va ijtimoiy sugʻurta toʻlash tartibi birinchi marta amaliyotga kiritildi. Natijada manzil-koloniyalarda jazoni oʻtayotgan pensiya yoshidagi 709 nafar mahkumga pensiya pullari toʻlab berilmoqda.

Biz avval yoʻl qoʻygan xatomizni tuzatib, ushbu toifadagi fuqarolarning Konstitutsiyamizda belgilangan pensiya olish huquqini taʼminlash yoʻlida dastlabki qadamni qoʻydik.

Joriy yilda “Mehr-1” va “Mehr-2” insonparvarlik tadbirlari muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Ana shu tadbirlar doirasida Yaqin Sharqdagi qurolli mojarolar maydonidan, Afgʻonistondan 261 nafar fuqaro, asosan ayollar va bolalar yurtimizga qaytarib olib kelindi. Ularga zarur tibbiy va moddiy yordam koʻrsatildi.  

Inson huquqlarini taʼminlash haqida gapirganda, oʻtgan uch yilda 9 ming 692 nafar, jumladan, ushbu yilda 5 ming 868 nafar yurtdoshimiz Oʻzbekiston fuqaroligiga qabul qilinganini taʼkidlashni istar edim. Lekin bu sohada hali qiladigan ishlarimiz koʻp.

Avvalo, yuqorida zikr etilgan Milliy strategiyani ishlab chiqib, shu asosda mazkur yoʻnalishdagi siyosatimizni izchil amalga oshirishimiz kerak. Ushbu strategiyada inson huquq va erkinliklariga oid konstitutsiyaviy tamoyillarni roʻyobga chiqarish mexanizmlari aniq-ravshan belgilanishi lozim.

Jamiyatda inson huquq va erkinliklarini hurmat qilish madaniyatini shakllantirish, shu orqali mamlakatimizning xalqaro nufuzini yanada yuksaltirishimiz zarur.

Milliy strategiya doirasida inson huquqlarini oʻqitishning uzluksiz tizimini yaratish, umumtaʼlim maktablari, oliy oʻquv yurtlari, kadrlarni qayta tayyorlash markazlarida “Inson huquqlari”, “Bola huquqlari”, “Ayollar huquqlari” nomli maxsus oʻquv kurslarini joriy etishning vaqti-soati keldi, deb oʻylayman.

Ikkinchidan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarni faqat va faqat xalq manfaati yoʻlida ogʻishmay xizmat qiladigan idoralarga aylantirishimiz lozim.

Oʻtgan uch yilda jabrlanuvchilar, guvohlar va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish tizimi yaratildi. Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari faoliyatiga ruxsat berildi. Sohani rivojlantirish boʻyicha ustuvor yoʻnalishlar va zarur chora-tadbirlar tasdiqlandi.

Xabaringiz bor, oʻtgan yillarda tintuv jarayonini, olingan koʻrsatmalarni hodisa sodir boʻlgan joyda tekshirish, tergov eksperimenti kabi protsessual harakatlarni video tasvir orqali qayd etish shartligi qonuniy asosda belgilangan edi.

Biroq aholi bilan muloqotlar huquq buzilishi xavfi boʻlgan boshqa holatlar boʻyicha ham shunday choralarni qoʻllash zarurligini koʻrsatmoqda. Xususan, shaxsni ushlab turish, unga protsessual huquqlarini tushuntirish kabi jarayonlarni, agar u himoyachidan voz kechsa, bu holatni ham majburiy tarzda video tasvirga tushirish tartibini oʻrnatish zarur.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari tomonidan ushlangan shaxs maxsus binoga olib kelinganidan keyin bu haqda uning oila aʼzolari darhol xabardor qilinishi kerak. Buni surishtiruvchi, tergovchi va boshqa vakolatli shaxsning majburiyati sifatida qonunda aniq belgilab qoʻyishni taklif etaman.

