Ilmiy adabiyotlardagi taʼrifga koʻra: ”Korrupsiya—shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini koʻzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek, bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish”.
Korrupsiya atamasi lotincha “orruptio” soʻzidan olingan boʻlib, pora berib sotib olish, buzilish, ishdan chiqish, axloqiy (maʼnaviy) buzilish degan maʼnolarni anglatadi. Odatda mansabdor shaxs tomonidan unga berilgan mansab vakolatlari va huquqlardan, shuningdek, bu bilan bogʻliq rasmiy nufuz maqomidan, imkoniyatlar va aloqalaridan oʻzlarining shaxsiy manfaatlarini koʻzlab qonunchilik va axloq qoidalariga zid ravishda foydalanishini anglatadi.
Kecha Toshkent shahar Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashining ikkinchi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilishni Toshkent shahar hokimligi Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlimi boshligʻi Sh. H.Turdiqulov boshqardi. Unda Toshkent shahridagi bosh boshqarma, boshqarma va tashkilot rahbarlari, Toshkent shahar hokimligi maʼsullari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari, keng jamoatchilik hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Kengashning navbatdagi yigʻilishida Toshkent shahrida bank va taʼlim sohasida korrupsiya holatlarining oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida Markaziy bank Toshkent shahar bosh boshqarmasi boshligʻi – D.R. Ismatov hamda Toshkent shahar Maktabgacha va maktab taʼlimi bosh boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari O. A Jumayevning hisobotlari tinglandi va amalga oshirayotgan ishlari muhokama etildi.
Mazkur yigʻilishda Toshkent shahar hokimligining rasmiy veb-saytiga maʼlumotlarni joylashtirish hamda yuritish boʻyicha maʼsullarning amalga oshirilayotgan ishlari yuzasidan Toshkent shahar hokimligining axborot texnologiyalarini joriy etish boʻyicha kotibiyati mudiri – O. B. Abduraximov hisoboti tinglandi.
Shuningdek, Toshkent shahrida qurilish sohasida korrupsiya holatlarining oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida Toshkent shahar Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻi – S. Sh. Tuxtayev va Toshkent shahar Qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi boshligʻi – K. S. Praliyevlarning hisobotlari tinglanib sohadagi kamchiliklar aytib oʻtildi va ularni bartaraf etish yuzasidan topshiriqlar berildi.
Chilonzor tumani hokimlik faoliyatida korrupsiya holatlarining oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida Chilonzor tumani hokimi – S. M. Xolxoʻjayevning hisoboti eshitilib, korrupsiyaviy omillarga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan tegishli topshiriq va tavsiyalar berildi.
Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman hokimliklarida “Ochiq eshiklar kunlari”ni tashkil etish boʻyicha va Toshkent shahar Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi aʼzolariga aniq yuklangan vazifalar belgilash reja-jadvalini tasdiqlash toʻgʻrisida Toshkent shahar hokimligi Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlimi boshligʻi Sh. H.Turdiqulovning axborotlari kengash aʼzolari tomonidan koʻrib chiqildi.
GUJUM.UZ