Avval xabar berganimizdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 18 yanvar kuni Jahon banki bosh ijrochi direktori Kristalina Georgiyeva boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi, deya xabar berilmoqda Prezident.uz saytida.
Kristalina Georgiyeva davlatimiz rahbari bilan muloqotdan soʻng Oʻzbekiston ommaviy axborot vositalari vakillariga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va oʻzaro hamkorlik istiqbollari haqidagi fikrlarini bildirdi:
– Oʻzbekistonga mamlakatni oʻzgartirishga siyosiy irodasi kuchli inson rahbarlik qilmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev rivojlanish istiqbolini koʻra bilish qobiliyatiga ega. Oʻylangan barcha maqsadlarga erishishga qalb bilan yondashadi.
Oʻzbekistonda valyuta kursini liberallashtirishga oid siyosat toʻgʻri tanlangani amalda oʻz isbotini topmoqda. Biznes vakillari bu iqtisodiyot va savdoni rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlar ochayotganini taʼkidlamoqda.
Oʻzbekiston Prezidentining maqsadi aholining imkoniyatlari, isteʼdodini roʻyobga chiqarish imkonini beradigan islohotlarni amalga oshirishdan iborat. Yaʼni, odamlar hayotning turli sohalarida oʻz salohiyatlarini toʻla namoyon etsin. Oʻzgarishlarga qaratilgan yuksalish juda muhimdir. Yakuniga yetgan yil esa mamlakatda jiddiy oʻzgarishlar davri boʻldi.
Jahon banki Oʻzbekistondagi faoliyatini salmoqli darajada kengaytirishga tayyor. Biz mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar jiddiy ekaniga ishonamiz va ularni qoʻllab-quvvatlashga tayyormiz. Dunyoda raqobatbardosh boʻlish oson emas, lekin xalq jipslashsa, siyosiy iroda va kelajakka ishonch boʻlsa, bunga erishish mumkin. Men Oʻzbekistonga jahonning eng ilgʻor davlatlari orasida boʻlishini chin dildan tilayman.
Oʻzbekiston Jahon bankining “Biznes yuritish – 2018” (Doing Business 2018) reytingida ishbilarmonlik muhitini yaxshilash borasida jahonning yetakchi oʻnta mamlakati qatoriga kirdi. Mamlakat yuksaldi. Bu oʻzgarishlar ruhini ifodalaydigan yaxshi koʻrsatkichdir.