Bundan tashqari, shaxsni ushlab turish va uning huquqini cheklaydigan boshqa protsessual majburlov choralarini qoʻllash holatlarini hisobga olishning elektron tizimiga oʻtish zarur. Bu jarayonda inson omili ishtirokini iloji boricha kamaytirish lozim.

Kelgusi yildan boshlab prokuror qarori ustidan sudga murojaat qilish tartibi joriy etiladi. Shu orqali surishtiruv va dastlabki tergov jarayonida muvozanatni, yaʼni oʻzaro tiyib turish tamoyillarini taʼminlash imkoni yaratiladi. Bunday muhim oʻzgarish ham bizning tajribamizda birinchi marta joriy etilmoqda.

Sir emas, ilgari prokuratura idoralari nihoyatda yopiq, nazoratdan xoli bir organga, taʼbir joiz boʻlsa, oxirgi instansiyaga aylanib qolgan edi. Buning oqibatida qancha-qancha odamlar nohaq jabr chekkani, adolatsizlikka duchor boʻlgani ham ayni haqiqat. Qanchalik ogʻir va noxush boʻlmasin, biz shu haqiqatni tan olib, bu sohada qonuniylik va adolatni qaror toptirishga kirishdik.

Ishonamanki, prokuror qarori ustidan sudga murojaat qilish boʻyicha rivojlangan demokratik mamlakatlarda amal qiladigan bunday tajribani joriy etish hayotimizda adolat mezonini mustahkamlashda ulkan qadam boʻladi.

Sudlarning chinakam mustaqilligini taʼminlash biz uchun eng ustuvor vazifadir. Ayniqsa, sud biron-bir mansabdor shaxsning qoʻli yetadigan idoraga aylanib qolishiga mutlaqo yoʻl qoʻymaslik shart. Shu sababli sud ishlariga aralashgani yoki sudga bosim oʻtkazgani uchun javobgarlikni kuchaytirish lozim.

Keyingi paytda Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlarning aksariyati sud, prokuratura, ichki ishlar idoralari faoliyatidagi kamchiliklarga taalluqli. Shuni inobatga olib, ushbu idoralar xalqimiz bilan ishlashning mutlaqo yangi tizimini yaratishi zarur. Har bir ariza va shikoyatning qonuniy yechimi ana shu idoralar rahbarlari faoliyatiga berilgan baho boʻladi.

Bunday yangi oʻzgarishlarni avvalo, xalqimiz, jumladan, yurtimizda qonun ustuvor ekaniga ishonib sarmoya kiritayotgan chet ellik hamkorlarimiz har tomonlama his qilishlarini istardim.

Uchinchidan, advokatura institutini takomillashtirish orqali inson huquqlarini taʼminlashni yangi bosqichga koʻtarish zarur.

Bu tizimning huquqiy maqomini kuchaytirish, advokatlar vakolatlarini kengaytirish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Lekin hali oʻz yechimini topmagan muammolar ham bor. Misol uchun, 33 milliondan ortiq Oʻzbekiston aholisiga faqatgina 4 mingta advokat xizmat koʻrsatayotganini ijobiy baholab boʻlmaydi.

Hozirgi kunda mamlakatimizdagi advokatlarning 60 foizi 50 yoshdan oshgan shaxslardir. Ular orasida 30 yoshga toʻlmagan yoshlar 70 nafarga ham yetmasligini qanday izohlash mumkin?!

Bunday achinarli holatga barham berish uchun avvalo advokatlar nufuzi va maqomini oshirish, advokatura institutining mustaqilligini taʼminlashimiz shart.

Yaqin istiqbolda Advokatura institutini rivojlantirish konsepsiyasini ishlab chiqish lozim. Hech bir idora advokatlarning faoliyatiga toʻsqinlik qilmasligi shart.

Ayni vaqtda advokatlarga nisbatan qoʻyiladigan malaka talablari ham ushbu konsepsiyada toʻliq aks etishi zarur. Bu borada biz rivojlangan davlatlarning ilgʻor tajribasini har tomonlama oʻrganishimiz kerak.

Toʻrtinchidan, vijdon erkinligi, millatlararo totuvlik, dinlararo bagʻrikenglik, mamlakatimizda va xorijda fuqarolarimizni kafolatli himoya qilish bundan buyon ham davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qoladi.

Shu maqsadda fuqarolarimizning muqaddas ziyoratlarni ado etish bilan bogʻliq imkoniyatlari sezilarli darajada kengaytirildi. Jumladan, umra ziyoratiga boruvchilar soni 10 mingdan 30 mingtaga, haj ziyoratiga boruvchilar esa 5 mingdan 7 ming 200 nafargacha oshirildi, safar bilan bogʻliq xarajatlar esa kamaytirildi.

Umuman, soʻnggi yillarda mamlakatimizda vijdon erkinligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan katta ishlar sizlarga yaxshi maʼlum, deb oʻylayman.

Bugungi kunda mahalliy va xorijiy nufuzli ekspertlar ishtirokida biz “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunning yangi tahriri ustida ish olib bormoqdamiz. Ushbu qonun fuqarolarimizning vijdon va eʼtiqod erkinligi borasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini toʻla taʼminlashga xizmat qiladi.

Muhtaram majlis ishtirokchilari!

Xorijda vaqtinchalik mehnat qilayotgan fuqarolarimiz va ularning oila aʼzolarini himoya qilish boʻyicha ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari boʻyicha respublika komissiyasi tuzildi. Hukumat tarkibida Xorijda vaqtinchalik mehnat qilayotgan Oʻzbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash masalalari departamenti tashkil etildi.

Biroq chet elga ishlash uchun fuqarolarni joʻnatish bilan shugʻullanayotgan baʼzi bir xususiy firmalar odamlarni aldayotgani haqidagi materiallar matbuot sahifalarida eʼlon qilinmoqda. Departament ushbu firmalar faoliyatini qatʼiy nazoratga olishi lozim.

Oʻzbekiston Respublikasi, mamlakat ichkarisida yoki tashqarisida boʻlishidan qatʼi nazar, oʻz fuqarolarini huquqiy himoya qilish, ularga homiylik koʻrsatishni bundan buyon ham kafolatlaydi va barcha choralarni koʻradi.

Buning uchun, jumladan, xorijdagi diplomatik vakolatxonalarimiz tomonidan koʻrsatilayotgan konsullik xizmatlarini elektron shaklga oʻtkazish lozim. Toki chet eldagi fuqarolarimiz boshqa shahardan konsullik boʻlimlariga bevosita oʻzi kelib, ovora boʻlib yurmasin.

Tashqi ishlar va Adliya vazirliklari kelgusi yilda ushbu tizimni toʻliq ishga tushirishga masʼul etib belgilanadi.

Beshinchidan, xotin-qizlar va erkaklar oʻrtasida huquqiy tenglikni mustahkamlashga mamlakatimizda jiddiy eʼtibor berilmoqda.

Xotin-qizlar qoʻmitasi va uning hududiy boʻlimlari butunlay yangitdan tashkil etilgani, ularga qoʻshimcha vakolat va imkoniyatlar berilib, toʻlaqonli faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlar yaratilgani bu yoʻlda yangi qadam boʻldi.

Joriy yilda Konstitutsiyamizning 46-moddasiga asosan “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilindi. Mazkur qonunlarni izchil amalga oshirishda parlament va jamoatchilik nazorati nihoyatda zarur, deb oʻylayman.

Kelgusida ham onalik va bolalikni himoya qilish, xotin-qizlarning ijtimoiy muammolarini hal etish davlatimizning diqqat markazida boʻladi.

Keyingi paytda koʻplab ayollarimiz davlat va jamiyat boshqaruvi, iqtisodiyot, moliya-bank, taʼlim-tarbiya, sogʻliqni saqlash, madaniyat va boshqa sohalarda masʼul rahbarlik lavozimlariga koʻtarilmoqda.

Oʻzingiz ayting, joylarda odamlarning dardu tashvishlarini, oila va mahalladagi ahvolni kim hammadan koʻra koʻproq biladi, kim hammadan yaxshiroq his qiladi? Albatta, hurmatli va mehribon ayollarimiz emasmi?

Hech shubhasiz, ijtimoiy muammolarni aniqlash va ularni oʻz vaqtida hal etishda, boshqaruv samarasini oshirishda opa-singillarimizning oʻrni va taʼsiri juda katta. Shuning uchun biz xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrni va mavqeini oshirish, ularga turli masʼul vazifalarni ishonib topshirishga qaratilgan siyosatni yanada faol davom ettiramiz.

Oltinchidan, fuqarolarning Konstitutsiyada belgilangan mulk huquqi daxlsizdir va doim davlat himoyasida boʻladi.

Biz oʻtgan yillar davomida tadbirkorlik yoʻlidagi ortiqcha cheklovlarni bartaraf qilish, ularning faoliyatiga davlat idoralarining noqonuniy aralashuvini qatʼiy cheklash borasida salmoqli ishlarni amalga oshirdik. Jumladan, korrupsiyaga yoʻl ochib berayotgan yer ajratish amaliyoti tubdan isloh qilindi. Bu jarayon endilikda yer ajratish elektron tizimi orqali amalga oshirilmoqda.

Kelgusi yil 1 yanvardan boshlab hokimlarning qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarni olib qoʻyish boʻyicha vakolati xalq deputatlari Kengashlariga beriladi. Bu oʻzgarish ham mulk daxlsizligini taʼminlash yoʻlidagi jiddiy qadamlardan biridir.

Bundan tashqari, yerni olib qoʻyish va kompensatsiya toʻlashning yangi tartibi, yer faqat mulk egasining roziligi bilan olinishiga oid qoidalar joriy qilindi. Shu bilan birga, mulk daxlsizligi toʻgʻrisidagi qonunlarga amal qilmagan mansabdor shaxslarga nisbatan, ular qanday lavozim egasi boʻlishidan qatʼi nazar, javobgarlik kuchaytirildi.

Shuningdek, kompensatsiya miqdori toʻgʻrisida taraflarda kelishmovchilik vujudga kelsa, endi bunday holatlar faqat sud yoʻli bilan hal etiladi. 

Maʼlumki, shu paytga qadar hokimlar yerdan foydalanish huquqini beradigan qarorlarni oʻzlari qabul qilar, vaqti kelganda esa, ularni oʻzlari bekor qilishi ham mumkin edi. Endi ana shu vakolatni cheklashning fursati yetdi. Chunki bunday vakolat faqat hokimga berilishi turli adolatsizliklarga sabab boʻlishini koʻp misollar koʻrsatmoqda. Bunday masalalar endi faqat sud tartibida hal qilinadi.

Biznes-ombudsman tomonidan tadbirkorlik subyektlarining mulkiy huquqlarini noqonuniy cheklash bilan bogʻliq holatlar aniqlangan taqdirda, unga tadbirkor manfaatlarini koʻzlab sudga murojaat qilish huquqini berish lozim.

Sohada ochiqlik va oshkoralikni taʼminlash uchun hokimlarning fuqarolarga yer berish haqidagi qarorlarini tegishli saytlarda eʼlon qilib borish amaliyotini yoʻlga qoʻyish kerak.   

Biz jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqi kafolatlarini taʼminlash maqsadida xalqaro andozalarga javob beradigan islohotlarimizni bundan buyon ham qatʼiy davom ettiramiz.

