Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yigʻilishida ishtirok etdi. Yigʻilishda yurtimizda korrupsiyadan xoli muhit yaratish boʻyicha qilingan ishlarga baho berilib, kelgusi vazifalar belgilandi, deya xabar beriladi prezident. uz rasmiy veb- saytida.
Davlatimiz rahbari oʻz nutqida korrupsiya islohotlar yoʻlidagi eng katta toʻsiq va gʻov ekanini taʼkidladi.
Shu bois soʻnggi yillarda bu illatga qarshi kurashish boʻyicha qonunlar qabul qilinib, yangi tizim yaratildi. Parlament palatalarida masʼul qoʻmitalar, Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi va Agentlik tashkil qilindi.
Eng muhimi, jamiyatda korrupsiya muammosini jamoatchilik muhokamasiga olib chiqadigan ochiq tizim, ochiq muhit yaratildi. Ayniqsa, ommaviy axborot vositalarining bu boradagi oʻrni va taʼsiri ortib bormoqda.
Avvalo, korrupsiyaning omillariga qarshi kurashilmoqda. Masalan, yerni hokim qarori bilan ajratishdan toʻliq voz kechib, auksion tizimiga oʻtkazilgani natijasida bu tizim xalqchil boʻldi. “Shaffof qurilish” dasturi joriy etilganidan keyin bu sohada ham ijobiy oʻzgarishlar sezildi.
Davlat xaridlari boʻyicha qonun qabul qilingani, tanlov va tender raqamlashib, sogʻlom raqobat boʻlgani uchun oʻtgan yili 14 trillion soʻm byudjet mablagʻi tejaldi.
Bugunga kelib, barcha banklar 100 million soʻmgacha maishiy kreditlarni inson omilisiz 5 daqiqa ichida onlayn berayapti. Natijada oldin bu ish bilan shugʻullangan minglab bankirlar endi mahallaga tushib, odamlarga loyiha, kredit taklif qilib, mijozini koʻpaytirish bilan ishlayapti.
Maktabgacha va maktab taʼlimi tizimida 10 dan ortiq xizmat turlari toʻliq elektron shaklga oʻtkazildi. Bu sohada murojaatlar soni 2,5 karraga kamaydi.
Oliy taʼlim tizimi ham raqamlashtirildi. Avval test topshirib, toʻplagan balliga qarab, keyin oliygohni tanlash joriy qilindi. 35 turdagi hujjatlarni inson omilisiz olishga oʻtilgani uchun sohadagi murojaatlar 2,2 baravar kamaydi.
Yoʻl harakati xavfsizligi inspektori “bodi-kamera”da xizmat oʻtayotgani, avtoraqamlar auksionda sotilayotgani, qogʻozdagi bayonnoma yoʻq boʻlgani uchun korrupsiya omillari keskin kamaydi.
Aholi va tadbirkorlarga “xalq xizmatidagi davlat” tamoyili asosida xizmat koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi. Xususan, 120 turdagi hujjatlarni talab qilish, 160 dan ortiq litsenziya va ruxsatnomalar bekor qilindi. Natijada 200 mingga yaqin yangi tadbirkorlar bozorga kirib keldi. Chet el ishtirokidagi korxonalar qariyb 5 karra oshib, 23 mingga yaqinlashdi.
Elektron davlat xizmatlari soni 15 karra ortib, 721 taga yetdi, ulardan foydalanuvchilar esa, 11 milliondan oshdi.
Eng muhimi, bular orqali aholi, tadbirkorlar, xorijiy hamkorlarimiz, xalqaro tashkilotlar va investorlarning islohotlarga ishonchi mustahkamlandi. Soʻnggi yetti yilda 120 milliard dollardan ortiq investitsiya kirgani, iqtisodiyotimiz 2 karra oʻsib, oʻtgan yili 115 milliard dollarga yetgani buning isboti.
Prezident korrupsiyaga qarshi kurashish doimiy jarayon ekanini aytib, bu boradagi dolzarb masalalarni va kelgusi vazifalarni koʻrsatib oʻtdi.
Huquq-tartibot idoralari, asosan, korrupsiyani aniqlash va jazolash bilan ishlab, korrupsiyaviy omillarni tag-tomiri bilan yoʻqotadigan preventiv choralar eʼtiborsiz qolayotgani qayd etildi.
Shu bois Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining ish uslubi oʻzgartirilishi belgilandi. Buning uchun, tajriba tariqasida 5 ta – Sogʻliqni saqlash, Qurilish, Suv xoʻjaligi vazirliklari, Neftegaz va Suvtaʼminot jamiyatlarining komplayens nazorati agentlikka oʻtkaziladi.
Shuningdek, tumanlar darajasiga tushib, maishiy va tizimli korrupsiya omillarini chuqur oʻrganadi. Tahlillar asosida aniq choralarni ishlab chiqib, Milliy kengashga taqdim etadi.
Korrupsiyaviy jinoyatlarning 75 foizi tuman va mahallada maishiy korrupsiya shaklida sodir etilayapti. Shu bois endi Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlari tarkibi toʻliq yangilanadi. Ularga viloyat xalq deputatlari kengashi raislari bosh boʻladi.
Hududiy kengashlar korrupsiyaviy omillarni aniqlab, ularga barham berish uchun qonunchilikni oʻzgartirish, jazo muqarrarligini taʼminlash boʻyicha Milliy kengashga taklif kiritadi.
Bundan sakkiz yil avval hududlarni kompleks rivojlantirish boʻyicha sektorlar faoliyati yoʻlga qoʻyilgan edi. Bu tizim ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal etishga koʻmaklashdi. Shu bilan birga, soʻnggi yillarda hududlar salohiyati oshdi.
Shu bois endi prokuror, ichki ishlar va soliq rahbarlari sektorlar faoliyati bilan shugʻullanmasligi belgilandi. Jinoyatchilikning oldini olish, unga qarshi kurashish boʻyicha qoʻshimcha vazifalar qoʻyildi.
Davlat xaridlarida korrupsiyaning oldini olish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Shu maqsadda Ekspert komissiyasi tuziladi. Ilgʻor tajriba asosida davlat xaridlarida tovarlarning oʻrtacha bozor narxlari koʻrinib turadigan elektron platforma yaratiladi. Bunda, davlat xaridlarida sotib olinadigan tovar va xizmatlar narxi oʻrtacha bozor narxidan koʻpi bilan 20 foizdan oshmasligi shart. Ushbu talabni buzganlik uchun qonun bilan javobgarlik va jarimalar joriy qilinadi.
Byudjet va byudjetdan tashqari mablagʻ hisobidan asosiy vositalarni xarid qilish boʻyicha talablar ham kuchaytirilishi belgilandi. Davlat idoralarining xaridlarida mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan transport va mebelga ustuvorlik berish zarurligi qayd etildi. Yirik loyihalarni yuqori darajadagi korrupsiyaga qarshi standartlardan kelib chiqib baholash talabi qoʻyildi.
Korrupsiyaning oldini olish – davlat xizmatiga professional va fidoyi kadrlarni tanlash hamda ularni “halollik vaksinasi” bilan emlashdan boshlanadi. Shu bois ishga olishdagi tartib va yondashuvlarni takomillashtirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Davlat xizmatchilari daromadini deklaratsiyalashga oid qonun zarurati qayd etilib, uning loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyilishi belgilandi.
Fikri toza, korrupsiyaga toqatsiz yangi avlodni tarbiyalash maqsadida taʼlim maskanlarida halollik gʻoyalarini singdirish, ularning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash muhimligi koʻrsatib oʻtildi.
Davlatimiz rahbari nutqida jamoatchilikka murojaat qilib, korrupsiyaga qarshi kurashish umummilliy vazifa, har bir vatanparvar yurtdoshimizning vijdon ishi ekanini taʼkidladi.
– Hammamiz yagona kuch boʻlib harakat qilsak, albatta, katta ijobiy samaraga erishamiz. Shu bois mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar, yozuvchi va shoirlar, sanʼat va madaniyat xodimlari, tadbirkorlar, taniqli shaxslar, rahbarlar, deputat va senatorlar – umuman butun jamoatchilik birlashib, korrupsiyaga “jamiyat tanasidagi saraton” sifatida qarashi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yigʻilishda parlament va hukumat aʼzolari, jamoatchilik vakillari bilan muloqot boʻldi.
Umuman, ilk marotaba bunday tarzda yigʻilish oʻtkazilishi korrupsiyaga qarshi kuchli siyosiy irodani namoyon etdi. Davlatimiz rahbari 55 ta aniq maqsadga yoʻnaltirilgan tashabbuslarni ilgari surdi.
Ular doirasida 5 ta qonun, 12 ta farmon va qarorlar ishlab chiqiladi. Korrupsiyaga qarshi kurashishda parlament, Milliy va hududiy kengashlar, fuqarolik jamiyati institutlarining roli oshiriladi.
Korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari kuchayadi. Deklaratsiyalash, noqonuniy boylik orttirishga oid yangi tartiblar kiritilishi natijasida korrupsiya omillari cheklanadi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, tashkilotlardagi ichki nazorat tuzilmalari faoliyati kuchaytiriladi.
Maishiy korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha vazirlik, idoralar rahbarlari masʼuliyati oshiriladi. Davlat xizmatlari darajasini aholi baholaydigan tizim qilinadi, eng yomon koʻrsatkichga ega soha rahbarlari boʻyicha chora koʻriladi.
Nazorat inspeksiyalari mustaqilligi oshiriladi. Yirik investitsiya loyihalarida, auksionlarda korrupsiyaning oldini oluvchi mexanizmlar joriy etiladi.
Davlat xaridlari tartibga solinishi, toʻgʻridan-toʻgʻri xaridlar cheklanishi hisobiga byudjet mablagʻlari tejalishi taʼminlanadi. Davlat pulini maqsadsiz sarflash holatlariga barham beriladi.
Sektorlardan ozod boʻlgan kuch va vositalar jinoyatchilikka qarshi kurashishga safarbar etilib, jamiyatda barqarorlik muhiti va odamlarning roziligi ortadi. Noqonuniy tekshiruvlar ustidan prokuror nazorati kuchaytirilishi orqali joylarda biznes va investitsiya muhiti yaxshilanadi.
Erishilgan natijalar xalqaro reytinglarda mamlakatimiz oʻrnini yaxshilaydi. 2027 yilda UNCAC konferensiyasi mezbonligiga Oʻzbekiston nomzodini maʼqullash uchun zamin hozirlaydi.
Eng muhim, aholining, ayniqsa, yoshlarning huquqiy ongi yuksaltirilib, jamiyatda korrupsiyaga qarshi kurashishga daxldorlik shakllanadi.