14 iyun kuni Koʻksaroy qarorgohida mamlakatimizga davlat tashrifini amalga oshirayotgan Koreya Respublikasi Prezidenti Yun Sok Yolni tantanali kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi.
Qarorgoh oldidagi maydonda ikki davlat bayroqlari koʻtarildi va faxriy qorovul saf tortdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qarshi oldi va shohsupaga taklif qildi. Davlat madhiyalari yangradi.
Harbiy orkestr sadolari ostida yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan oʻtdilar hamda rasmiy delegatsiyalar aʼzolarini bir-birlariga tanishtirdilar.
Birgalikda suratga tushilgandan soʻng tor doiradagi muzokaralar boshlandi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlab, diplomatik aloqalar oʻrnatilganining 32 yilligi va Oʻzbekiston-Koreya alohida strategik sheriklik munosabatlarining besh yilligi bilan chin dildan tabrikladi.
Uchrashuv chogʻida siyosiy, savdo-iqtisodiy, texnologik va boshqa ustuvor sohalarda amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Koreya Respublikasi Oʻzbekistonning yetakchi savdo va investitsiya hamkorlaridan biri ekanligi taʼkidlandi. Oʻtgan yili tovar ayirboshlash 2,5 milliard dollarni tashkil etdi, koreys investitsiyalari hajmi 7,5 milliard dollardan oshdi. Turistlar oqimi ortib bormoqda, Toshkent va Seul oʻrtasida bir haftada 10 ta aviaparvoz amalga oshirilmoqda.
Hamkorlik salohiyatidan yanada samarali foydalanish, yirik yuqori texnologik loyihalarni aniqlash va ilgari surish uchun yangi sheriklik modelini shakllantirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Madaniy-gumanitar almashinuv samarali rivojlanayotgani yuqori baholandi. Respublikamizda Koreya yetakchi oliygohlarining 4 ta filiali muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Oʻz navbatida, Janubiy Koreyada 11 mingdan ortiq oʻzbekistonlik talabalar taʼlim olmoqda.
Koreya madaniyati uyi, Koʻp tarmoqli bolalar klinikasi, Toshkentdagi Seul bogʻi va Seul koʻchasi doʻstlik va hamkorlikning haqiqiy ramziga aylandi.
Prezidentlar xalqaro tashkilotlar doirasida oʻzaro qoʻllab-quvvatlashning ahamiyatini taʼkidladilar.
Shuningdek, mintaqaviy, jumladan, «Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi» formatidagi hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Xavfsizlik va mudofaa sohasida, xususan, kiberjinoyatlar, terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boʻyicha yaqin aloqalarni oʻrnatishga alohida eʼtibor qaratildi.