Bir soʻz bilan aytganda, mamlakatimizda demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyatini barpo etish uchun biz hayotimizning barcha jabhalarida konstitutsiyaviy nazoratni kuchaytirishimiz zarur. Bu esa pirovard natijada inson huquq va erkinliklarini, uning shaʼni, qadr-qimmati, mol-mulkining daxlsizligini saqlash, fuqarolarning mehnat qilish, taʼlim olish, tibbiy yordamdan foydalanish kabi eng asosiy huquqlarini toʻla taʼminlash imkonini beradi.

Qadrli yurtdoshlar!

Maʼlumki, shu yil 22 dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va xalq deputatlari Kengashlariga saylovlar boʻlib oʻtadi.

“Yangi Oʻzbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida oʻtayotgan bu kampaniya mamlakatimiz siyosiy hayotidagi gʻoyat muhim voqeadir.

Konstitutsiyamizga muvofiq, fuqarolar davlat va jamiyat ishlarini boshqarishda bevosita hamda oʻz vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega. Saylovda oʻziga maʼqul boʻlgan nomzod yoki biron-bir partiya ilgari surayotgan dastur uchun ovoz berish, ularni qoʻllab-quvvatlash vakillik demokratiyasining yaqqol koʻrinishidir.

Oʻtgan qisqa davrda saylovga oid 21 ta qonun tizimlashtirilib, Oʻzbekiston tarixida ilk bor yagona Saylov kodeksi qabul qilindi. Bu milliy qonunchiligimizni mustahkamlash, demokratik saylovlarni oʻtkazishni yanada takomillashtirish yoʻlidagi muhim qadam boʻldi.

Mazkur kodeksdagi eng katta yangilik siyosiy maydonning toʻliq siyosiy partiyalarga berilishi bilan bogʻliq, desak, adashmagan boʻlamiz. Unga muvofiq, siyosiy partiyalar Qonunchilik palatasiga boʻlib oʻtadigan saylovda ilgaridek 135 ta emas, balki toʻliq – 150 ta saylov okrugidan oʻz nomzodlarini koʻrsatadi.

Oʻzbekiston Ekologik harakati uchun belgilangan kvotaning bekor qilingani ham siyosiy maydonda sogʻlom raqobatni shakllantirishga xizmat qiladi.

Saylov kodeksiga muvofiq siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlari ham kengaytirildi. Endi vakil saylov komissiyasi majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari qanday toʻldirilganini tekshirishda qatnashadi. Shuningdek, u saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish huquqiga ham ega.

Bularning barchasi saylov jarayonida ochiqlik va oshkoralikni, jamoatchilik nazoratini oshirishga xizmat qiladi.

Bu yilgi saylovlarda fuqarolarimiz erkin ovoz berishlari uchun joylarda 6 ming 720 ta okrug va 10 ming 253 ta saylov uchastkasi tashkil etildi.

Fuqarolarning saylash va saylanishga oid huquqlari yanada kengaytirildi va amalda boʻlgan koʻplab cheklovlar bekor qilindi.

Konstitutsiyamizda belgilangan fuqarolarning saylovda ishtirok etish huquqini taʼminlash maqsadida bu yil yangi bir qadam qoʻydik. Endi ogʻir va oʻta ogʻir boʻlmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslar ham saylovda ishtirok etish huquqiga ega boʻldi. Shu asosda boʻlajak saylovlarda ozodlikdan mahrum etilgan 1 ming 905 nafar shaxs ham ishtirok etishi uchun qonuniy imkoniyat yaratildi.

Hech shubhasiz, yangi Saylov kodeksi va undagi 30 dan ortiq yangi demokratik qoidalar saylov qonunchiligimizni yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Bu yil mamlakatimizda 5 ta siyosiy partiya saylovda ishtirok etmoqda. Xalqimiz hayotiy muammolar va ularning yechimini yaxshi biladigan, islohotlar samarasiga xizmat qiladigan qonun va qarorlar qabul qilishda jonbozlik koʻrsatadigan, katta bilim va malakaga ega insonlar deputat boʻlishini xohlaydi. Shuning uchun koʻppartiyaviylik asosida saylanadigan yangi parlamentimiz, birinchi navbatda, xalqimiz va Vatanimiz manfaatlarini himoya qilishga qodir boʻlgan deputatlardan iborat boʻlishi lozim.

Saylov jarayonida oʻnlab xalqaro tashkilotlar, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosining toʻlaqonli missiyasi kuzatuvchilari hamda 40 dan ortiq xorijiy davlatdan 600 dan ziyod kuzatuvchi qatnashishi kutilmoqda.

Ushbu saylovlar orqali xalqimiz bugungi islohotlarimizga baho bersa, jahon hamjamiyati yangilanayotgan Oʻzbekistonga baho beradi.

Oʻylaymanki, har bir yurtdoshimiz oʻzining konstitutsiyaviy va fuqarolik burchini, Vatanimiz taqdiri va kelajagi oldidagi masʼuliyatini anglab, yurtimiz ravnaqi, xalqimiz tinchligi va farovon hayoti uchun, farzandlarimizning baxti va kamoli uchun ovoz beradi.

Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

Barchamizga yaxshi maʼlumki, hozirgi kunda dunyo shiddat bilan oʻzgarmoqda. Insoniyatning taqdiri va kelajagiga tahdid solayotgan xavf-xatarlar tobora kuchayib bormoqda.

Jahon miqyosida shafqatsiz raqobat, turli ziddiyat va qarama-qarshiliklar, savdo urushlari gʻoyat keskin tus olmoqda.

Mana shunday murakkab sharoitda biz faqat xalqimizning aql-zakovati, bukilmas irodasi va salohiyatiga, oʻz kuch va imkoniyatlarimizga tayanib, ayni vaqtda dunyo hamjamiyati bilan hamkor boʻlib, dadil oldinga borishimiz shart. Bu borada bizga Konstitutsiyamiz hamisha rahnamo boʻlib, beqiyos kuch-qudrat manbai boʻlib xizmat qiladi.

Biz bugun oʻz oldimizga katta-katta maqsadlar qoʻyib, marrani baland oldik. 

Oʻzbekistonda demokratik islohotlar muqarrar tus oldi va hech kim, hech qanday kuch bizni oʻz tanlagan yoʻlimizdan qaytara olmaydi. 

Bu – bugungi hayot, bugungi zamon talabi. 

Bu – koʻp millatli, bagʻrikeng, mehnatkash va olijanob xalqimizning xohish-istagi. 

Va biz xalqimizning tub manfaatlari, uning ezgu orzu-intilishlarini ifoda etadigan ana shunday siyosatni jadal davom ettiramiz. Nafaqat davom ettiramiz, balki uni

yangi, yanada yuksak bosqichga koʻtaramiz. 

El-yurtimiz, jahon hamjamiyati bizga katta ishonch bilan qaramoqda. Ana shu yuksak ishonchga har tomonlama munosib boʻlib, qatʼiyat bilan olgʻa intilib, koʻzlagan ulugʻ maqsadlarimizga birgalikda albatta yetamiz.

Fursatdan foydalanib, bugungi marosimda ishtirok etayotgan, ezgu tashabbus va islohotlarimizni qoʻllab-quvvatlab kelayotgan muhtaram elchilarga, xalqaro tashkilotlar vakillariga oʻz nomimdan, xalqimiz nomidan cheksiz minnatdorchilik bildirishga ruxsat bergaysiz.

Sizlarni, butun xalqimizni qutlugʻ ayyom – Konstitutsiya kuni bilan yana bir bor chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

Barchangizga mustahkam sogʻlik, oilaviy baxt-saodat, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik va fayzu baraka tilayman.

Eʼtiboringiz uchun rahmat.

 

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.