Konstitutsiyamiz qabul qilingan kunning 25 yilligi munosabati bilan “Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida tantanali tadbir boʻlib oʻtdi

0
136
marta koʻrilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 25 yilligi munosabati bilan 7 dekabr kuni poytaxtimizdagi “Oʻzbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida tantanali tadbir boʻlib oʻtdi. Unda mamlakatimizning siyosat va jamoat arboblari, fan, madaniyat va sanʼat namoyandalari, poytaxt jamoatchiligi, yurtimizda faoliyat koʻrsatayotgan xorijiy davlatlarning elchixonalari va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari vakillari ishtirok etdilar. 

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangradi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev «Konstitutsiya – xalqimizning siyosiy-huquqiy tafakkuri mahsuli, asriy qadriyatlarimizning beqiyos timsolidir» mavzuida maʼruza qildi. 

Bundan roppa-rosa yigirma besh yil muqaddam umumxalq muhokamasidan keyin har tomonlama va chuqur oʻylangan, demokratik yoʻl bilan qabul qilingan Konstitutsiyamiz yangi jamiyatning huquqiy kafolatlarini shakllantirdi va mustahkamladi. 

Prezidentimiz maʼruzasida taʼkidlanganidek, Asosiy qonunimiz xalqimizning siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir. U hech kimga qaram boʻlmasdan, erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashining qonuniy kafolati boʻlib kelmoqda. 

Mamlakatimizda roʻy berayotgan buyuk oʻzgarishlar, turli sohalardagi islohotlar xalqimiz turmush tarzida tub burilish yasadi. Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yilida insonlarning manfaatlari yoʻlida haqiqiy islohotlar konstitutsiyaviy tamoyil va qoidalarga muvofiq tarzda amalga oshirildi. Bu yilda «Inson manfaatlari hamma narsadan ulugʻ» degan gʻoya amalga toʻliq tatbiq etilib, davlat hokimiyatida mutloqo yangi tizim — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual qabulxonasi, joylarda Xalq qabulxonalari tashkil etildi, aholining eng dolzarb muammolarini hal etishning samarali tizimi yaratildi. 

Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha Harakatlar strategiyasi jamiyat hayotining barcha sohalaridagi islohotlarni harakatga keltiruvchi kuchga aylandi. 

Yakuniga yetayotgan yilda Konstitutsiyamizning hayotiy negizi nechogʻli mustahkam ekani oʻz tasdigʻini topdi. Konstitutsiyaviy qoidalar fuqarolarimizning kundalik hayotida toʻlaroq namoyon boʻldi. Chunki Asosiy qonunimizda inson, uning huquq va erkinliklari hamda manfaatlari eng oliy qadriyat sifatida muhrlab qoʻyilgan. Eng asosiysi, odamlar islohotlar samarasini kelajakda emas, balki bugun oʻz hayotida his qilish imkoniga ega boʻldi. 

Yil davomida mamlakatimizda amalga oshirilgan ishlar «Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak» degan daʼvat zamiriga qurildi. Bu esa yurtdoshlarimizning qalbida aks-sado berib, Vatan va yurt taqdiriga dahldorlik tuygʻusi bilan yashashi, xalqimizning farovon hayotini taʼminlash uchun bor kuch-gʻayratini ishga solishiga turtki boʻldi. 

Marosim sanʼat ustalari va yosh ijrochilarning konsert dasturi bilan yakunlandi.

 

 


Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.