Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlash, bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

0
196
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori

Maʼlumki, mamlakatimizda Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlash demokratik huquqiy davlat barpo etishning bosh mezoni boʻlib kelmoqda.

Yurtimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning samarasi, tinchlik va taraqqiyotning asosiy garovi ham Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlash bilan bevosita bogʻliqdir. Shuning uchun ham hayotimizning barcha soha va tarmoqlarida mehnat qilayotgan insonlar, 
birinchi navbatda, rahbar xodimlar, fuqarolarning Konstitutsiya 
va qonunlarni puxta bilishi, ularning ijrosini toʻgʻri tashkil etishi, 
bu qoidalarga butun jamiyat aʼzolari qatʼiy amal qilishi shart boʻlgan muhitni yaratish gʻoyat muhim va dolzarb vazifaga aylanmoqda.
Mamlakatimizda jadal surʼatlar bilan olib borilayotgan oʻzgarish 
va yangilanishlar negizida, avvalambor, Konstitutsiyamizda belgilangan 
davlat organlarining xalq manfaatlariga xizmat qilishi lozimligi haqidagi qoidani amalda tatbiq etishdek ezgu maqsad mujassam ekani ham aynan shuni taqozo etmoqda.

Bu borada Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash uchun koʻplab yangi qonunlar va qonunosti hujjatlari qabul qilinayotgani muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.

Ayni vaqtda Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlash qonun buzilishi bilan bogʻliq salbiy oqibatlarga qarshi samarali kurashishni 
hamda bunday holatning barvaqt oldini olishga qaratilgan taʼsirchan 
tizimni shakllantirishni talab etmoqda.

Qonuniylikni mustahkamlashda jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish gʻoyat muhim ahamiyatga ega boʻlib, bu har bir shaxsda qonunlarga, inson huquq va erkinliklariga nisbatan hurmat bilan munosabatda boʻlishni hamda huquqbuzarliklarga nisbatan murosasizlik muhitini shakllantirishni kun tartibiga eng asosiy masala qilib qoʻymoqda.

Shu bilan birga, Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda jamoatchilik nazoratining taʼsirchan shakllarini joriy etish
ommaviy axborot vositalari vakillarining qonuniy haq-huquqlariga har qanday shaklda tazyiq oʻtkazishga yoʻl qoʻyilmaslik ham alohida ahamiyatga egadir.
Amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini kuchaytirish, 
qonun ustuvorligini soʻzsiz taʼminlash, jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, fuqarolik jamiyatini taraqqiy toptirishda jamoatchilik nazoratining samarali shakllarini joriy etish hamda 
bu jarayonda ommaviy axborot vositalari ishtirokini kengaytirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 
27 yilligiga bagʻishlangan tantanali marosimda belgilab berilgan vazifalarga muvofiq Konstitutsiya va qonun ustuvorligini taʼminlash, 
bu borada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda jamiyatda 
huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi oʻrinlarda Dastur deb yuritiladi) ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Dasturni amalga oshirishning asosiy maqsadi etib quyidagi pirovard natijalarga erishish belgilansin:

Konstitutsiya va qonun ustuvorligini, davlat organlari qarorlari, mansabdor shaxslarning xatti-harakatlari qonunlarga toʻliq muvofiq boʻlishini taʼminlash, qonunlar ijrosini samarali tashkil etish;

jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish borasidagi ishlarni yangi bosqichga koʻtarish, huquqiy axborotni zamonaviy usullar orqali keng ommaga yetkazish, har bir fuqaro va mansabdor shaxslarda Konstitutsiya 
va qonunlarga hurmat hissini shakllantirish;

Konstitutsiya va qonun ustuvorligiga erishishda davlat idoralari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati mexanizmlarini takomillashtirish, mustaqil va xolis ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash, fuqarolik jamiyati institutlarini yanada rivojlantirish;

odil sudlov tizimini yanada takomillashtirish, sud hokimiyatining obroʻsini oshirish va chinakam mustaqilligini taʼminlash;

davlat va jamiyat boshqaruvida, davlat organlarining kundalik faoliyatida ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini kuchaytirish, huquqni muhofaza qiluvchi organlarni xalq manfaati yoʻlida xizmat qiladigan idoralarga aylantirish;

Konstitutsiya va qonunlarda belgilangan inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlarini oliy qadriyat sifatida yanada mustahkamlash, mulk daxlsizligini kafolatlash.

