Korrupsiya  — “hamtovoqlik”dan boshlanadi

0
64
marta koʻrilgan.

Korrupsiya odamlar hayotini va mamlakatni boshqaradigan qadimiy ijtimoiy hodisa. Shuning uchun qadimgi davrlardan beri odamlar korrupsiya sabablarini va uni cheklash yoʻllarini izlaydi.

Xitoylik atoqli davlat arbobi, iqtisodchi, islohotchi Van Anshi (1021-1086) korrupsiya haqidagi asarlarida uning ikkita manbasi borligini qayd etgan: “yomon qonunlar” va “yomon odamlar”.

“Yomon” deb ataladiganlar odamlar oʻzlariga tegishli boʻlmagan resurslarni boshqarish imkoniyatlariga ega boʻlsa, albatta oʻsha yerda korrupsiya boʻladi. Bunday resurslarga odatda davlat mulki, davlat buyurtmalari, imtiyozlar va byudjet mablagʻlari hamda boshqa omillar kiradi. Har qanday davlat xizmatchisi Konstitutsiyaga, qonunlarga, boshqa meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga amal qilishi shart boʻlsada, ularning koʻpchiligi berilgan imkoniyatlardan shaxsiy manfaatlar uchun foydalanishga moyil boʻladi. “Yomon qonunlar” deganda, chiqarilgan qonunlar, farmonlar va qarorlarning ishlamasligi, bajarilmasligi yoki ushbu meʼyoriy-huquqiy hujjatlarda chetlab oʻtishi mumkin boʻlgan boʻshliqlarning (lazeyka) mavjudligi tushuniladi.

XIV asr olimi Ibn Xaldun nafaqat ilmiy nazariya va sotsiologiyaning asoschisi, balki korrupsiyaning tergovchisi sifatida ham tarixda qolgan. U korrupsiya tamoyillarini mansabdor shaxslarning dabdabali hayotga boʻlgan qiziqishida koʻrdi. Demak oʻz navbatida nazarda tutilgan dabdabali hayotga qiziqish korrupsiyaning avj olishiga yordam beradi.

Hozirgi kunda ham mansabdor shaxslar dabdabali hayotga moyil ekanligini ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan maʼlumotlardan koʻrib turibmiz. Koʻpgina mansabdor shaxslarni kuzataganimizda hashamatli uylarda yashashiga, qimmatbaho mashinalar mavjudligiga, dabdabali toʻylar qilishiga guvohi boʻlayapmiz. Afsuski, ular mablagʻni qayerdan olayotganligi haqida jiddiy savolni qoʻymaymiz!  

”Oʻzbekiston Respublikasining davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida“gi qonunida, Davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻillanishiga, tadbirkorlik subektlarining muassisi boʻlishiga va ularni boshqarishga haqli emas deb koʻrsatib qoʻyilgan. Lekin barchamiz bilamiz juda koʻp mansabdor shaxslarda qaysidir yaqin qarindoshining nomiga ochilgan tadbirkorlik subektlari mavjud. Ular albatta ushbu  tadbirkorlik subektlarini himoya (krishevat)  qilib turadi.

Davlat tashkilotlaridan birida oʻtkazilgan soʻrovda, “Sizning fikringizcha, soʻnggi vaqtlarda tashkilotda korrupsiya darajasi oʻzgarganmi? degan savolga 130 nafar respondentlardan 11 nafari korrupsiya holati koʻpayganligini, 27 nafari oʻzgarish boʻlmaganligini, 56 nafari korrupsiya holatlari kamayganligini taʼkidlab, 36 nafari javob berishga qiynalaman degan javoblarni bergan. Javoblardan koʻrinib turibdiki, tashkilotdagi  xodimlar orasida korrupsiyaviy holatlar hamon davom etayapti…

Halqimiz uzoq yillik tarixga va boy madaniy merosga ega boʻlgan qadimiy xalqlardan biridir.

Oʻzbekiston Milliy universiteti  professori K.Kalanovning  “Oʻzbekchilik: ijtimoiy hodisami yoki jarayon?” nomli maqolasida bizning mentalitetimiz haqida “tanish-bilishchilik”, “koʻz koʻzga tushadi”, “sizdan ugina, bizdan bugina”, “kosa tagida nimkosa”, “qoʻllab yuborish kerak, qolib ketmaydi”, “koʻz yum, oʻtkazib yubor”, “sen bilan “bir dasturxon”dan ovqatlandik, endi hamtovoqmiz” kabi yozilmagan qonun mavjudligini taʼkidlagan. Bundan koʻrinib turibdiki biz koʻp holatlarga koʻz yumamiz va buni andishaga yoʻyamiz.

Korrupsiya asossan bir guruh shaxslar tomonidan amalga oshiriladi. Juda kamdan-kam hollarda, mansabdor shaxs davlat mulkini “oʻzlashtirish” uchun boshqa shaxslarni aralashtirmay, yakka holda harakat qilib, oʻz xizmat lavozimidan noqonuniy foyda koʻrishi mumkin.

Soddaroq aytganda, korrupsiya davlat idoralarida ishlovchi shaxslarning oʻz amalidan foydalanib, shaxsiy manfaatlarini hamma narsadan ustun qoʻyishlari, pora evaziga sotilishlari yoki sotib olinishlari, noqonuniy moddiy yoki nomoddiy boylik orttirishlaridir.
Quyida ushbu taʼrifga bir nechta misollar keltiramiz.

  1. Mansabdor shaxsning yaqin qarindoshi yoki tanishi davlat mablagʻlari hisobidan qurilish yoki boshqa hizmatlarni bajarganda, ularga yordam berish uchun u yolgʻiz harakat qilmaydi. Uni qoʻllab-quvvatlashda ishtirok etgan boshqa shaxslarga maʼlum darajada qaram boʻlib qoladi. Yaʼni mansabdor shaxs jinoiy sheriklariga ham davlat mablagʻlarini oʻzlashtirishda yoʻl ochib beradi. Bu holat korrupsiyaninganʼanaviy tushunchasiga yaqinroqdir, chunki u nafaqat bir shaxsni, balki qonunni buzishda birgalikda harakat qilgan shaxslarning butun guruhini qamrab oladi.   
  2. Qarorqabul qilishboʻyicha muayyan mansabdor shaxs, unga berilgan vakolatdan foydalanib, ruxsat berishda sunʼiy toʻsiqlar yaratib, mijozini pora berishga majbur qiladi. Bu holat ham  korrupsiyaning anʼanaviy tushunchasiga yaqinroqdir, chunki u pora berish va olishni oʻz ichiga oladi.
  3. Mansabdor shaxs shantaj orqali noqonuniy qaror qabul qilishga majburlanadigan holatlarni ham koʻrishimiz mumkin. Bu odatdamansabdor shaxsning yashirin jinoiy faoliliyatihaqida biladigan guruh yoki shaxs tomonidan bosim ostida sodir boʻladi. Bu yerda mansabdor shaxs bitta foyda oladi — u fosh qilinmaydi.

Koʻpincha korrupsiya deganda davlat mansabdor shaxslari tomonidan fuqarolardan shaxsiy boyish maqsadida oladigan poralari tushuniladi. Lekin, korrupsiya munosabatlarida nafaqat davlat amaldorlari, balki, tijorat tashkilotlari xodimlari ham ishtirok etadi. Korrupsiya munosabatlarining tashabbuskorlari ayrim holatlarda tadbirkorlar boʻlishi mumkin. Mansab mavqeini suiisteʼmol qilish shakllari juda xilma-xil boʻlganligi sababli, korrupsiyaning har xil turlari turli mezonlarga koʻra farqlanadi:

– oʻz mansab mavqeini suiisteʼmol qilish: davlat amaldorlari,  tijorat tashkilotlari rahbarlari, siyosiy arboblar;

– korrupsiya  munosabatlarining boshlanishi: mansabdor shaxs yoki   mijoz tashabbusi bilan boshlanadi;

– pora beruvchi vazifasini bajarish: oddiy fuqaro, yuridik tashkilot yoki jinoiy guruh;

– korrupsiyadan olingan foyda shakli: naqd pul yoki xizmatlar almashinuvi;

– pora berishning asosiy maqsadlari: maʼlum bir ishni tezlashtirish, foyda koʻrish, mansabdor shaxsga yaxshi koʻrinish yoki qilayotgan qonunga xilof ishlarini yashirish, jazodan qutilish va hokoza.

Korrupsiya bilan bogʻliq jinoyatlarning asosiy obektiv sabablari, jamiyatdagi keskin ijtimoiy tabaqalanish, boyliklarni asosan jinoiy daromad manbalaridan toʻplash, korrupsiyani ragʻbatlantirish, aholi oʻrtasida moddiy va maʼnaviy neʼmatlarni taqsimlashda ochiq-oydin adolatsizlik, uyushgan va iqtisodiy jinoyatchilikka asoslangan “yashirin” iqtisodiyotning gullab-yashnashi, muayyan lavozimlarga nomzodlarni tanlashda, qoida tariqasida, tajribasi, kasbiy mahorati va shaxsining axloqiy fazilatlaridan qatʼiy nazar, qarindosh-urugʻchilik, nepotizm va boshqalarga asoslangan kadrlar siyosatidan iboratdandir.

Tahlillar shuni qoʻrsatadiki, davlat boshqaruv organlaridagi korrupsiyaning sodir etilishi natijasida iqtisodiyot sohasiga eng katta zarar yetkaziladi. Xalqaro ekspertlarning hisob-kitoblariga koʻra, dunyo mamlakatlarida korrupsiyaning sodir etilishi natijasida tovar va xizmatlarning bahosi har yili oʻrtacha 5-15 foizga oshar ekan.

Masalan, AQSHda korrupsiya muammosi boʻyicha oʻtkazilgan tadqiqotlar natijasiga koʻra, korrupsiyaga ketgan mablagʻlar mamlakatda ishlab chiqarishni kengaytirishga sarflanganida 12 million kishi qoʻshimcha ish oʻrinlari bilan taʼminlanishi, ishchi-xizmatchilarning oʻrtacha daromadi 10 %ga va yalpi milliy mahsulotning oʻrtacha yillik oʻsishi qoʻshimcha 5 %ga oshgan boʻlar ekan.   

Demak, korrupsiyaga qarshi kurashda nafaqat huquq tartibot idoralari, balki har bir fuqaro bahamjihat boʻlib, bir yoqadan bosh chiqarib kurashishlari lozimligini yuqorida aytib oʻtilgan misollar koʻrsatib turibdi.  

Shu bilan bir qatorda korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, taʼlim muassasalarida korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha taʼlim va tarbiyani kuchaytirish davr talabidir.

Turdikulov Shuxrat Xudoykulovich,  Toshkent shahar hokimligi Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlimi boshligʻi, sosiologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD)

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.