Koreyaga ishga joylashtirish tizimidagi monopoliyaga barham berildi

0
153
marta koʻrilgan.

Koreya Respublikasida ishga joylashish istagida boʻlgan fuqarolar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi koreys tilidan saralash test sinovi boʻyicha yangi shaffof tizimni joriy qildi, deya xabar beradi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi.

Oʻzbekiston va Koreya mehnat vazirliklari oʻrtasidagi Memorandumga muvofiq, Koreyada ishga joylashish uchun Oʻzbekiston fuqarolari koreys tilini bilish darajasi boʻyicha ikki bosqichli – dastlabki va asosiy (EPS-TOPIK) test sinovlarini oʻtishi zarur. EPS-TOPIK testi Koreya inson resurslarini rivojlantirish xizmati (HRD) tomonidan oʻtkaziladi. Dastlabki test sinovi esa yaqin paytgacha Toshkent shahrida joylashgan faqat bitta tashkilot tomonidan oʻtkazib kelingan. Bu, oʻz navbatida, monopoliya holatini yuzaga keltirib, viloyatlik fuqarolar uchun noqulaylik va ortiqcha xarajatlarni keltirib chiqargan. 

Test sinovlarini oʻtkazadigan tashkilot test natijalariga koʻra fuqarolar bilimini baholash koʻrsatkichlari reytingini yuritmagan. Fuqarolarni keyingi bosqich test sinovlariga tanlash masʼuliyati natijalar haqqoniyligini tekshirib koʻrish imkoniyatiga ega boʻlmagan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi zimmasiga yuklatilgan edi. Qolaversa, dastlabki test sinovining savollari oʻzimizning oliy taʼlim muassasalari saʼy-harakati bilan Oʻzbekistonda tuzilib, koreyalik mutasaddilar tomonidan qabul qilinadigan EPS-TOPIK savollari bilan bogʻliq emas edi. Bu holat fuqarolar uchun noqulaylikni yuzaga keltirgan.

Shu bois, saralash test sinovlari tizimi noshaffof va fuqarolarga tushunarsiz boʻlib, bu holat korrupsiya xavfi va aholi noroziligini yuzaga keltirayotgan edi. Bundan tashqari, koreyalik mutasaddilar tomonidan Oʻzbekiston fuqarolarining koreys tilini bilish darajasi pastligi yuzasidan qator eʼtirozlar bildirilgan. Koreyalik mutasaddilar sifat darajasini oshirish va dastlabki saralash tizimidagi monopoliyani tugatish yuzasidan bir necha bor tavsiyalar bergan.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 sentyabrdagi qarori bilan mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun xorijga ketuvchi fuqarolar kasbiy malakasi va til bilish darajasini baholovchi markazlarni akkreditatsiyadan oʻtkazishning yangi tizimi joriy qilindi.    

Yangi tartibga koʻra, monopoliya tugatilib, fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida respublika hududlarida xorij tilini bilish boʻyicha test markazlarini tashkil etish uchun sharoitlar yaratildi. Koreys tilidan dastlabki test sinovlari borasida esa test savollari qaytadan tuzilib, EPS-TOPIK savollariga bogʻliq holda ishlab chiqildi. Muhimi, test markazlari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan tuzilgan hamda tomonlarning huquq va majburiyatlari, vakolatlari aniq koʻrsatilib, belgilab qoʻyilgan shartnoma asosida dastlabki test sinovini oʻtkazish tizimida ishtirok etishlari mumkin.

Test markazlari test sinovidan eng yaxshi koʻrsatkichlarga (70 foizdan boshlab, eng yuqori ballgacha) ega fuqarolar roʻyxatini mustaqil tarzda aniqlab, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga taqdim etadi. Bunda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi test topshirgan fuqarolar orasidan istalgan nomzodni tanlab olish asosida, shu jumladan, xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda test natijalari haqqoniyligini tekshirish huquqiga ega. On-layn tartibda dinamik reyting olib borilib, har bir fuqaro oʻzlari topshirgan test natijalarini Vazirlik sayti orqali bemalol tekshirib koʻrishlari mumkin.  

Yangi tizim test sinovining haqqoniyligi va shaffofligi uchun tomonlar masʼuliyatini oshirish, fuqarolarni koreys tilini oʻrganishga ragʻbatlantirish, shuningdek, test sinovlaridan muvaffaqiyatli oʻtish va keyinchalik Koreyada ishga joylashish uchun yagona mezon sifatida yuqori bilim darajasini oʻrnatishga imkon beradi.

Yangi tizim joriy qilingunga qadar dastlabki imtihonlarni topshirgan fuqarolar esa test markazlari tomonidan berilgan malaka sertifikatiga ega boʻlsa, dinamik reytinga kiritiladi.  

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.