3. Belgilab qoʻyilsinki:

a) 2020 yil 1 martdan boshlab:

aholi maskanlarining meʼmoriy qiyofasini tubdan yangilash 
va obodonlashtirish, shuningdek, ularda kompleks qurilish va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirishga oid qarorlar dastlab oʻsha hududdagi aholi oʻrtasida muhokama qilinib, jamoatchilik ekspertizasidan oʻtkaziladi;

jismoniy va yuridik shaxslarga yer ajratish haqidagi hujjatlar qabul qilinganidan (rasmiylashtirilganidan) keyin bir kun muddatda tegishli hokimliklarning rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilib boriladi;

b) 2020 yil 1 apreldan boshlab:

shaxsni ushlash, unga protsessual huquqlarini tushuntirish, himoyachidan voz kechish harakatlarini majburiy tarzda video tasvirga tushirish tartibi joriy etiladi;

huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari zimmasiga ular tomonidan shaxs ushlanganidan soʻng uning ushlangani va ushlab turilgan 
joyi toʻgʻrisida uning oila aʼzolaridan birini, ular boʻlmagan taqdirda esa, boshqa qarindoshlarini yoki yaqin kishilarini darhol xabardor qilish boʻyicha majburiyat yuklanadi;

v) 2020 yil 1 iyuldan boshlab huquqni cheklaydigan protsessual majburlov choralarini qoʻllash, jumladan shaxsni ushlab turish holatlari yagona elektron hisobga olish tizimiga kiritib boriladi.

4. Qonunlar ijrosini taʼminlashning samaradorligini oshirish yuzasidan:

a) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi 
va Senatiga qonun hujjatlarining ijro etilishi holati va huquqni qoʻllash amaliyotini oʻrganish hamda qonunosti hujjatlarining qabul qilinishini monitoring qilib borish, qabul qilingan qonunlarni aholi oʻrtasida keng targʻib qilish ishlarini takomillashtirish va kuchaytirish tavsiya etilsin;

b) Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga jismoniy va yuridik shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarini sud yoʻli bilan himoya qilishda qonunlarning bir xil va toʻgʻri qoʻllanilishi holatlarini oʻrganish yuzasidan sud amaliyotini har chorakda umumlashtirib borish, zaruratga koʻra tegishli Plenum qarorlarini qabul qilish tavsiya etilsin;

v) Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunlar ijrosining maqsadli va kompleks oʻrganilishini hamda uning natijalarini reja asosida har chorakda Vazirlar Mahkamasi Rayosati majlislarida muhokama qilib borilishini taʼminlasin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi va Adliya vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 mayga qadar quyidagilarni nazarda tutuvchi tegishli qonun loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda kiritsin:

prokuror, surishtiruvchi yoki tergovchining jinoyat ishini qoʻzgʻatish, jinoyat ishi qoʻzgʻatishni rad etish, taftish tayinlash, surishtiruv yoki dastlabki tergovni toʻxtatish va jinoyat ishini tugatish haqidagi qarorlari ustidan manfaatdor shaxslar tomonidan bevosita sudga shikoyat qilish;

sud ishlarini hal etishga aralashish, jumladan ishning har tomonlama, toʻla va xolisona oʻrganilishiga toʻsqinlik qilish, adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarilishiga erishish maqsadida sudyaga turli shaklda taʼsir oʻtkazish holatlari boʻyicha javobgarlikni kuchaytirish.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish boʻyicha maslahat kengashi (A. Saidov):

Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish markazi, Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda, 2020 yil 
1 martga qadar ilgʻor xorijiy tajribani oʻrgangan holda, har bir soha 
va tarmoq boʻyicha jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning taʼsirchan hamda zamonaviy tizimini yaratish boʻyicha kompleks dasturni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

jamoatchilik nazorati sohasida fuqarolik jamiyati institutlari bilan samarali hamkorlikning zamonaviy mexanizmlarini hamda ularning faoliyatini qoʻllab-quvvatlash choralarini joriy qilish boʻyicha takliflarni belgilangan tartibda kiritsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondiga 2020 yil 1 mayga qadar nodavlat notijorat tashkilotlari va ommaviy axborot vositalari oʻrtasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning samarali va zamonaviy mexanizmlarini joriy etish hamda mazkur institutlarning jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish boʻyicha eng yaxshi takliflarning davlat granti tanlovlarini oʻtkazish tavsiya etilsin.

7. Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi 2020 yil 1 mayga qadar xalqaro tashkilotlar, jamoatchilik, soha mutaxassislari va ekspertlari ishtirokida keng muhokama qilish orqali quyidagilarni nazarda tutuvchi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining milliy strategiyasi loyihasini ishlab chiqsin 
va belgilangan tartibda kiritsin:

Oʻzbekiston Respublikasining inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarining toʻliq bajarilishini taʼminlash;

fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya etilishini monitoring qilish mexanizmlarini takomillashtirish;

inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashga qaratilgan tashkiliy-huquqiy va boshqa kompleks choralar tizimini yaratish;

qonunchilikka va davlat organlari, xususan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning amaliy faoliyatiga inson huquq va erkinliklari sohasida xalqaro standartlarni implementatsiya qilish mexanizmlari va tartibi samaradorligini oshirish;

aholining inson huquqlari sohasidagi huquqiy savodxonligini oshirish, jumladan bu borada samarali axborot va maʼrifat tarqatish, taʼlim berish faoliyatini tashkil etish;

inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar, xorijiy mamlakatlar milliy institutlari bilan hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarish.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi:

2020 yil 1 iyulga qadar ommaviy axborot vositalarining faoliyati 
va axborotdan foydalanish erkinligini taʼminlash, davlat organlari 
va mansabdor shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlari (qarorlari)dan himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish, jurnalistlarning oʻz kasbiy faoliyatiga oid majburiyatlari belgilanishini nazarda tutuvchi “Teleradioeshittirishlar toʻgʻrisida”gi va “Ommaviy axborot vositalari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihalarini ishlab chiqsin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

2020 yil 1 martga qadar barcha davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini taʼminlash, ularda jamoatchilik, xususan, ommaviy axborot vositalari bilan aloqalarni yangi bosqichga koʻtarish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

9. Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi Adliya vazirligi, Oliy sud va Bosh prokuratura bilan birgalikda 2020 yil 1 mayga qadar advokatura institutini yanada takomillashtirish va advokatlar mavqeini tubdan oshirish yuzasidan quyidagilarni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti hujjati loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin:

Advokatura institutini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash;

Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Advokatlar palatasi faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan vakolatlarini qayta koʻrib chiqish orqali ushbu tuzilmaning roli va ahamiyatini yanada oshirish;

tergovchi, prokuror va sud tomonidan davlat hisobidan advokatlarni jalb qilish mexanizmini xalqaro standartlar asosida qayta koʻrib chiqish;

advokatlar uchun qoʻshimcha imtiyozlar belgilash.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi 2020 yil 1 martga qadar:

aholiga, ayniqsa, yoshlarga ularning huquqlarini tushuntirishda amaliy, taʼsirchan va innovatsion mexanizmlarni qoʻllashni nazarda tutuvchi Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish konsepsiyasini 2020–2021 yillarda samarali amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” loyihasini ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin;

qonunchilikni yangilash va tizimlashtirish boʻyicha yangi tizimni yaratish yuzasidan takliflar tayyorlasin va Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar rahbarlari:

Dasturda belgilangan tadbirlar oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini, unda nazarda tutilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari qonunchilik va amaliyotni chuqur tahlil qilgan holda hamda rivojlangan mamlakatlarning ilgʻor tajribasi asosida ishlab chiqilishini va keng jamoatchilik oʻrtasida, jumladan ijtimoiy tarmoqlarda faol muhokama qilinishini;

Dasturning amalga oshirilishi holati toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga har chorakda axborot taqdim etib borilishini taʼminlasin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:

Dasturda belgilangan tadbirlarning amalga oshirilishi holatini doimiy monitoring qilib borsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga monitoring natijalari toʻgʻrisida har chorakda axborot kiritib borilishini taʼminlasin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi hamda Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda ushbu qarorning maqsad va vazifalari ommaviy axborot vositalari 
hamda Internet tarmogʻida keng yoritilishini tashkil etsin.

14. Ushbu qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N. Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

 Prezidenti                         Sh.Mirziyoyev

Toshkent shahri,

2019 yil 13 dekabr

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.