Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati tizimi samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

0
101
marta koʻrilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida olib borilayotgan ishlarning natijadorligini oshirish, muhim ijtimoiy masalalarga oid ochiq maʼlumotlar koʻlamini yanada kengaytirish, ulardan toʻsiqlarsiz foydalanishni taʼminlash, shuningdek, “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida:

  1. Oʻzbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi (keyingi oʻrinlarda – Milliy kengash), Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi (keyingi oʻrinlarda – Agentlik), Bosh prokuraturaning korrupsiyaga oid jinoyatlarning oldini olish boʻyicha quyidagi tizimni joriy etish haqidagi taklifi maʼqullansin:

har chorakda Agentlik davlat organlari va tashkilotlari kesimida sodir etilgan korrupsiyaga oid jinoyatlarni tahlil qiladi va ushbu jinoyatlar koʻrsatkichi oshgan davlat organlari va tashkilotlariga kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar belgilash uchun Agentlik xodimlari ishtirokida koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnoma kiritib boradi;

har yarim yilda jinoyatlarning oldini olish hamda ularga imkon bergan omillarni bartaraf etish boʻyicha koʻrilayotgan choralar Milliy kengash yigʻilishlarida tegishli davlat organlari va tashkilotlarining birinchi rahbarlari ishtirokida tanqidiy muhokama qilib boriladi.

  1. Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha 2023-2024 yillarga moʻljallangan davlat dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
  2. 2023 yil 1 dekabrdan boshlab Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar roʻyxati quyidagi maʼlumotlar bilan toʻldirilsin:

hududlar kesimida “Haj” tadbiriga borish uchun navbatda turgan ziyoratchilarning yagona onlayn navbati toʻgʻrisidagi (ziyoratga boruvchi shaxsning arizasi navbatga qoʻyilgan sana va roʻyxatdagi tartib raqami) maʼlumotlar;

bolalarni davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga qabul qilish uchun berilgan arizalar navbati (roʻyxati) toʻgʻrisidagi (ariza navbatga qoʻyilgan sana, roʻyxatdagi tartib raqami, yosh guruhi hamda tashkilot raqami) maʼlumotlar;

davlat organlari va tashkilotlarida davlat xaridlarini amalga oshirish tartib-taomillarini belgilovchi xarid komissiyasining ichki idoraviy tartibi (nizom, reglament, yoʻriqnoma yoki boshqa ichki idoraviy hujjat);

markaziy, hududiy va tizim tashkilotlarida boʻsh ish oʻrinlari, ishga qabul qilish shartlari, nomzodlarga qoʻyiladigan talablar va taqdim qilinishi lozim boʻlgan hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;

davlat organlari va tashkilotlari tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarga taqdim etilgan grant va ijtimoiy buyurtma loyihalari haqidagi maʼlumotlar, shu jumladan, gʻolib boʻlgan nodavlat notijorat tashkilotlari va ularning buyurtma doirasida bajargan ishlari yuzasidan hisobotlari haqidagi maʼlumotlar.

  1. Agentlikning quyidagi jarayonlarni internet tarmogʻi orqali jonli efirga uzatish tartibini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin:

a) falsafa doktori (PhD) va fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun ilmiy kengash tomonidan oʻtkaziladigan dissertatsiya himoyasi (yopiq ilmiy ishlar bundan mustasno);

b) oʻrta-maxsus va professional taʼlim muassasalarining, (shu jumladan, “Temurbeklar maktablari” harbiy-akademik litseylarining) test sinovlari hamda Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarga kirish imtihonlari;

v) oliy taʼlim muassasalari bazasidagi harbiy taʼlim fakultetlariga (harbiy kafedra) qabul qilishdagi saralash tanlovlarining quyidagi bosqichlari:

umumjismoniy tayyorgarlikni baholash;

chaqiriqqacha boshlangʻich tayyorgarlik dasturi boʻyicha bilim darajasini baholash.

  1. Agentlikka davlat organlari va tashkilotlarining qayta aloqa tizimi samaradorligi darajasini baholash maqsadida “Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbirlarini tashkil etish va oʻtkazish vazifasi yuklatilsin.
  2. Belgilansinki, “Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbiri:

davlat organlari va tashkilotlaridagi ishonch telefonlarining (Call-markaz) hamda ularning rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilingan telefon raqamlarining doimiy ravishda ishchi holatdaligi, maʼlumotlar almashinuvi samaradorligi, qayta aloqaning mavjudligi, shu jumladan, tezkorligi va belgilangan muddatlarda amalga oshirilishi darajasini tekshirish maqsadida oʻtkaziladi;

Agentlikning masʼul xodimlari tomonidan aloqa vositalaridan (telefon qoʻngʻiroqlari, elektron pochta va boshqa aloqa kanallari) foydalangan holda masofaviy tartibda oʻtkaziladi;

natijalari boʻyicha davlat organlari va tashkilotlariga oʻzining ochiqlikni taʼminlashga oid faoliyatini yaxshilash hamda takomillashtirish uchun koʻrib chiqilishi majburiy boʻlgan taqdimnoma yuboriladi.

Bunda quyidagilar taqiqlanadi:

“Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbirini oʻtkazishda huquqbuzarliklar sodir etishga ogʻdirish va undash, shu jumladan, nizoli, bahsli holatlarni va kamchiliklarni sunʼiy ravishda keltirib chiqarish;

“Qayta aloqaning sirli mijozi” tadbirini oʻtkazishda Agentlik masʼul xodimlaridan tashqari boshqa shaxslardan foydalanish;

oʻrganish obyektiga tashrif buyurish.

Tadbir natijalari boʻyicha aniqlangan kamchiliklar vazirlik va idoralar xodimlarini javobgarlikka tortish uchun asos boʻlmaydi, ish beruvchi tomonidan shaxsiy tashabbus koʻrsatilgan holatlar bundan mustasno.

  1. Agentlik (A.Burxanov) xalqaro tashkilotlar va xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda:

uch oy muddatda davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni taʼminlashga masʼul xodimlarini ochiqlik sohasidagi milliy qonunchilik va xalqaro standartlar talablari boʻyicha oʻqitishga qaratilgan onlayn malaka oshirish tizimini elektron platforma asosida yoʻlga qoʻysin;

elektron platforma orqali oʻqitilishi lozim boʻlgan davlat organlari va tashkilotlari, shuningdek, ularning masʼul xodimlari roʻyxati va aniq muddatlarini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

elektron platforma oʻquv modullarini yakuni boʻyicha har bir tinglovchi egallagan bilim va malakasi test sinovidan oʻtkazilib, natijalarini toʻplangan ballar reytingi asosida ochiq eʼlon qilib borish tartibini joriy etsin;

elektron platforma modullari qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablar, xorijiy mamlakatlarning ilgʻor tajribasi va xalqaro standartlar talablaridan kelib chiqib, muntazam takomillashtirib (toʻldirib) borsin.

  1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6247-son Farmoniga 2-ilovaga muvofiq qoʻshimcha kiritilsin.
  2. Agentlik uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
  3. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.E.Burxanov belgilansin.
  4. Farmon ijrosi uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi

            Prezidenti                                                                        Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2023 yil 27 noyabr

Yoyish

MULOHAZA BILDIRISH

Mulohaza kiritilmadi!
Ismi sharifingizni kiriting.