Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, xususan koʻzi ojiz va koʻrishda nuqsoni boʻlgan bolalarning jamiyatdagi oʻrnini mustahkamlash yuzasidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Mazkur yoʻnalishdagi islohotlarning izchilligi va tizimliligini taʼminlash, koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalarning taʼlim olishi uchun yaratilgan shart-sharoitlarni yanada yaxshilash, ularning jamiyatga moslashuviga koʻmaklashish hamda qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ishlarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida:
1. Ichki ishlar vazirligi hamda Xalq taʼlimi vazirligining koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarni Ichki ishlar vazirligiga biriktirish hamda ularni “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari (keyingi oʻrinlarda – “Nurli maskan” maktablari) deb nomlash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.
Belgilansinki, Ichki ishlar vazirligi “Nurli maskan” maktablariga masʼullarni biriktirgan holda:
sifatli taʼlim va tarbiya berishga, ularning maishiy sharoitlarini yaxshilashga, shuningdek, oʻquvchilarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda intellektual, jismoniy va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga;
oʻquvchilarning jismoniy imkoniyatidan kelib chiqqan holda, ularni sogʻlom, maʼnan yetuk inson qilib tarbiyalashga hamda dunyoqarashini shakllantirish, sport turlariga qiziqtirish va jalb etishga;
oʻquvchilarning vatanparvarlik tuygʻularini shakllantiruvchi madaniy-maʼrifiy tadbirlarni tashkil etishga doimiy ravishda koʻmaklashadi.
2. “Nurli maskan” maktablari oʻquvchilari xavfsizligini taʼminlash, ularni sogʻlomlashtirish va reabilitatsiya qilish tadbirlarini tizimli yoʻlga qoʻyish maqsadida:
a) Respublika koʻz kasalliklari klinik shifoxonasi, Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi markazi, Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti hamda boshqa tibbiy muassasalarning malakali shifokorlarini jalb etgan holda, “Nurli maskan” maktablari oʻquvchilarini davolash-sogʻlomlashtirish va reabilitatsiya qilish amaliyoti yoʻlga qoʻyilsin.
Bunda, “Nurli maskan” maktablari oʻquvchilarini davolash-sogʻlomlashtirish va reabilitatsiya qilish tadbirlari uchun xarajatlar Sogʻliqni saqlash vazirligiga ajratilgan mablagʻlar doirasida moliyalashtiriladi.
Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.Musayev) Xalq taʼlimi vazirligi (B.Saidov) bilan birgalikda bir oy muddatda “Nurli maskan” maktablari oʻquvchilari uchun patronaj tizimini joriy etish hamda davolash-sogʻlomlashtirish va reabilitatsiya qilish tadbirlarini amalga oshirishni oʻz ichiga oluvchi chora-tadbirlar tasdiqlanishini taʼminlasin;
b) oʻquvchilarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlik hamda ular orasida oʻz joniga qasd qilish holatlarining oldini olish boʻyicha profilaktika ishlarini tizimli yoʻlga qoʻyish doirasida barcha “Nurli maskan” maktablari hududiga videokuzatuv moslamalari oʻrnatilishi taʼminlansin va ular tegishli hududiy ichki ishlar organlariga integratsiya qilinsin.
Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov) uch oy muddatda vazirlikning byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan mazkur vazifani amalga oshirish boʻyicha manzilli choralarni belgilab, ishlarni yakuniga yetkazsin.
3. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq 2022/2023 oʻquv yilidan boshlab:
a) “Nurli maskan” maktablarining Brayl yozuvidagi darsliklar va oʻquv qoʻllanmalar, badiiy hamda bolalar uchun moʻljallangan adabiyotlar, turli ixtisoslik va yoʻnalishlardagi bosma va audiokitoblarga boʻlgan ehtiyoji har olti oyda oʻrganiladi va shu asosda adabiyotlar roʻyxati shakllantirib boriladi.
Bunda, shakllantirilgan roʻyxat asosida davlat buyurtmasini eʼlon qilish, adabiyotlarni ushbu yoʻnalishdagi ixtisoslashgan, yetarli moddiy-texnik bazaga hamda tajribaga ega boʻlgan matbaa korxonalarida nashr etish hamda “Nurli maskan” maktablari ehtiyojidan kelib chiqib, taqsimot asosida tarqatish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi;
b) koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun belgilangan viloyat va respublika fan olimpiadalari bitiruvchi sinflar oʻquvchilari uchun alohida tashkil etiladi;
v) “Nurli maskan” maktablari oʻquvchilari uchun axborot texnologiyalari, xorijiy tillar, kasb-hunar va tadbirkorlikni oʻrgatish boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etiladi.
Bunda, “Nurli maskan” maktablari bitiruvchilarini qisqa muddatli oʻquv kurslari orqali kasb-hunarga oʻqitish uchun nodavlat taʼlim tashkilotlari oʻrtasida grant eʼlon qilinadi va oʻqish bilan bogʻliq xarajatlar Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan toʻlanadi;
g) oliy taʼlim muassasalarining tegishli ixtisoslik va yoʻnalishlari boʻyicha Brayl alifbosi asosidagi adabiyotlarni chop etish tizimi yoʻlga qoʻyiladi;
d) koʻzi ojiz va zaif koʻruvchilar uchun darsliklar va oʻquv-metodik majmualar chop etuvchi nashriyot-matbaa korxonalari bilan deklaratsiya qilingan narxlar asosida belgilangan tartibda shartnomalar tuzishga ruxsat beriladi.
Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda koʻzi ojiz va zaif koʻruvchilar uchun oʻquv va badiiy adabiyotlar chop etish sohasiga xususiy sektor vakillarini keng jalb qilish, ularga tegishli imtiyozlar berish orqali mazkur yoʻnalishni rivojlantirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqsin va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
4. Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov), Qurilish vazirligi (B.Zakirov), Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (A.Boboyev), Moliya vazirligi (T.Ishmetov), Xalq taʼlimi vazirligi (B.Saidov) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2022 yil 1 iyulga qadar “Nurli maskan” maktablarida qurilish-taʼmirlash va jihozlash ishlarini bajarish 2023 -2025 yillarda ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturlariga kiritsin.
Belgilansinki:
a) Moliya vazirligi (T.Ishmetov) tomonidan Samarqand shahridagi 59-sonli va 60-sonli koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar maktab-internatlarida 2022 yilda qurilish-taʼmirlash hamda jihozlash ishlarini amalga oshirish uchun bir oy muddatda tegishli mablagʻlar ajratiladi;
b) 2022 yil sentyabrdan boshlab “Nurli maskan” maktablari oʻquvchilarini kasb-hunarga oʻrgatish hamda bitiruvchilarining kasb egallashini taʼminlash maqsadida muassasalarda oʻgʻil va qiz bolalar uchun alohida zamonaviy jihozlangan ijtimoiy va maishiy yoʻnalishdagi majmua (oʻquv ustaxona)lar tashkil etiladi;
v) “Nurli maskan” maktablari 2022/2023 oʻquv yiliga qadar mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan koʻzi ojizlar uchun moslashtirilgan maxsus kompyuter texnika vositalari bilan toʻliq jihozlanadi.
Xalq taʼlimi vaziri B.Saidov va ichki ishlar vaziri P.Bobojonov mazkur bandda belgilangan vazifalarni samarali va toʻlaqonli amaliyotga tatbiq etish boʻyicha shaxsan masʼul ekanligi belgilab qoʻyilsin.
5. Qurilish vazirligi (B.Zakirov) Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.Musayev) bilan birgalikda uch oy muddatda “Nurli maskan” maktablari obyektlarini loyihalash va qurishga doir ilgʻor xorijiy standartlar va meʼyorlarni oʻrganib chiqib, ularni qoʻllash boʻyicha texnik jihatdan tartibga solishga oid normativ hujjatlarga tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
6. Quyidagilar:
a) Yoshlar ishlari agentligi ikki oy muddatda mahallalardagi yoshlar yetakchilari tomonidan taʼlimga jalb etilmagan koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar roʻyxatlarini mahallalar kesimida shakllantirsin va ularning Xalq taʼlimi vazirligiga taqdim etilishini taʼminlasin;
b) Xalq taʼlimi vazirligi uch oy muddatda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan taqdim etilgan roʻyxatlar asosida:
koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalarni toʻliq taʼlimga jalb etish choralarini koʻrsin;
koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalarni taʼlimga jalb etishda alohida yondashuv-metodikalari asosida uy sharoitida tahsil oluvchilarni maxsus adabiyotlar bilan taʼminlasin.
7. Xalq taʼlimi vazirligi (B.Saidov), Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (A.Toshkulov) alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalarning inklyuziv taʼlim olishi uchun zarur sharoitlar yaratish choralarini koʻrsin. Bunda:
uch oy muddatda Sogʻliqni saqlash vazirligi (B.Musayev) Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (A.Inakov) bilan birgalikda xalqaro tajribadan kelib chiqib, koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalarni umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalariga yuborish imkonini beruvchi tibbiy koʻrsatmalar roʻyxatini qayta koʻrib chiqsin;
2022 yil yakuniga qadar inklyuziv taʼlim tizimi joriy qilingan taʼlim muassasalarida koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratsin, shu jumladan, ularni relyef yoʻlakchalar, Brayl alifbosi asosidagi adabiyotlar hamda maxsus eshitish moslamalari bilan taʼminlasin;
har yili kamida ikki marotaba inklyuziv taʼlim tizimi joriy qilingan taʼlim muassasalarining rahbar va pedagog kadrlari uchun koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalarga taʼlim berish boʻyicha malaka oshirish kurslarini tashkil etsin;
inklyuziv taʼlim tizimi joriy qilingan taʼlim muassasalarida koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalarning yaqin qarindoshlariga ular bilan birga darslarda qatnashish imkoniyatlarini yaratsin.
8. 2022 yil 1 iyunga qadar Andijon viloyatining 16-sonli “Nurli maskan” maktabining boʻsh turgan binosida koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi shaxslarning mehnat qilishi uchun tajriba-sinov tariqasida maxsus oʻquv-ishlab chiqarish korxonasi tashkil etilsin.
Andijon viloyati hokimligi (Sh.Abdurahmonov) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) hamda Xalq taʼlimi vazirligi (B.Saidov) bilan birgalikda:
bir oy muddatda “Nurli maskan” maktabining oʻquvchilari uchun oʻquv-ishlab chiqarish korxonasining ishlab chiqarish yoʻnalishidan kelib chiqib maxsus amaliy-oʻquv darslarini tashkil qilsin;
ikki oy muddatda oʻquv-ishlab chiqarish korxonasini zarur uskunalar, maxsus jihozlar, ish qurollari va anjomlar bilan taʼminlasin hamda ishlab chiqariladigan tovar va xizmatlarni realizatsiya qilishda amaliy yordam koʻrsatsin.
9. Xalq taʼlimi vazirligi (B.Saidov):
a) Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2023 yil 1 yanvarga qadar Andijon viloyatining “Nurli maskan” maktabidagi oʻquv-ishlab chiqarish korxonasining natijalaridan kelib chiqib, respublikaning boshqa maktab-internatlarida mazkur tajribani joriy etishni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
b) Oʻzbekiston koʻzi ojizlar jamiyati (E.Narpulatov) hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (N.Xusanov) bilan birgalikda 2023 yil 1 fevralga qadar joylarda tashkil etilayotgan oʻquv ustaxonalarining yoʻnalish va imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda, kasbga yoʻnaltiruvchi maxsus oʻquv reja va dasturlarni ishlab chiqsin;
v) 2022/2023 oʻquv yiliga qadar “Nurli maskan” maktablari oʻquvchilarining ehtiyoji va imkoniyatidan kelib chiqib, ularda “Barkamol avlod” bolalar maktablarining tarmoq toʻgaraklari faoliyatini yoʻlga qoʻysin;
g) Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sh.Shermatov) bilan birgalikda 2022 yil yakuniga qadar “Nurli maskan” maktablari uchun oʻzbek nutq sintezatori va boshqa semantik-eshitish vositalari bilan hamohang ravishda milliy dizayndagi maxsus kompyuter dasturlarini yaratsin va oʻquv jarayoniga tatbiq qilsin.
Bunda, milliy dizayndagi maxsus kompyuter dasturlarini ishlab chiqish bilan bogʻliq xarajatlar Xalq taʼlimi sohasida islohotlarga koʻmaklashish jamgʻarmasi hisobidan amalga oshiriladi;
d) Moliya vazirligi (T.Ishmetov), Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (A.Inakov) bilan birgalikda 2022/2023 oʻquv yiliga qadar 1-sinf oʻquvchilariga belgilangan tartibda ajratiladigan “Prezident sovgʻasi” tarkibiga koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar uchun maxsus oʻquv qurollari va toʻplamlar roʻyxatini shakllantirsin va tegishli qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Sportni rivojlantirish vazirligi (A.Ikramov) Xalq taʼlimi vazirligi (B.Saidov) hamda Oʻzbekiston Milliy paralimpiya qoʻmitasi (M.Tashxodjayev) bilan birgalikda:
bir oy muddatda “Nurli maskan” maktablarining paralimpiya sport turlari bilan shugʻullanishda zarur boʻladigan sport asbob-uskunalari, jihozlar va boshqa inventarlarga boʻlgan ehtiyojini aniqlasin;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda chet el tajribasi asosida tegishli mahalliy byudjetlar hisobidan “Nurli maskan” maktablarining sport zali va sport maydonlarini xalqaro meʼyorlar asosida jihozlasin hamda zarur maxsus sport inventarlari bilan taʼminlasin;
2022/2023 oʻquv yilidan boshlab koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar hamda tayanch harakat aʼzolari shikastlangan bolalarning ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarda paralimpiya sport turlari (dzyudo, futbol, yengil atletika) bilan mukammal shugʻullanishi uchun sport guruhlarini tashkil qilsin va ushbu maktablarga oʻquvchilarning sport turlariga qiziqishidan kelib chiqib, malakali trenerlar jalb qilinishini taʼminlasin.
11. Madaniyat vazirligi (O.Nazarbekov) Xalq taʼlimi vazirligi (B.Saidov), Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda “Nurli maskan” maktablarida sanʼat (musiqa) yoʻnalishini rivojlantirish, oʻquvchilarning sanʼat yoʻnalishidagi iqtidorlarini roʻyobga chiqarish maqsadida ularni hududlardagi musiqa va sanʼat maktablariga biriktirsin.
Belgilansinki, bolalarning sanʼat va musiqaga qiziqishini oshirish maqsadida “Nurli maskan” maktablarida “Doirachilar”, “Dutorchi qizlar”, “Folklor” guruhlari tashkil qilinadi.
12. Xalq taʼlimi vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligining 2022 yilda Samarqand shahridagi 59— va 60—son “Nurli maskan” maktablari hududida ushbu muassasalarning cheklangan shtat birliklari doirasida koʻzi ojiz bolalarni maktabga tayyorlash maqsadida maxsus oʻquv dasturlari asosida bir yillik muddatli tayyorlov guruhlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari 2022 yil 1 oktyabrdan boshlab “Nurli maskan” maktablari negizida koʻzi ojiz bolalarni maktabga tayyorlovchi bir yillik muddatli tayyorlov guruhlari faoliyatini tashkil qilsin.
Maktabgacha taʼlim vazirligi (A.Shin) 2022 yil 1 oktyabrga qadar xalqaro tajribani keng oʻrgangan holda, maktabgacha yoshda boʻlgan koʻzi ojiz bolalarni oʻqitish metodikasini ishlab chiqsin va oʻquv dasturlari “Nurli maskan” maktablariga yetkazilishini taʼminlasin.
13. Ichki ishlar vazirligi (P.Bobojonov) Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:
mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan 2022/2023 oʻquv yiliga qadar “Nurli maskan” maktablarini Brayl alifbosidagi tarqatma materiallar va oʻquv qoʻllanmalari bosib chiqarish uchun relyef-nuqtali Brayl printer, portativ taktilli Brayl displeyi, monoblok, qogʻoz kesuvchi va laminator uskunasi kabi kichik bosmaxona uchun zarur uskunalar bilan taʼminlasin;
2022 yil yakuniga qadar “Xavfsiz yoʻl va xavfsiz piyoda” respublika jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Nurli maskan” maktablari hududida “Yoʻl harakati qoidalarini oʻrgatish maxsus maydoncha”lari tashkil etsin hamda koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi bolalar yashaydigan hududlarda ovozli svetoforlar va innovatsion yoʻl belgilarini oʻrnatish choralarini koʻrsin.
14. “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarining shart-sharoitlarini bosqichma-bosqich yaxshilash boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan chora-tadbirlarni soʻzsiz, oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish yuzasidan masʼul rahbarlarga shaxsiy javobgarlik yuklanadi.
15. Xalq taʼlimi vazirligi (B.Saidov), Ichki ishlar vazirligi (B.Bobojonov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib xalq taʼlimi vaziri B.O.Saidov, ichki ishlar vaziri P.R.Bobojonov, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari belgilansin.
Qaror ijrosi uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV