Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Xonimlar va janoblar!
Siz, azizlarni mehmondoʻst Oʻzbekiston zaminida Koʻp oʻlchovli kambagʻallik boʻyicha yuqori darajadagi konferensiyaning ochilishi bilan samimiy qutlayman. Anjuman ishida ushbu sohaning taniqli ekspertlari ishtirok etmoqda.
Bugungi kunda dunyoda davom etayotgan turli mojarolar, gumanitar, epidemiologik va iqlim inqirozlari Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish hamda kambagʻallikning barcha koʻrinishlarini qisqartirish borasidagi saʼy-harakatlarga jiddiy tahdid solmoqda.
Ana shunday sharoitda dunyoning koʻplab davlatlari nufuzli ekspertlar muloqotiga katta qiziqish bildirib, kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha eng dolzarb muammolarga samarali yechim topishga umid bogʻlamoqda.
Qadrli doʻstlar!
Joriy yilda mazkur nufuzli tadbirga Oʻzbekistonning mezbon sifatida tanlangani mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarning xalqaro eʼtirofi boʻldi, desak, ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.
Soʻnggi besh yilda ilgʻor xorijiy yondashuvlar hamda mamlakatimizning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, eng quyi boʻgʻin – mahalla darajasiga tushgan holda kambagʻallikka qarshi kurashish borasida muvaffaqiyatli tajriba yaratildi.
Eng avvalo, aholi daromadlarini oshirishda fuqarolarning kasb-hunar egallashi va oʻz biznesini boshlashiga koʻmaklashishni ustuvor vazifa etib belgiladik.
Hokimning mahalladagi yordamchilari instituti bu borada aholiga har tomonlama koʻmak bermoqda. Birgina joriy yilning oʻzida 250 ming ishsiz fuqarolarni kasblarga oʻqitish, 2 million aholini tadbirkorlikka jalb qilish yuzasidan katta hajmdagi ishlar olib borilmoqda.
Ikkinchidan, Yangi Oʻzbekistonda har bir fuqaroning yashash sharoitini yaxshilash, taʼlim va tibbiy xizmatlar koʻlami va sifatini oshirish inson qadrini ulugʻlashga qaratilgan islohotlarimizning asosiy yoʻnalishi boʻlib kelmoqda.
2024 yilning oʻzida bogʻcha va maktablar barpo qilish, tibbiy xizmatni kengaytirish, mahallalarda ichimlik suvi, elektr energiyasi, yoʻl infratuzilmasini yaxshilash uchun byudjetdan 31,5 trillion soʻm ajratildi. Eng muhimi, ushbu loyihalarni amalga oshirishda “Tashabbusli byudjet” tizimi orqali mahallalarning ishtiroki kengayib bormoqda.
Uchinchidan, ijtimoiy himoya tizimini kuchaytirib, davlat koʻmagiga muhtoj oilalarga sifatli xizmatlar koʻrsatish koʻlamini keskin oshirdik. Shu maqsadda Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi, tumanlarda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Natijada 2 million 300 mingdan ziyod muhtoj oilalar, xotin-qizlar, yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar kafolatlangan ijtimoiy himoya bilan qamrab olindi. Bu – 2017 yilga nisbatan 4 barobar koʻp, demakdir.
Shu oʻrinda bir masalaga eʼtiboringizni qaratmoqchiman: muhtoj oilalarda tugʻilgan bolalarning salohiyatini toʻliq roʻyobga chiqarish boʻyicha barcha imkoniyatlarni yaratib berish davlatimiz siyosatida muhim oʻrin egallagan.
Ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, yurtimizdagi barcha bolalarning har tomonlama yetuk inson boʻlib kamol topishiga ustuvor ahamiyat qaratmoqdamiz. Xususan, keyingi yillarda bolalarning maktabgacha taʼlim bilan qamrov darajasi 27 foizdan 74 foizga oshirildi. Bolalar oʻrtasidagi kambagʻallik darajasi oxirgi uch yilda 22 foizdan 14 foizga pasaydi.
Bundan tashqari, yoshlarni yuqori daromadli va zamonaviy kasblarga oʻqitish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Masalan, “Bir million dasturchi” loyihasi amalga oshirildi, har bir tumanda IT markazlar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Umuman, soʻnggi uch yilda mamlakatimizda koʻmakka muhtoj 3 million aholining turmush sharoitini yaxshilab, kambagʻallik darajasini 17 foizdan 11 foizga tushirishga erishdik.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Respublikamizda ehtiyojmand aholini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha keng qamrovli siyosatni izchil davom ettirib, kelgusi uch yilda kambagʻallik darajasini 7 foizgacha pasaytirishni maqsad qilganmiz.
Bunday yuksak marralarga erishishda Oʻzbekiston xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar bilan oʻzaro tajriba almashish, birgalikda turli dastur va loyihalarni amalga oshirish orqali yaqin hamkorlikni izchil davom ettirishdan manfaatdor.
Koʻp oʻlchovli kambagʻallik boʻyicha oʻzaro muloqot ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qiladi, uning yakunida ishlab chiqiladigan amaliy taklif va tavsiyalar jahon miqyosida kambagʻallikni kamaytirishda yangi qadam boʻladi, deb umid qilaman.
Fursatdan foydalanib, konferensiya faoliyatiga, uning barcha ishtirokchilariga muvaffaqiyat tilayman.
Shavkat Mirziyoyev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti